Ko‘r-ko‘rona tergov va prokurorning yolg‘oni: Olmazorda ayol kamida 80 kundan beri asossiz hibsda o‘tiribdi
Konstitutsiyada hech kim qonunga asoslanmagan holda qamoqda saqlanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilganiga qaramay firibgarlikda gumonlanayotgan ayol Olmazor tumani prokurorining beparvoligi sabab 1 yoki 2 emas, kamida 80 kundan buyon asossiz qamoqda qolmoqda. Inson huquqlari himoyasiga mas’ul Ombudsman bu boradagi shikoyatni tergov organiga yuborish bilan cheklangan.

Foto: Kun.uz
Qonunchilikda shaxsni qamoqda saqlab turish asoslari va muddatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Hatto mamlakat konstitutsiyasida qamoqda saqlashga faqat sud qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi aniq va tiniq qilib ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo bu qoidalar Olmazor tumani prokuraturasi va tuman ichki ishlar tergovida ochiqchasiga buzilmoqda: firibgarlikda gumonlanayotgan ayol asos bo‘lmagan holda kamida 80 kundan buyon qamoqda ushlab turilibdi.
PS: Maqola ayolning jinoyat sodir qilishda aybi bor yoki yo‘qligi haqida emas, buni sud hal qiladi.
Bir boshidan...
Hammasi fuqaro Nozima Davronovaga nisbatan ikki hududda “delo” ochilib, sanksiya qo‘llanganidan boshlangan. Bu qanday bo‘lgan?
Angren shahar IIBdagi tergov doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining 2024 yil 22 apreldagi ajrimi bilan Nozima Davronovaga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Nozima Davronovaga Olmazor tumanidagi boshqa bir “delo” doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha shu tuman sudining 2024 yil 11 maydagi ajrimi bilan ham sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Firibgarlikda gumonlanayotgan ayol 2024 yil 28 iyul kuni ushlangan hamda Angrendagi jinoyat ishi bo‘yicha tergovga topshirilgan.
Ushbu tergov yakunlanib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudiga oshirilgan va shu sudning 2024 yil 26 dekabrdagi hukmi bilan Nozima Davronovaga 2 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Mazkur ish Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ham ko‘rib chiqilib, 2025 yil 14 maydagi ajrim bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan. Shikoyat yoki protest kelib tushmagani bois apellyatsiya sudida hukmning Nozima Davronovaga oid qismi muhokama qilinmagan.
Olmazorni “xotirjam” qilgan hukm
JIB Ohangaron tuman sudining 2024 yil 26 dekabrdagi hukmida Nozima Davronovaga 2 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jazoni ijro etish va ijrosini nazorat qilish u doimiy ro‘yxatdan o‘tgan Angren shahar IIB zimmasiga yuklatilgan. Ayolga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi bekor qilinib, JIB Olmazor tuman sudining 2024 yil 11 maydagi ajrimiga asosan N.Davranovaga nisbatan boshqa jinoyat ishi bo‘yicha “sirtdan qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi inobatga olingan.
Toshkent viloyat sudi raisining o‘rinbosari - jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Umid Rasulberdiyev Kun.uz’ga tushuntirishicha, ayni shu sana (2024 yil 26 dekabr)da N.Davranova Olmazor tuman IIB TB ixtiyoriga o‘tgan va JIB Olmazor tuman sudining 2024 yil 11 maydagi sirtdan qamoqqa olish haqidagi ajrimi kuchga kirib, muddati o‘ta boshlagan.
Shunga asoslanilsa Nozima Davronovani qamoqda saqlab turish muddati 2025 yil 26 mart kuni tugagan bo‘ladi (maxbusning advokatlari qamoq muddati hukm chiqqan sana - 2024 yil 26 dekabrda tugagan bo‘lishi kerak, deb hisoblamoqda). Ushbu muddat tergov organi tomonidan uzaytirilmagan. Demak, Nozima Davronova 2025 yil 26 martdan boshlab hisoblansa (maqola e’lon qilingan sana – 13 iyungacha) 80 kundan buyon asossiz ravishda qamoqda ushlab turilgan bo‘ladi.
