Jahon | 13:18 / 14.06.2025
944
2 daqiqa o‘qiladi

YeI ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoyani 2027 yil martigacha uzaytirdi

Belgilangan muddatning uzaytirilishi Ukrainadan ko‘chirilgan odamlarga signaldir, deyiladi Yevropa kengashi bayonotida. Hujjatda ukrainaliklarning Yevropa Ittifoqi davlatlaridan boshpana so‘rashi shart emasligi tushuntirilgan.

Foto: Arafatul Islam/DW

Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiya agressiyasidan qochgan 4 milliondan ortiq ukrainaliklarning vaqtinchalik himoyasini 2027 yil 4 martgacha uzaytirish taklifini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda kengashning 13 iyun, juma kuni chop etilgan press-relizida ma’lum qilindi.

«Rossiya Ukraina fuqarolarini pala-partish havo hujumlari bilan qo‘rqitishda davom etar ekan, Yevropa Ittifoqi Ukraina xalqi bilan birdamlik ko‘rsatishda davom etmoqda. Biz yana bir yil davomida millionlab ukrainalik qochqinlarni himoya qilamiz. Polsha raisligi ham vaqtinchalik himoyani adolatli tinchlik o‘rnatilganidan so‘ng bosqichma-bosqich tugatish strategiyasi bo‘yicha munozaralarni boshlab yuborgan», dedi Polsha ichki ishlar vaziri Tomash Semonyak.

2022 yilning mart oyidan beri Yevropa Ittifoqi Ukrainadan kelgan 4 milliondan ortiq qochqinlarni vaqtinchalik himoya qilish direktivasiga muvofiq boshpana bilan ta’minlab kelmoqda. U 2026 yil 4 martda tugashi kerak edi, ammo endi 2027 yil 4 martgacha uzaytirildi.

Vaqtinchalik himoya tizimi milliy boshpana tizimlariga yukni kamaytiradi, chunki bunday himoyaga ega bo‘lgan shaxslar boshpana so‘rab shaxsiy ariza topshirishi shart emas. Belgilangan muddatning 2027 yilning martigacha uzaytirilishi ukrainaliklarga boshpana so‘rashga hojat yo‘qligidan dalolat beradi, deyiladi Yevropa Ittifoqi press-relizida.

Uzaytirish 2022 yil mart oyidagi qarorning vaqtinchalik himoyaga ega bo‘lgan shaxslar toifalari va ularga berilgan huquqlar bo‘yicha shartlarini o‘zgartirmaydi.

Mavzuga oid