“2000-yillar boshidagi daraja” – plastik karta egalari kartalarni yoptirishda byurokratiyaga duch kelyapti
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun milliy valutadagi kartalar soniga cheklov qo‘yilgani sabab, limitdan oshib ketgan fuqarolar yangi karta ochishda muammoga uchrayapti. Ayrim banklarda ariza shakli yo‘q, ayrimlarida xodimlar karta qanday yopilishini bilmaydi, ariza olib qolgan ba’zi banklardan esa darak bo‘lmaydi: mijoz kartasi yopildimi-yo‘qmi bilmaydi. Kun.uz bu boradagi vaziyatni o‘rgandi.

Foto: Kun.uz
O‘zbekiston Markaziy banki firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida bir shaxsda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soniga cheklov joriy qilgan. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha jismoniy shaxslarning nomidagi milliy valutada ochilgan kartalar soni bir vaqtning o‘zida 20 tadan oshmasligi kerak (bunga virtual kartalar ham kiradi). Agar limit to‘lgan bo‘lsa, fuqaro yangi karta ochtirish uchun amaldagi hisobvaraqlaridan kamida bittasini yopishi kerak.
Regulyatorning qayd etishicha, bu masala qonunchilik darajasida hal etilmagan va shu sababli ba’zi fuqarolar 100 dan ortiq kartaga ega bo‘lgan holatlar mavjud. Bu – firibgarlik holatlariga yo‘l ochyapti.
Yangi tartib firibgarlik jinoyatlarini qanchalik kamaytirgani ma’lum emas. Shunisi ma’lumki, bu – firibgar bo‘lmagan oddiy odamlar uchun muammo tug‘diryapti. Chunki bank kartasini yoptirish – hamma banklarda ham oson jarayon emas.
Mijozlar kartasini mobil ilova orqali onlayn bloklashi mumkin, lekin bu bilan ish bitmaydi: hisobraqamni ham butkul yoptirish kerak. Bu esa, Kun.uz suhbatdoshlariga ko‘ra, byurokratiya va ovoragarchilik degani.
Muammo davlat banklarida ko‘proq bo‘lishi mumkin
Kasbi dasturchi bo‘lgan va ilgari bankda ishlagani uchun testdan o‘tkazib ko‘rish maqsadida ko‘plab kartalar ochgan Javohir o‘nga yaqin banklar bilan bo‘lgan tajribasini Kun.uz'ga aytib berdi.
— Ish davomida test qilib ko‘rish uchun ko‘p karta ochganman, ular turli banklarning virtual kartalari. Mart oyida yangi ishga o‘tganimda, oylik karta chiqarib bo‘lmadi. Sababi 20 tadan ko‘p kartam mavjud ekan. Keyin Telegram'dagi @CardXabarBot va @HUMOCardBot orqali kartalarim sonini ko‘rdim, qaysi bankda nechtadan ochilganiga qarab yopishni boshladim.
1. Onlayn yopishga harakat qilib ko‘rdim. Qaysi bank koll-markaziga telefon qilsam, bank filialiga boring, degan javobni oldim. Faqatgina TBC'da onlayn yopishning imkoni bo‘ldi.
2. Banklarga borishni boshladim. Ipak yo‘li bank, Aloqabank, Kapitalbank va KDB bankida muammosiz, ariza bilan yopa oldim.
3. Ikkita davlat bankida esa muammoli holat bo‘ldi (Kun.uz ularning nomlarini keltirmayapti – tahr.): filialga borsam: “Bu karta bizda ochilmagan, bu filialga boring, bizda ko‘rinmayapti” deyishdi (virtual kartaligiga qaramay). Koll-markaziga telefon qilganimda, kartani yopib bo‘lmasligini, kartaning amal qilish muddati tugasa avtomatik o‘zi yopilishini aytdi. Lekin amal qilish muddati tugaganda hisobraqam avtomatik yopilmaydi. Yopa olishmayotgani haqida portalga chiqdim. Keyin qayta aloqaga chiqishdi va markaziy ofisiga borib ariza berishimni so‘rashdi, bu esa noqulay edi. Bormadim, bankda karta yoptirishga xohishim ham, vaqtim ham yo‘q.
