Sport | 18:12 / 15.06.2025
11657
16 daqiqa o‘qiladi

«Siti» va «Real»da qayta qurish boshlandi. Yozning ilk haftalaridagi transferlar

«Manchester Siti» bir kunda uch nafar yangi futbolchi transferini e’lon qildi, «Real» Trentni tanishtirdi, «Liverpul» Trentga o‘rinbosar topdi.

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati tufayli FIFA 1-10 iyun kunlari maxsus transfer darchasi ochib berdi. Shu tufayli Yevropaning ushbu turnirda ishtirok etuvchi qator klublari o‘z tarkiblarini yozning boshidayoq to‘ldirib olishdi, muxlislar ushbu jamoalar safidagi yangi futbolchilarni turnirda ko‘rishi mumkin. Turnirda ishtirok etmaydigan klublar ham faollik bilan kelishuvlar tuzmoqda (bu futbolchilarda mavsumlar oralig‘idagi o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etib, yangi jamoaga moslashish imkoni bo‘ladi). Quyida yozning qizg‘in kechgan ilk haftalarida amalga oshirilgan transferlar haqida.

Trent Aleksander-Arnold: «Liverpul» → «Real» Madrid (10 mln yevro)

Angliyalik himoyachi bolaligidan o‘ynagan «Liverpul»dan «Real»ga erkin agent maqomida o‘tdi. Bu o‘tish kutilgan transfer edi, futbolchi Ispaniya klubiga kelib qo‘shilishi mart oyidayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Ammo madridliklar Trentning mersisaydliklar klubi bilan shartnoma muddati tugaydigan 1 iyul sanasini kutib o‘tirmadi. «Real» futbolchini klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘ynatish uchun «Liverpul» hisobiga 10 mln yevro o‘tkazib berdi va himoyachi bilan olti yillik shartnoma tuzildi. 12 iyun kuni 26 yoshli futbolchi rasman «Real» futbolchisi sifatida tanishtirildi, u taqdimot marosimida ispan tilini allaqachon to‘liq o‘rganib bo‘lganini namoyish etib, ko‘pchilikni hayron qoldirdi.

Din Hausen: «Bornmut» → «Real» (59,5 mln yevro)

20 yoshli markaziy himoyachining o‘tgan mavsumdagi o‘yinlaridan keyin top-klublar uning uchun navbatga turdi. Ammo, kutilganidek bu poygada Madridning «Real» klubi g‘olib chiqdi. Niderlandiyalik futbolchi Donni Hasuyenning o‘g‘li bo‘lgan Din bolaligidan Ispaniyaning ushbu grandi safida o‘ynashni orzu qilgandi. Shu tufayli tomonlar kelishuvga erishishi oson kechdi. Ispaniya milliy jamoasiga nomzod Hausen «Real» bilan besh yillik shartnoma tuzdi. «Bornmut» esa futbolchi transferi uchun qariyb 60 mln yevro ishlab oldi. Endi Hausendan «Real» uchun yangi Serxio Ramos bo‘lishini kutishadi. Futbolchi aynan uni o‘zining bolalikdagi kumiri deb atagan.

Rayan Sherki: «Lion» → «Manchester Siti» (36,5 mln yevro)

«Manchester Siti» Yevropaning eng iste’dodli hujumkor yarimhimoyachilaridan birini o‘ziniki qildi. Rayan Sherki uchun klub 36,5 mln yevro to‘ladi. Bu yaqin kelajakda superyulduzga aylanish salohiyati bor bo‘lgan futbolchi uchun katta mablag‘ emas. 21 yoshli fransuz yakunlangan mavsumda «Lion» uchun barcha turnirlar doirasida 44 o‘yin o‘tkazib, 12 gol urgan va 20 golga uzatma bergan. Sherki fransuzlar klubi asosiy tarkibida 16 yoshda debyut qilgan, endi u o‘zini APL maydonlarida sinab ko‘radi.