Prokurorning yolg‘oni
Bunga qadar ayolning advokatlari turli idoralarga qamoqda ushlab turishning asossiz ekanini asoslab, uni darhol ozod etilishini so‘ragan holda 40dan ziyod shikoyatlar yo‘llagan. Ammo deyarli barcha arizalar Olmazor prokurori yoki tergovchisiga yuborilavergan.
Shu shikoyatlardan biriga Olmazor tumani prokurori Ahror Axunov nomidan 2025 yil 20 may kuni javob xati berilgan.
Nozima Davronova qanday asos bo‘yicha qamoqda ushlab turilgani haqidagi so‘rovga javoban yozilgan xatda “Chirchiq shahar IIB Tergov bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi N.Davronovaga nisbatan bir nechta ayblov bilan ayblov e’lon qilinib, unga sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan hamda qidiruv e’lon qilingani” haqida gap boradi.
Ammo Nozima Davronovaga nisbatan Chirchiq shahar IIBda hech qanday “delo” qo‘zg‘atilmagan va unga sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanmagan. Buni Chirchiq shahar IIB hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi rasmiy xat bilan tasdiqlagan.
Nozima Davronovaga nisbatan Chirchiq shahar IIBda “delo” qo‘zg‘atilib, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangani Olmazor tumani IIB FMB boshlig‘i o‘rinbosari A.Itolmasovning 2025 yil 29 mart kuni Olmazor tuman prokurori Ahror Axunovga yuborilgan xatida ham keltirilgan. Bu yolg‘onga prokuror Ahror Axunov ham, tuman prokuraturasidagi xodimlar ham ishongan bo‘lsa kerak, xato ma’lumotni advokatga javob xati sifatida berib qutilishgan.
Bu bir inson taqdiriga qay darajada beparvolik bilan munosabatda bo‘linayotgani belgisi bo‘lsa ajab emas.
Tergovchining bahonasi: “Sud ruxsat bermadi”
Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Olmazor tuman prokuraturasida bo‘ldi. Tuman prokurori o‘rinbosari bu holatni “tergov ko‘p bora to‘xtatib turilgani, sababi Angren shahridagi “delo” bo‘yicha ishni ko‘rayotgan apellyatsiya sudi tergov harakatlari olib borish uchun ruxsat bermagani, shu sabab mahbusni tergovga olib kelish imkoni bo‘lmagani” bilan izohladi.
Ammo e’tiborli jihati shundaki, “sud ruxsat bermagani uchun tergov qila olmadik” degan paytda Olmazor IIB tergovchisi Nozima Davronovaga nisbatan tergov harakatlarini davom ettirgan. Jinoyat ishi materiallarining Kun.uz muxbiri guvohi bo‘lgan sahifalaridan birida 2025 yil 15 yanvar kuni (hukm chiqqanidan 22 kun o‘tib) Nozima Davronova Olmazor tuman IIB tergov bo‘limi tergovchisining xizmat xonasida so‘roq qilingan va bu haqida bayonnoma rasmiylashtirilganini ko‘rish mumkin.
“Ruxsat so‘rashga hojat yo‘q edi”
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent viloyat sudi bilan bog‘landi. Viloyat sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Umid Rasulberdiyevning izohlashicha, apellyatsiyada hukmning Nozima Davronovaga oid qismi muhokama qilinmagan. Shu sababli Nozima Davronova 2024 yil 26 dekabrdan boshlab unga nisbatan qo‘llangan ikkinchi sanksiyaga doirasida Olmazor tumani IIB ixtiyoriga o‘tgan. “Mahbusni tergovga jalb etish tartib-qoidalari qonunlarda aniq tiniq belgilab qo‘yilgan, tergovchi vakolatlari doirasida protsessual harakatlarni amalga oshirishi kerak edi, Davronova bilan tergov harakatlari olib borilishi uchun bizdan ruxsat so‘rashga hojat ham bo‘lmagan” deya fikrlarini yakunladi Umid Rasulberdiyev.
“Pochtalon” Ombudsman
