«Bolalar o‘limi eng og‘riqli joyimiz» - YHXX boshlig‘i bolalar qatnashgan YTHlar va statistika haqida
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan YTHlar bilan bog‘liq raqamlar aksar hollarda yopiq qolayotgani haqidagi savolga javoban raqamlarni «kerakli vaqtlarda» hisobot majlislarida e’lon qilib borayotganini aytdi. «Bolalar o‘limi — bizning eng og‘riqli joyimiz. Har bitta mana shunday yo‘l-transport hodisasini eshitsak, o‘zimizni qo‘yarga joy topa olmaymiz», dedi YHXX boshlig‘i.

13 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etilib, matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan YTHlar, ayniqsa, bolalar bo‘yicha YTHlar raqamlari aksar hollarda yopiq qolayotgani ko‘tarildi. YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov bunga javoban idora bunday raqamlarni «kerakli vaqtlarda» hisobot majlislarida e’lon qilib borayotganini aytdi.
«Statistik ma’lumotlar o‘zingiz nomi bilan aytib turibsiz, statistika bo‘yicha shug‘ullanadigan tashkilotlarda bo‘ladi. Aynan bizda yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar haqida kerakli vaqtlarda, Oliy Majlisda bo‘ladigan hisobotlarimizda yoki qaysidir hisobot berish shaklidagi yig‘ilishlarimizda aytyapmiz, foizlarda ko‘rsatyapmiz. Bu bo‘yicha bugungi kunda hech bir masala ko‘rayotganimiz yo‘q. Juda ko‘p OAVlar: Kun.uz, Gazeta.uz yoki Qalampir.uz vakillari bilan bevosita yoki bilvosita ish tashkillashtirilgan. Ular bizga xatlar bilan chiqyapti statistikadan foydalanish yoki boshqa masalalarda. Dialog qo‘yilgan, o‘rtada hamkorlik bor va bu bo‘yicha hech qanday masala yo‘q», - deydi YHXX boshlig‘i.
Sherzod Ibragimov statistik raqamlarni muntazam e’lon qilib borishni yo‘lga qo‘yish haqidagi jurnalistlar savoliga javoban «biz bilan bog‘liq va e’lon qilinishi lozim bo‘lgan statistika belgilangan tartibda e’lon qilinayotgani»ni ta’kidladi.
Shuningdek, matbuot anjumanida YHXX rahbaridan bolalar o‘limi bilan bog‘liq YTH videolari tez-tez tarqalayotgan bo‘lsa-da, bunday holatlar yuzasidan ham statistika ochiqlanmayotgani sababi so‘raldi.
«Bolalar o‘limi — eng og‘riqli joyimiz desak ham bo‘ladi. Har bitta mana shunday yo‘l-transport hodisasini eshitsak, o‘zimizni qo‘yarga joy topa olmaymiz. Bu bo‘yicha alohida xonalar, alohida yo‘l xaritalari belgilab berilgan. Bolalar o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha omillar tahlil qilib chiqilgan. Bu o‘sha maktablar oldi, maktabdan chiqib farzandlarimiz toki uyigacha boradigan marshrutlarning barchasi tahlil qilib chiqilgan. Kuni kecha bolalar ombudsmani vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdik. Bu bo‘yicha mavjud muammolar va bartaraf qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni gaplashib oldik», - deydi u.
Shundan so‘ng OAV vakillari yana bir statistik ma’lumotlar ochiqlanmayotganini eslatdi.
«Bolalar o‘limi kamayishi yoki aynan raqamlar masalasi qiziqtiradigan bo‘lsa, ushbu raqamlarning hammasi mavjud. Statistika boshqarmalarida ham mavjud. Bolalar o‘limining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlarimiz ham mavjud. Bular bo‘yicha hozir oldimizda [ma’lumotlar] yo‘q. Lekin bevosita kelib, bu masala bo‘yicha yordam ko‘rsatib, shuning oldini olish maqsadida ishlar tashkillashtirish uchun bizda hech qanday cheklov yoki eshiklarimiz yopiqmas», - deya YHXX boshlig‘i Ibragimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.