Rayan Ait-Nuri: «Vulverhempton» → «Manchester Siti» (36,8 mln yevro)

«Vulverhempton»ni 2025 yil yozida jiddiy qayta qurish kutmoqda. Klub nafaqat asosiy to‘purari Kunyadan, balki hujumlarga faol qo‘shiladigan himoyachisi Rayan Ait-Nuridan ham ayrildi. Shu bilan birga, «bo‘rilar» ikki futbolchi uchun jami 100 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ga ega bo‘ldi. Shundan 36,8 mln yevroni «Manchester Siti» to‘ladi. Ait-Nuri Pep Gvardiola jamoasi bilan besh yillik shartnoma imzolagan. 24 yoshli jazoirlikning asosiy pozitsiyasi – chap qanot himoyasi. Ammo Gvardiola keyingi mavsumda undan butunlay boshqa rollarda foydalanishi ham mumkin.

Teyani Reynders: «Milan» → «Manchester Siti» (55 mln yevro)

«Manchester Siti» sovrinsiz o‘tgan mavsumdan keyin klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida sovrin yutishga qaror qildi va yana katta pul bilan bozorga kirdi. Klub bir kun ichida uch transferini e’lon qildi. Gvardiola ixtiyoriga Italiya chempionatining eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri Teyani Reynders ham kelib qo‘shildi. 26 yoshli niderlandiyalik maydondagi vazifalariga ko‘ra Ilkay Gundo‘g‘anni yodga solib yuboradi va maydon markazida istalgan rolni bajarishi mumkin. «Manchester Siti» «Milan»ga ushbu futbolchi uchun 55 mln yevro to‘ladi, Reynders klub bilan besh yillik shartnomaga ega bo‘ldi. «Men «Manchester Siti»ga o‘tganimdan hayratdaman. Bu jahonning eng yaxshi murabbiy, jahon darajasidagi yulduzlar va ajoyib infratuzilmaga ega eng katta klublaridan biridir. Premer-ligada ishtirok etish — orzu edi va bu ro‘yobga chiqdi», — dedi Teyani taqdimot marosimida.

Jyeremi Frimpong: «Bayyer» → «Liverpul» (40 mln yevro)

Bu «Liverpul»ning yozgi transferlar oynasidagi ilk futbolchisi. Klub Jyeremi Frimpongni «Real»ga ketgan Trent Aleksander-Arnoldga voris sifatida ko‘rmoqda. U «Liverpul» safida Virjiyl van Deyk, Kodi Gakpo, Rayan Gravenberh va bosh murabbiy Arne Slotdan keyingi beshinchi niderland bo‘ladi. Frimpong – uslub jihatdan Trentga butunlay teskari. Aleksandr-Arnold markazga ko‘chishni va uzun uzatmalar berishni xush ko‘rgan bo‘lsa, Jyeremi o‘zi qanot bo‘ylab oldinga borishni ma’qul ko‘radi. Slot Frimpongni «Liverpul» tizimiga qanday qo‘shishini kuzatish qiziq bo‘lishi tayin.

Jonatan Ta: «Bayyer» → «Bavariya» (800 ming yevro)

Jonatan Ta shartnomasi muddati tugagani munosabati bilan «Bayyer»ni tark etdi. Germaniyalik futbolchida faoliyatini davom ettirish uchun bir necha variant bor edi («Real», «Barselona», «Bavariya») va yakunda futbolchi Germaniyada qolishga qaror qildi. «Bavariya» ham ushbu himoyachini klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga olib borish uchun «Bayyer»ga 800 ming yevro to‘ladi. Myunxenliklarning turnirdagi natijasiga qarab bu summa miqdori 1 mln yevrogacha chiqishi mumkin. 29 yoshli futbolchi «Bavariya» bilan 2029 yil iyuniga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolagan.

Mateus Kunya: «Vulverhempton» → «Manchester Yunayted» (74,2 mln yevro)

«Manchester Yunayted» yevrokuboklarga yo‘llanma ololmagan, klublar o‘rtasidagi JChda ham qatnashmaydi, ammo yozning top-transferlaridan birini amalga oshirdi. Brend kuchi hamon ish bermoqda. «MYu» braziliyalik forvard Mateus Kunyani «Vulverhempton»dan 74,2 mln yevro evaziga xarid qildi. Mankunianliklar transfer summasini bir necha yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘laydi. 26 yoshli futbolchining o‘zi yangi klubi bilan besh yillik shartnoma tuzdi. Endi Kunyadan «MYu»ni yevrokuboklarga qaytarishda yordam berish talab etiladi.