Qolgan ishlatmayotgan kartalarimni shunchaki blok qildim. MBning talabi bilan 1 yil aktiv bo‘lmagan kartalar avtomatik bank tomonidan yopilishi kerak, ko‘ramiz yopilarmikin.
“Asabbuzarlik, ancha vaqt ketadigan ish”
Yana bir respondent Sherzod Qodir ham shunday muammoga duch kelgan.
— Infinbankdan kredit karta ochmoqchi bo‘lib onlayn ariza bersam, kredit tasdiqlandi-yu, lekin “sizda Markaziy bankning yangi qaroriga ko‘ra kartalaringiz belgilangan limitdan, ya’ni 20 tadan ko‘p ekan” deb, karta chiqarib berolmaymiz deyishdi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Ularga kartalarim soni 35 ta ekani ko‘rinarkan. Shularni yoptirsangiz, keyin yangi karta ocha olasiz, deyishdi. Ko‘pi onlayn virtual kartalar edi, lekin baribir yoptirish kerak ekan.
Avvaliga hammasini blokladim, lekin bloklash yetarli emas ekan, butunlay yopish kerak ekan. Shundan keyin banklarga bittalab qo‘ng‘iroq qildim, mobil ilovalaridan chatlariga yozdim. Bildimki, hech bir bank masofadan bu xizmatni ko‘rsatmas ekan. Bankka shaxsan borasiz deyishdi. Faqat TBC bank bilan Anorbank masofadan ariza olib qoldi, lekin bu arizani ko‘rib chiqish kamida 30 ish kuni ekan (lekin har qanday murojaatlar 15 ish kunida ko‘rib chiqilishi kerak, buni aytsam TBC bank bu o‘zining ichki qoidasi ekanini aytdi). Qayta-qayta talab qilsam ham, bu o‘zgarmadi.
Boshqa banklar esa karta virtual onlayn ochilgan bo‘lsa, asosiy ofisga borishimni aytdi. Borib kartani yoptirmoqchiligimni aytdim, ular yopilishi kerak bo‘lgan karta raqamlari bilan qog‘ozga ariza yozdirishdi. Ariza bo‘lim rahbari nomiga yozildi. Shunday qilib har bitta bankka shaxsan borib ariza yozib keldim. Keyin bu arizalar asosida ba’zilari yopildi, ba’zilari hali ham arizaga javob bermadi. Oxir-oqibat 20 tadan kamaytirishga muvaffaq bo‘ldim. Lekin bu asabbuzarlik, ancha vaqt ketadigan ish. Chunki ko‘p banklarning bosh ofislarini topib borish kerak. U yerga borgan bilan katta navbat bo‘ladi.
Xullas, eski paytlardek bank byurokratiyasidan sabr bilan o‘tish kerak. Lekin karta ochishga kelganda juda oson qilib qo‘yishgan: masofaviy idenfikatsiyadan o‘tib, hatto chet elda yashab juda ko‘p kartalarni tezda ocha olganman. Lekin yopishga kelganda mana shunaqa sarguzashtlar.
“Ko‘plab banklarda xodimlar karta qanday yopilishini bilmaydi”
Sherzod Qodirning so‘zlariga ko‘ra, xorij amaliyotida telefon orqali shaxsni tasdiqlash kifoya, kartani masofadan yoptirish imkoni bor. U Markaziy bank o‘sha qarorni chiqarayotganda real amaliyotda bu qanday ishlashi borasida o‘ylab ko‘rmagan, degan fikrda. Chunki u aksar bank xodimlari kartani yopish jarayoni haqida bilmasligiga guvoh bo‘lgan.
“Yopish uchun ariza yozilib, ular buxgalteriya balansiga kiritilishi kerak ekan. Onlayn yopishni aksar banklar hatto o‘ylab ham ko‘rmagan. 20 tadan ko‘p karta bo‘lmasin degan cheklov kiritilishidan oldin yoptirishni ham karta ochishdek oson qilib qo‘yish kerak emasmi?” deydi u.
