O‘zbekiston o‘zi bilan bir xil reytingga ega davlatlardan qonun ustuvorligi borasida ortda qolmoqda - Moody’s
S&P xalqaro agentligi ortidan, Moody’s ham O‘zbekistonning suveren reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Agentlik O‘zbekistonga Ba3 suveren reytingini berarkan, mamlakat xuddi shunday reytingga ega boshqa davlatlardan ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda ortda qolayotganini qayd etdi.

Foto: Kun.uz
Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren reytingini Ba3 darajasida tasdiqlab, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.
O‘tgan oyda S&P xalqaro reyting agentligi ham O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmani ilk bor “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgandi.
Moody’s 13 iyun kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra, agar O‘zbekiston hukumatining joriy islohotlari samarali amalga oshirilsa, vaqt o‘tishi bilan mamlakatdagi institutlarning sifati oshishi mumkin.
“Hukumatning xususiylashtirish dasturi ham, agar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, o‘sish tendensiyasini oshirishi mumkin. Bu islohotlar, fiskal ehtiyotkorlik bilan birgalikda, o‘rta istiqbolda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashi va mamlakatning o‘sish salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga imkon berishi mumkin.
Ba3 reytingining berilishi – O‘zbekistonning nisbatan diversifikatsiyalangan iqtisodiyotini, qulay demografik ko‘rsatkichlarga ega mustahkam o‘sish istiqbollarini va qarz yukining o‘rtacha darajada ekanini (asosan imtiyozli shartlarda olingan) aks ettiradi. Biroq bu kuchli jihatlar kishi boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning pastligi va raqobatbardoshlikning yetarli emasligi, institutsional zaiflik (yaxshilanib borayotgan bo‘lsa-da), shuningdek, mo‘tadil siyosiy xatarlar bilan muvozanatlashgan”, – deyiladi agentlik axborotida.
Ijobiy kutilma uchun asoslar
Moody’s O‘zbekiston suveren reytingida kutilmani “ijobiy”ga o‘zgartirish uchun asos bo‘lgan omillar qatorida quyidagilarni sanab o‘tgan:
- Boshqaruvni yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. 2024 yil holatiga, kuzatuv kengashlaridagi mustaqil a’zolar ulushi davlat korxonalarida 25 foiz, davlat banklarida 40 foizni tashkil etgan.
- Korrupsiyani tiyish uchun “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan. Davlat xizmatchilarining aktivlarini deklaratsiyalash va korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda. Ma’lumotlarni ochiqlash va shaffoflik yo‘nalishida ham ijobiy qadamlar tashlangan.
- 2024 va 2025 yillarda narxlarning sezilarli oshishiga olib kelgan energetika islohoti hukumatning bundan-da murakkab islohotlarni amalga oshira olish salohiyati va qat’iy niyatini ko‘rsatadi. Bu islohotlar 2027-2028 yillarga borib elektr energiyasi va gaz ta’minoti o‘zini o‘zi qoplash darajasiga yetishiga qaratilgan.
Xalqaro agentlik davlat korxonalarini muvaffaqiyatli xususiylashtirish iqtisodiy samaradorlik va raqobatni oshirishini qayd etgan.
“Biz xususiylashtirish sur’ati pastligicha qolishini, jarayon bosqichma-bosqich bo‘lishini taxmin qilyapmiz, chunki murakkab tashqi sharoitlar va AQShning savdo siyosati atrofidagi global noaniqlik munosib strategik investorlarning qiziqishini kamaytirishi mumkin. Davlat korxonalarining korporativ boshqaruvi va operatsion samaradorligini oshirish ham xususiylashtirishni kechiktirishi mumkin”, – deya qayd etgan tahlilchilar.
Tasdiqlangan reyting uchun asoslar
Moody’s O‘zbekistonga Ba3 reytingi berganini ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va nisbatan past qarz yuki bilan izohlagan.
“Davlat qarzining asosiy qismi xorijiy valutada bo‘lsa-da, qarzlarning katta qismi imtiyozli ekani tufayli davlatning yangi qarz olish uchun imkoniyatlari juda yuqori.