Nozima Davronovaning qamoqda asossiz ushlab turilgani haqida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va ombudsmanga murojaatlar jo‘natilgan.
Asosiy vazifalaridan biri ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etilganlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘lgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili - ombudsman o‘ziga jo‘natilgan murojaatni hatto o‘qib ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Chunki murojaat ayolning asossiz ushlab turilgani haqida bo‘lsa-da “tergov jarayonidan norozi bo‘lib yozgan murojaati” deya uni Bosh prokuraturaga koptok qilib “tepib yuborgan”.
“Ajrimni mendan so‘ramang”
IIV huzuridagi JIEDga qarashli markaziy tergov hibsxona boshlig‘i Eshqobil Dusanov advokatning Nozima Davronova qamoqda asossiz ushlab turilgani haqidagi murojaatiga qisqa va lo‘nda qilib shunaqa mazmunda javob bergan:
“Markaziy tergov hibsxonasida saqlanishiga asos bo‘lgan ajrim nusxasini olish masalasida N.Davronovaga oid jinoyat ishini yuritayotgan tergov yoki sud organiga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi”.
“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 53-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud qarori, shuningdek, ushlab turish yoki qamoqda saqlashning Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan muddati tugashi ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqdan ozod qilishga asos bo‘ladi.
Mazkur qonunning 54-moddasiga muvofiq, qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turish muddati tugashidan 12 soat oldin va qamoqda saqlash muddati tugashidan 7 sutka oldin bu haqda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsni yoki organni, shuningdek, prokurorni yozma shaklda xabardor qilishi shart. Agar ushlab turish yoki qamoqda saqlashning Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan muddatlari tugaganidan keyin ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni ozod qilish, ushlab turish muddatini uzaytirish, ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoxud qamoqda saqlash muddatini uzaytirish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoxud sudning qarori kelib tushmagan bo‘lsa, qamoqda saqlash joylarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchi prokuror yoxud qamoqda saqlash joyining boshlig‘i ushlab turilganni yoki qamoqqa olinganni o‘z qarori bilan darhol ozod qiladi.
Nozima Davronovani qamoqda saqlab turish muddati kunlar emas, oylar o‘tib ketgan. Biroq markaziy tergov hibsxona boshlig‘i Eshqobil Dusanov na qamoqda saqlash muddati tugashidan 7 sutka oldin bu haqda tegishli organni yozma shaklda xabardor etgan, na biror asos kelib tushmagani ortidan uni o‘z qarori bilan ozod qilgan.
Kimdir nazoratga oladimi?
Nozima Davronovaning qonunlar emas, tergovchi, prokuror yoki uning o‘rinbosarining “ichki tuyg‘ulari” asosida 80 kundan buyon qamoqda saqlab turilishi kichik masala emas. Bu keys ortida insonning erki, shaxsiy hayoti daxlsizligi turibdi. Shu sababli bunga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning harakati yoki harakatsizligiga huquqiy baho berilishi zarur. Yo‘qsa bu boshqa insonlar taqdirida ham takrorlanishi mumkin.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid

23:05 / 13.06.2025
O‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanayotgan fuqaro Toshkent aeroportida ushlandi

19:30 / 11.06.2025
O‘zbekistonda rossiyaliklarni aldash bilan shug‘ullangan koll-markaz yopildi

22:58 / 07.06.2025
Turkiyada sayyohlarning kartasidan 29 mln dollar o‘g‘irlagan guruh a’zolari ushlandi

16:03 / 07.06.2025