Cheklovlar samara beryaptimi?
Iqtisodchi, Humo to‘lov tizimining sobiq rahbari Shuhrat Qurbonov ham LinkedIn'dagi sahifasida kartalarini yoptirishda muammoga duch kelganini yozib, mijozlarni tizimga ulash bo‘yicha hamma narsa raqamlashtirilgan, ammo ulardan uzish, ya’ni hisobni yopish ishlari hanuz 2000-yillar boshidagi darajada qolganini ta’kidladi.
“Qiziq tomoni shundaki, bu cheklov faqat mahalliy kartalarga taalluqli bo‘ldi, xalqaro to‘lov tizimlari kartalari esa bu tartibga tushmadi. Albatta, bu choralar firibgarlarga, aniqrog‘i, firibgarlar bilan ishlaydigan “dropper”larga qarshi kurashish uchun kiritildi. Ular firibgarlarning noqonuniy ishlarida yordam berishadi.
Xullas, shunaqa bo‘lib qoldiki (ishim shunaqa edi), mening nomimda taxminan 35 ta karta bor edi. Ularning aksariyatini o‘zim allaqachon bloklaganman. Endi qolganlarini ham xuddi shunday qilib, bloklab chiqishga qaror qildim. Humo Telegram botida bunday imkoniyat bor. Shunday qilib, hozirda menda 12 ta karta qoldi.
Biroq vaziyatning “ajoyib” tomoni shundaki, shunchaki kartani bloklash yetarli emas ekan. Kartani butunlay yopish kerak, ya’ni hisobi bilan birga. Buning uchun esa… bankka borish kerak. Ko‘pchilik banklar mijozning shaxsan borib, ariza yozishini talab qiladi”, deya yozdi Qurbonov.
Ekspertning aytishicha, banklar mijozlarni jalb qilishdan manfaatdor, ularning ketishi esa og‘riqli bo‘lishi tushunarli, lekin kartalar soniga cheklov qo‘yish choralari firibgarlikni kamaytirishga yordam berdimi-yo‘qmi, bu aniq emas.
“Balki bu cheklovlar samara bermayotgandir. Qiziq bo‘lishi uchun statistikani ko‘rish kerak edi, axir allaqachon ikki davlat bizning tajribamizga tayangan holda shunaqa cheklovlarni joriy etishga qaror qilgan”, – deydi Shuhrat Qurbonov.
Uning posti ostida ayni muammo bilan yuzlashgan boshqa odamlar ham o‘z tajribalari bilan bo‘lishgan.
Aleksey Ivanov: “Yaqinda bir tadqiqot doirasida kartalarni yopishimizga to‘g‘ri keldi. Buning uchun bank filiallariga shaxsan borish va “karta yo‘qolgan (o‘g‘irlangan) yoki shikastlangan” degan arizani to‘ldirishga majbur bo‘ldik. Oddiy, ixtiyoriy tarzda kartani yopish uchun ariza shakli esa umuman yo‘q edi. Bir safar esa hattoki bank xodimining noroziligi bilan ham to‘qnash keldik, u: “Karta o‘yinchoq emas, uni xohlagan paytda ochib-yopib bo‘lmaydi”, dedi.
Dmitriy Saava: “Bu choraning samaradorligini o‘lchaydigan eng yaxshi ko‘rsatkich – qorabozordagi “dropper” akkauntining narxi. Agar narx oshsa – demak, choralar ishlayapti. Agar narx tushsa – demak ishlamayapti. Axborot xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi tanishlarimning aytishicha, so‘nggi bir yil ichida bu narx tushgan.
Ikkinchidan, “Second order consequences”, ya’ni harakatning ikkilamchi ta’siri – bu possovet hududlaridagi davlat regulyatorlarining kuchli tomoni emas. O‘zbekistonda esa – bundan ham battar… Yaxshi tomoni shundaki, siz kabi insonlar bor, ya’ni davlat va moliyaviy sektor o‘rtasida ko‘prik bo‘la oladigan odamlar. Chunki aslida xususiy biznesdan davlatga normal teskari aloqa yo‘llari juda kam”.