Liam Delap: «Ipsvich» → «Chelsi» (35,5 mln yevro)

«Ipsvich» APLni tark etdi. Ammo forvard Liam Delap elita divizionda qoldi. 22 yoshli forvard «Chelsi» bilan olti yillik shartnoma tuzdi. Londonliklar «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan ushbu futbolchi uchun 35,5 mln yevro to‘lab berishdi. 2023 yilda «Chelsi» manchesterliklar tizimidan chiqqan boshqa bir futbolchi – Koul Palmerni transfer qilishi muvaffaqiyatli bo‘lgandi. Endi Londondagilar Delap klub uchun zarur bo‘lgan sermahsul hujumchi bo‘lishidan umid qilmoqda. U «Siti»ning boshqa tarbiyalanuvchisi bilan endi «Chelsi»da yorqin duet hosil qilishi kutilmoqda.

Mamadu Sarr: «Strasburg» → «Chelsi» (14 mln yevro)

Yana bir yosh iste’dod «Chelsi»da. Londonliklar 19 yoshli himoyachi Mamadu Sarr jamoa mudofaasini kuchaytirishiga umid bog‘lagan. Futbolchi bungacha Fransiyaning «Strasburg» klubi sharafini himoya qilgan (bu klub va «Chelsi» xo‘jayini bir odam). Sarr endi yangi darajada o‘zini sinab ko‘radi va keyingi mavsum Chempionlar ligasida maydonga tushadi. Fransuz futbolchisi London klubi bilan sakkiz yillik shartnomaga imzo chekkan.

Job Bellinghem: «Sanderlend» → «Borussiya» Dortmund (30,5 mln yevro)

Bellinghem, Angliyadan «Borussiya»ga transfer… Tanish holat. Dortmunddagilar mazkur tryukni ikkinchi bor bajarishga qaror qilishdi. Bu safar nemislar jamoasi Judning ukasi Jobni safga qo‘shib oldi. 19 yoshli yarimhimoyachi «Sanderlend»ga APLga qaytishda yordam berdi. Endi esa 30,5 mln yevro evaziga «Borussiya» Dortmundga yo‘l oldi. Bir necha yildan keyin u Job «Real»da paydo bo‘lishini kutish ham mumkin.

Luis Enrike: «Marsel» → «Inter» (23 mln yevro)

Luis Enrike – «Inter»da. Yo‘q, bu «PSJ» bosh murabbiyi emas. Milan jamoasi «Marsel» yetakchilaridan birini o‘z safiga qo‘shib oldi. 23 yoshli vinger o‘tgan mavsumda Fransiya chempionatidagi 35 o‘yinda to‘qqiz gol urdi va 10 assist rasmiylashtirdi. Odatda Enrike hujum qanotida o‘ynaydi: bu «Inter»ning sobiq ustozi Simone Indzagining sxemasida bo‘lmagan pozitsiya. Ammo, katta ehtimol bilan, milanliklar boshqaruviga kelgan Kristian Kivuning jamoa uchun boshqa rejalari va taktikalari mavjud. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi o‘yinlarda 23 yoshli braziliyalik «Inter»ning yetakchilaridan biriga aylanadi, yo‘qmi, shu savolga javob topiladi.

Kivin Kelleher: «Liverpul» → «Brentford» (14,8 mln yevro)

Kivin Kelleher – ajoyib kiper. Ammo Alison salomatligida u «Liverpul»ning asosiy posboni bo‘lishi noreal holat. Shu tufayli 26 yoshli irlandiyalik o‘zi uchun kelgan taklifni qabul qildi. Kelleher endi APLning o‘rtamiyona jamoasi – «Brentford» darvozasini qo‘riqlaydi. «Liverpul» futbolchi uchun 14,8 mln yevro oldi, Kivin – ajoyib jamoaning asosiy posboni bo‘lish imkoniyatga ega bo‘ldi.

