Jahon | 19:40 / 16.06.2025
912
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp migrantlarni deportatsiya qilish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirishni buyurdi

«Hech narsa bizni burchimizni bajarishimizga xalaqit bera olmaydi», dedi Oq uy rahbari.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning bir qancha shaharlarida boshlangan norozilik namoyishlariga qaramay, migrantlarni hibsga olish va deportatsiya qilish choralarini kuchaytirishni buyurdi. Bu haqda davlat rahbari Truth ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

«AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) noqonuniy migrantlarga qarshi tarixdagi eng yirik ommaviy deportatsiya operatsiyasini tashkil qildi. Hech narsa bizni burchimizni bajarishimizga xalaqit bera olmaydi», dedi Oq uy rahbari.

Tramp «tarixdagi eng katta ommaviy deportatsiya dasturini» amalga oshirish uchun ICE xodimlariga hamma narsani qilishni buyurganini aytdi.

Prezident Los-Anjyeles, Chikago va Nyu-York kabi shaharlarda deportatsiya va hibsga olish ishlarini kuchaytirishga chaqirib, mahalliy demokrat amaldorlarni saylovchilar faolligini oshirish uchun noqonuniy migrantlardan foydalanganlikda va «Amerika fuqarolaridan ish va imkoniyatlarni tortib olganlikda» aybladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, federal hukumat noqonuniy migrantlarni o‘z mamlakatlariga qaytarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirib, ICE, Davlat departamenti va Mudofaa departamentiga «ishni yakuniga yetkazish» bo‘yicha topshiriq beradi.

Avvalroq, Los-Anjyelesda ICE harakatlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, ko‘plab ishtirokchilar hibsga olindi. Shaharning ayrim hududlarida namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Tramp vaziyatni barqarorlashtirish uchun Milliy gvardiya Los-Anjyelesga yuborilganini aytib, vaziyatda demokratlar yetakchilarini aybladi.

AQSh Mudofaa vazirligi Tramp buyrug‘iga binoan Milliy gvardiyaning 4000 askarini joylashtirishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Departament boshlig‘i Pit Hegsetning ta’kidlashicha, kuchaytirilgan xavfsizlik choralari doirasida 700 nafarga yaqin dengiz piyodasi ham shaharga yuboriladi.

Mavzuga oid