Doniyor Karimov: “Menda ham xuddi shunaqa holat bo‘lgan. Menda 40 tadan ortiq bank kartasi bor edi, ularni yopish uchun esa har bir bankka shaxsan borib, ariza yozishimga to‘g‘ri keldi. Eng qizig‘i – bank xodimlari faqat kartalarni yopishdi, ammo hisoblar ochiq qolaverdi. Men ularga tushuntirdim: nafaqat kartani, balki hisobni ham butunlay yopish kerak, deb. Lekin ular bu narsani tushunmadi, baribir yopildi deb aytishdi.
Oxiri men maxsus portal orqali murojaat yozishga majbur bo‘ldim – kartalar bilan birga hisoblarni ham to‘liq yopishni talab qilib. Faqat shundan keyin banklar tezda javob bera boshladi va yopishga kirishdi.
Lekin endi boshqa savol tug‘iladi: haqiqatan ham hammasi yopildimi? Buni aniqlash juda qiyin – eng oddiy yo‘li qolgan kartalar sonini ko‘rib turish, lekin bu ham har doim yordam bermaydi. Chunki mavjud kartalar sonini mustaqil aniqlash imkoni yo‘q. Ishonch hosil qilish uchun bankka murojaat qilib, yopilmagan kartalar soni haqida rasmiy ma’lumot so‘rash kerak bo‘ladi.
Dropperlar kimlar va Markaziy bank nega ularga qarshi kurashyapti?
Dropper bu – firibgarlar uchun oraliq odam. Ular o‘z nomiga bank kartalari yoki hisoblar ochib, foydalanish uchun firibgarlarga beradi. Ya’ni dropperlar – firibgarlik sxemasining muhim bo‘g‘ini. Ular turli banklardan o‘nlab kartalar ochadi va ularni firibgarlarga sotadi.
Firibgarlar soxta onlayn do‘konlar, investitsiya sxemalari, fishing va boshqa yo‘llar bilan odamlarni aldab, ularning pulini shu droplar kartasiga o‘tkazadi. Keyin pulni naqdlashtiradi yoki xorijga jo‘natadi.
Nega dropper bo‘lishadi? Bu ishni ishsizlar yoki moliyaviy qiyin ahvoldagi odamlar qilishi aytiladi. Firibgarlar ularni ham aldaydi: “shunchaki karta kerak”, “biznes uchun” deyishadi. Ba’zi dropperlar esa ataylab bu ishga kirishadi, pul evaziga. Shu sababli Markaziy bank bitta odam nomiga ochilgan kartalar sonini cheklamoqda.
Avvalroq naqdsiz to‘lovlar bo‘yicha mutaxassis Ahror Mahmudov Markaziy bank bu cheklov orqali firibgarlikka qarsh kurashishdek ezgu maqsad qo‘ygan bo‘lsa-da, bunday choralar ko‘plab iqtisodiy, ijtimoiy va biznes tizimlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin, degan fikrni bildirgandi.
Kun.uz Markaziy bank matbuot xizmatiga bir nechta savollar yubordi:
- Bankdagi kartasini yopish niyatidagi jismoniy shaxslar qanday huquqlarga, banklar qanday majburiyatlarga ega? Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqilishi kerak? Bankda arizadagi so‘rov bajarilgani haqida fuqaroga xabar berish majburiyati bormi?
- Kartalarni yopishni osonlashtirish choralari ko‘riladimi?
- Vaqtinchalik chora ishga tushgan 1 yanvardan to bugungi kungacha uning samarasi sezildimi? Bu nimalarda ko‘rindi?
Madina Ochilova,
Kun.uz
Mavzuga oid

21:03 / 14.06.2025
O‘zbekistonda nasiya savdo. Bir yilda bo‘lib to‘lash 1,5 barobargacha qimmatga tushadi

13:17 / 12.06.2025
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

15:34 / 10.06.2025
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 50 mlrd dollarga yetdi

17:35 / 04.06.2025