Petar Suchich: «Dinamo» Zagreb → «Inter» (14 mln yevro)

«Inter» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida natijaga erishishga bel bog‘lagan. Shu tufayli Zagrebning «Dinamo» klubidan ham yarimhimoyachi Petar Suchich safga qo‘shib olindi. Milanliklar 21 yoshli futbolchi uchun 14 mln yevro to‘lashga rozi bo‘ldi. Xorvatlar klubi Suchichning qayta sotuvidan ham ulushga ega bo‘ladi. Petar «Inter» bilan besh yil muddat amal qiladigan shartnoma imzoladi. Endi u asosiy tarkib uchun Hoqon Chalxono‘g‘li, Genrix Mxitaryan, Nikolo Barella va Davide Frattezi bilan raqobatlashadi.

De Bryuyne: «Manchester Siti» → «Napoli» (erkin agent)

Kevin de Bryuynening «Manchester Siti»da o‘tgan 10 mavsumlik sayohati yakunlandi. So‘nggi yillarda jarohatlardan aziyat chekkan futbolchi jamoaning asosiy tarkibidan tushib qoldi va shartnoma muddati yakunlangach, klub uni qo‘yib yubordi. Endi belgiyalik yarimhimoyachi intensivlik biroz pastroq bo‘lgan Italiya chempionatida ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi tayin. O‘tgan yozda Manchesterning boshqa bir jamoasidan kelgan Skott Maktominay «Napoli»ning navbatdagi chempionligiga katta hissa qo‘shgan va o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgandi. KDB uning muvaffaqiyatini takrorlashga harakat qiladi.

Kiran Tirni: «Arsenal» → «Seltik» (erkin agent)

Foto: celticfc.com

Tirnining karerasiga jarohatlar xalaqit berdi. «Arsenal» Tirnini 2019 yilda katta umidlar bilan sotib olgandi, ammo shotlandiyalik chap qanot mudofaasidagi muammoni hal qila olmadi. Salomatligidagi muammolar uning asosiy tarkibda o‘rnashib olishiga imkon bermadi. «Real Sosedad»ga bir mavsum ijaraga berilgani ham, Mikel Arteta 2024/2025 yillar mavsumida bergan navbatdagi imkon ham naf bermadi. «Arsenal» Kiran bilan shartnomani uzaytirmadi va 28 yoshli futbolchi «Seltik»ka qaytdi.

Jorjinio: «Arsenal» → «Flamengo» (erkin agent)

Jorjinio ham Mikel Artetaga kerak bo‘lmay qoldi va vataniga yo‘l oldi. 33 yoshli yarimhimoyachi «Flamengo» futbolchisiga aylandi — bu klub Janubiy Amerikaning eng katta klublaridan biri hisoblanadi. Jorjinio yangi jamoasi bilan 2028 yil yoziga qadar amal qiladigan shartnoma imzoladi va 21-raqamni tanladi. Endi u klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadi.

Erik Dayyer: «Bavariya» → «Monako» (erkin agent)

Foto: asmonaco.com

Angliyalik himoyachi kerakli vaqtda «Bavariya»ga yordam berdi va o‘z faoliyatida ilk bor sovrin yutdi. Ammo klub Dayyerga yangi shartnoma taklif qilmadi. Lekin 31 yoshli futbolchiga «Monako»da joy topildi. Dayyer bungacha Portugaliya, Angliya va Germaniya chempionatlarida o‘ynagan. Endi uning faoliyatida yangi sahifa ochiladi.

Anxel Di Mariya: «Benfika» → «Rosario Sentral» (erkin agent)

Foto: rosariocentral.com

Di Mariya ham jonajon klubiga qaytdi. Anxel «Benfika»ni tark etib, «Rosario Sentral» futbolchisiga aylandi. «Bizning umumiy tariximiz uchun hali ko‘p sahifalar yozish kerak», — deyiladi klubning transfer haqidagi anonsida. Di Mariya 2006-2007 yillarda ham «Rosario Sentral» safida o‘ynagan. E’tiborli tomoni, 37 yoshli argentinalik vatanga qaytish haqida o‘tgan mavsum oldidan ham o‘ylagandi. Ammo o‘shanda xavfsizlik nuqtayi nazardan bu rejadan voz kechilgandi (futbolchi va uning oilasiga turli tahdidlar kelgandi).

Mavzuga oid