Shu bilan birga, keng ma’nodagi davlat qarzi – davlat korxonalari tomonidan davlat kafolatisiz olingan qarzlar va hukumatning davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha majburiyatlari oshib bormoqda. So‘nggi yillarda yirik davlat korxonalari moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va ehtimoliy xususiylashtirish oldidan bozor beradigan bahoni aniqlash asnosida, tashqi moliyaviy mablag‘larni jalb qilishni ko‘paytirdi. DXSh majburiyatlari 2024 yilda YaIMning 27 foiziga yetdi, bu majburiyatlar asosan energetika va infratuzilma loyihalari bilan bog‘liq. Biz keng ma’nodagi davlat qarzi keyingi 2-3 yilda o‘sib borishini va shartli javobgarlik xavfi yuzaga kelishini taxmin qilyapmiz.
Shu bilan birga, hukumat davlat korxonalari va DXShlardan kelib chiqadigan shartli majburiyatlar uchun risklarni baholash tizimini takomillashtirishni davom ettirmoqda. Masalan, yaqinda 2025 yilda yangi DXSh loyihalari bo‘yicha davlat oladigan majburiyatlar qiymati 6,5 mlrd AQSh dollaridan oshmasligi e’lon qilindi. Bundan tashqari, barcha davlat korxonalaridan tashqi moliyalashtirish uchun hukumat ruxsatini olishi talab etilmoqda, bu esa xorijiy valutadagi majburiyatlarning tez o‘sishini mo‘tadillashtirishga yordam beradi. O‘sib borayotgan shartli javobgarlik xavfi qisman mamlakatning suveren boylik fondi – Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidagi muhim aktivlar hisobidan yumshatiladi”, – deyiladi hisobotda.
Qayd etilishicha, Ba3 reytingi – O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromadning pastligi, mamlakatning raqobatdoshliligi yetarli emasligi va institutlarning zaifligini ham aks ettiradi.
“Masalan, yuqori darajadagi dollarlashuv, banklararo bozor operatsiyalarining cheklangani va ichki kapital bozorlarining sayozligi – pul-kredit siyosatining transmissiya mexanizmini cheklab turadi. Institutsional va boshqaruv ko‘rsatkichlari biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda xuddi shunday Ba3 reytingiga ega mamlakatlardan ortda qolishda davom etmoqda.
Reyting, shuningdek, yirik davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha yanada murakkab islohotlar qandaydir iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha siyosiy xavfni ham ko‘rsatadi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan taraqqiyotni susaytirishi va biznes muhitidagi noaniqlikni oshirishi mumkin.
Xalqaro jabhada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi hamda Rossiyaning Yevropa va MDHdagi ta’sirining potensial kengayishi geosiyosiy xavfni oshirib, Markaziy Osiyo va undan tashqarida siyosiy ittifoqlarning o‘zgarishi ehtimolarini o‘rtaga chiqardi. O‘zbekiston, Rossiya bilan mustahkam aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, mojaro boshlanganidan beri neytral pozitsiyani egallashga intildi”, – deya ta’kidlagan xalqaro kuzatuvchilar.
Reytingni oshirish yoki tushirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar
Moody’s tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekistondagi islohotlar siyosiy samaradorlik va institutlar sifatining oshishiga olib keladi degan ishonch kuchaysa, mamlakatning suveren reytingi oshirilishi mumkin.
Iqtisodiyotda raqobat muhitining kuchayishi, davlat ishtirokidagi yirik kompaniyalar va banklarning xususiylashtirilishi, shu bilan birga fiskal barqarorlik saqlanib, ijtimoiy xarajatlar keskin oshishining oldini olish ham suveren reytingni oshirishga xizmat qiladi.
Kutilma “ijobiy” deb tasdiqlangani bois, O‘zbekistonning suveren reytingi yaqin kelajakda pasayishi ehtimoli juda kam. Agar iqtisodiy islohotlardan jiddiy og‘ish kuzatilsa, Moody’s O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”dan “barqaror”ga qaytarishi mumkin. Bunday og‘ish ichki siyosiy yoki ijtimoiy bosimlar bilan bog‘liq ravishda kelib chiqishi mumkin.
Reytingni pasaytirishga undovchi omillardan yana biri – davlat kompaniyalari va DXSh majburiyatlari bo‘yicha fiskal muammolarning yuzaga kelishi ehtimoli bilan bog‘liq. Risk uyg‘otishi mumkin bo‘lgan tashqi omillar qanday shaklda bo‘lishi mumkinligini esa oldindan aytib bo‘lmaydi.
Mavzuga oid

12:34 / 12.06.2025
Hukumat qarori: Propiskasi yo‘qlar Toshkentda taksichilik qilolmaydi

15:52 / 10.06.2025
Britaniya moliya tashkiloti O‘zbekistondagi xususiylashtirish loyihalarida ishtirok etadi

23:10 / 09.06.2025
O‘zbekiston Mobiuz kompaniyasini xalqaro sotuvga qo‘ydi

10:21 / 08.06.2025