Jahon | 14:13
12256
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eron mudofaa vazirligi binosiga va Tehrondagi asosiy neft omboriga hujum qildi

Foto: Videodan kadr

Isroil qiruvchi samolyotlari 15 iyunga o‘tar kechasi Tehrondagi Shahron neft saqlash bazasiga hamda Eron mudofaa vazirligi binosiga aviazarbalar yo‘lladi, deb xabar bermoqda Tasnim agentligi.

Hujum nishoni mudofaa vazirligi shtab-kvartirasi bo‘lgan. Agentlik muxbirining ma’lum qilishicha, vazirlikning ofis binolaridan biriga biroz zarar yetgan.

Bundan tashqari, Isroil hujumi oqibatida Tehronning asosiy yoqilg‘i ombori – Shahron neft omborida yong‘in sodir bo‘ldi, deb yozadi The New York Times. Guvohning nashrga aytishicha, portlash zilzilani eslatgan.

Tasnim nashri yozishicha, neft omboriga hujum oqibatida ikkita yoqilg‘i saqlash rezervuari yonib ketgan. Eron neft vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar yong‘inni nazoratga olgan, fuqarolar uchun xavf yo‘q.

Shuningdek, Tehron neftni qayta ishlash zavodida ham yong‘in chiqqani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, ammo Eron hukumati buni rad etdi.

Isroil 13 iyun kuni Eronga zarba berishni boshladi. Dastlab Isroil harbiylari Eronning yadroviy obektlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va harbiy obektlariga hujum qildi. Ammo 14 iyun kuni Isroil energetika sanoatiga hujum boshladi va Tehronning asosiy gaz omboriga zarbalar berdi.

Isroil harbiylariga ko‘ra, ikki kun ichida Eronga 150 ga yaqin zarba berilgan, Eron qo‘shinlari esa Isroil hududiga 200 dan ortiq ballistik raketalar, shuningdek, o‘nlab dronlar uchirgan, deb yozadi The New York Times.

Eron 13 iyun kuni Isroil zarbalari oqibatida 78 kishi halok bo‘lganini xabar qildi, 14 iyun kuni Tehrondagi 14 qavatli turar joy binosiga raketa tushganida kamida 60 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi, deb yozadi Reuters. Isroilda Eron zarbalari oqibatida kamida 11 qurbon bor, ularning aksariyati 15 iyunga o‘tar kechasi berilgan zarba oqibatida halok bo‘ldi.

Mavzuga oid