Jahon | 12:12
18592
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp «barcha»ni Tehrondan tezroq chiqib ketishga chaqirdi

U G7 sammitini shoshilinch tark etgan.

Foto: Donald Trampning feysbuk sahifasidan

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadada bo‘lib o‘tayotgan «Katta yettilik» (G7) sammitini Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli muddatidan oldin tark etdi. Bu haqda Oq uy rasmiy vakili Kerolayn Levitt ma’lum qildi. 

«Yaqin Sharqda ro‘y berayotgan voqealar tufayli prezident Tramp bugun davlat rahbarlari bilan kechki ovqatdan keyin ketadi», – deya yozgan Levitt X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 

Bundan biroz oldinroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida barchani Eron poytaxti Tehrondan evakuatsiya bo‘lishga chaqirgandi. 

«Eron men imzolashni aytgan „bitim“ni imzolashi kerak edi. Naqadar sharmandalik va insonlar umri zoye ketishi. Sodda qilib aytganda, Eron yadro quroliga ega bo‘la olmaydi. Men buni qayta-qayta takrorladim! Hamma zudlik bilan Tehrondan evakuatsiya qilinishi kerak!» – deya yozgan Tramp.

U nima uchun evakuatsiyaga chaqirganini izohlamadi.

The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Eronga yadroviy kelishuv bo‘yicha «so‘nggi taklifi»ni bermoqchi. Shu bilan birga, AQShning kelishuv bo‘yicha har qanday taklifi Eron fuqarolik atom energetikasi va ilmiy faoliyat uchun ham uranni boyitishdan butunlay voz kechishi shartini o‘z ichiga oladi. Eron bu shartni nomaqbul deb hisoblaydi.

Oldinroq The Wall Street Journal Eron rasmiylari arab dunyosi mamlakatlaridagi vositachilar orqali Isroil va AQShga norasmiy xabarlar yuborib, harbiy harakatlarni to‘xtatish va o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga intilayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid