O‘zbekiston | 09:33 / 12.06.2025
3918
4 daqiqa o‘qiladi

“Tashqi bosim orqali fermerlarni yerdan mahrum qilishga urinish qonunchilikka mutlaqo zid” – Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Urgut tumani hokimi o‘rinbosari Zuhriddin Amonovning “ekishni xohlamagan fermerlar yeri xitoyliklarga berilishi” haqidagi ogohlantiruvi qonunchilikka to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.

Fotokollaj: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Urgut tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalri bo‘yicha o‘rinbosari Zuhriddin Amonovning fermerlarga qarata aytgan “ekishni xohlamaganlar yeri xitoyliklarga beriladi” mazmunidagi ogohlantiruviga munosabat bildirdi. Unda amaldorning gap so‘zlari vazirlik siyosati va prinsiplariga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilingan.

“Birinchidan, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga muvofiq, fermer xo‘jaligi — bu ijara asosida yer uchastkalaridan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subekti hisoblanadi. Shuningdek, mazkur qonunning 22-moddasida fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat organlari, boshqa tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan aralashish taqiqlangani qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Ikkinchidan, Yer kodeksining 24-moddasiga asosan, yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish faqat taraflar o‘zaro kelishuvi asosida yoki sud qaroridan kelib chiqib amalga oshirilishi mumkin. Demak, har qanday tashqi bosim, tahdid yoki majburlash orqali fermerlarni yerdan mahrum qilishga urinish — amaldagi qonunchilikka mutlaqo ziddir.

Uchinchidan, Yer kodeksining 16-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yerlar davlat mulki hisoblanadi. Yer bilan bog‘liq mulkiy munosabatlar qat’iy tartibga solingan bo‘lib, xorijiy fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yerni mulk huquqi asosida berish taqiqlangan. Shu bois, xitoylik fuqarolar yoki kompaniyalarga yer ajratilishi haqidagi bayonotlar asossiz, qonunga zid va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Shuningdek, vazirlik amaldorning videomurojaatida aytilgan ayrim gap-so‘zlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining siyosat va prinsiplariga, shuningdek, mamlakat qonunchiligiga zid ekanini, mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilayotganini bildirgan.

Vazirlik barcha fermer xo‘jaliklari, agrofirma va agroklasterlar uchun tinch, barqaror va qonuniy faoliyat yuritish imkonini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, adolatli va teng munosabatda bo‘lish tamoyillariga qat’iy sodiqligini ta’kidlagan. 

“Barcha fermer va tadbirkorlarni o‘z huquq va manfaatlarini bilishga, noqonuniy aralashuvlarga qarshi qonuniy choralar ko‘rishga chaqiramiz. Bunday holatlar yuz berganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yoki prokuratura organlariga murojaat etishingizni so‘raymiz”, deyiladi munosabatda.

Vazirlik investitsiya jalb etish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish muhim vazifa ekanini, biroq bu jarayonlar faqat ixtiyoriylik, qonuniylik va tenglik tamoyillari asosida amalga oshirilishi shartligini bildirgan

Oldinroq Urgut tumani hokimi o‘rinbosari Zuhriddin Amonov pilla, g‘alla va paxta rejasini bajarmagan, soliqlarni to‘lamagan fermer xo‘jaliklarining yerlari xitoylik investorlarga berilishini aytgandi. U videomurojaatida Xitoydan kelgan investorlar allaqachon hududdagi yerlar bilan tanishtirilayotganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid