Jahon | 21:41 / 19.06.2025
2023
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda qiz homilani abort qilish keskin kamaydi: qanday qilib?

Dunyo bo‘ylab ota-onalar homilaning jinsi qiz bo‘lgani sabab uni oldirib tashlashi holatlari sezilarli kamaydi, deya yozadi The Economist. Bu boradagi raqamlar 25 yil oldingiga qaraganda bir necha barobarga yaxshilangan. Ayrim jamiyatlarda turli sabablar bilan faqat o‘g‘il tug‘ishni xohlash millionlab erkaklarning bo‘ydoq yashab o‘tishiga olib keldi.

Foto: The Economist

O‘g‘il bolalarni qizlardan afzal ko‘rish, xususan faqat o‘g‘il bo‘lishini istab qiz homilani oldirish amaliyoti butun dunyoda ancha kamaymoqda, deb yozadi The Economist.

Qizlarni abort qildirish 1980 yillarda homilaning jinsini ultratovush apparatlari yordamida aniqlash ommalashganidan keyin keng tarqalgan edi. Farzand ko‘rishni orzu qilgan, lekin faqat o‘g‘il istagan ota-onalar — xususan, Xitoy va Hindistonda — homila qiz bo‘lsa, uni oldirib tashlay boshlashdi.

2000 yilga kelib, global miqyosda tabiiy tug‘ilish hisob-kitoblariga nisbatan qizlarning tug‘ilishi 1,6 milliontaga kam bo‘lgan. Bu taxminan shuncha qiz homila abort qilingan bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Bugungi kunda bu raqam 200 ming atrofida. Va bu ko‘rsatkich kamayishda davom etmoqda.

O‘g‘il bolalarga afzallik berish holati eng kuchli bo‘lgan davlatlardagi tendensiya ayniqsa keskin o‘zgargan. Tug‘ilishda jins nisbati (odatda har 100 qizga 105 o‘g‘il to‘g‘ri keladi, chunki o‘g‘il bolalar bolalikda ko‘proq vafot etadi) barqarorlashmoqda. Tug‘ilish paytidagi jinsiy nisbat ilgari butun Osiyo bo‘ylab nomutanosib bo‘lgan. Misol uchun, Xitoyda bu ko‘rsatkich 2006 yilda har 100 qizga 117,8 o‘g‘ildan o‘tgan yili 111,2 ga tushdi. Hindistonda 2010 yilda 109,6 bo‘lgan nisbat hozirda 106,8 ga tushgan. Janubiy Koreyada esa holat butunlay normallashdi: 2005 yilda 112,5 bo‘lgan ko‘rsatkich hozirda 105 atrofida.

The Economist 2010 yilgi sonlaridan biriga qiz homiladan voz kechish muammosini ko‘tarib, muqovasida “genderqotillik” sarlavhasi bilan chiqqandi. Hozirgi pasayish - ijobiy yangilik. Bu birinchi navbatda gender diskriminatsion an’analarning yo‘qolib borayotganini anglatadi.

Qolaversa, bu erkaklar uchun ham yaxshi xabar: ayrim jamiyatlarda jinsga qarab abort qilish amaliyoti millionlab erkaklarni butun hayoti davomida bo‘ydoq yashashga mahkum qildi. Xitoyda bunday erkaklar “yalang‘och novdalar” deb ataladi.

Ayrim hududlarda hatto endi qiz bolalarni afzal ko‘rish ham boshlanmoqda. Ya’ni o‘g‘ilni emas, aynan qiz farzandni xohlayotgan ota-onalar soni oshib boryapti. Bunda o‘g‘il bolalarni aynan o‘g‘il bola bo‘lgani uchun abort qilishayotgani yo‘q. Qizlarni afzal ko‘rish boshqa belgilar, masalan so‘rovnomalar natijalari yoki tug‘ilish tendensiyalaridan ma’lum bo‘lyapti.

Masalan, Yaponiyada faqat bitta farzand xohlaydigan juftliklar borgan sari ko‘proq qiz farzandni tanlashyapti. Dunyo bo‘ylab esa ota-onalar asosan ham o‘g‘il, ham qiz xohlashadi. G‘arbda, ayniqsa, Amerika va Skandinaviyada ilk farzand o‘g‘il bo‘lsa, ota-onalar qiz ko‘rish umidida ikkinchi farzandni ham dunyoga keltirishga harakat qiladi. Asrab olishda ham ko‘pincha qizlar uchun ko‘proq haq to‘lashga tayyorlar. In vitro urug‘lantirish (IVF) orqali jinsni tanlash mumkin bo‘lgan mamlakatlarda esa tobora ko‘proq odamlar qiz bolani tanlamoqda.

Odamlar qiz farzandni turli sabablarga ko‘ra afzal ko‘rishadi. Ba’zilar qizlarni tarbiyalash osonroq deb o‘ylashadi, boshqalar esa qizaloqlarning muloyimligi, nozikligini qadrlashadi. Ayrim jamiyatlarda keksaygan ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish qizning yelkasidagi vazifa deb qaraladi.

Qizlarga afzallik berish boshlangani o‘g‘il bolalarning kelajagidan xavotirlar kuchaygani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘g‘il bolalar ko‘pincha muammo chiqarishadi: dunyo bo‘ylab qamoqdagi mahkumlarning 93 foizi erkaklardir. Dunyoning aksar davlatlarida ular ta’limda ham qizlardan ortda qolishadi. Boy davlatlarda ayollarning 54 foizi oliy ma’lumotli, erkaklarda bu ko‘rsatkich – 41 foiz.

Kelajakda texnologiyalar ota-onalarga ko‘proq tanlov imkoniyatini beradi. Ba’zilari bahsli emas: agar homiladagi genetik kasalliklarning oldini olish mumkin bo‘lsa, ko‘pchilik buni qilishga ikkilanmaydi. Lekin agar jins tanlash uchun yangi texnologiyalar keng tarqalsa-chi? Juftliklar hozirgi davrda ham X xromosomali spermatozoidlarni tanlashi yoki embrion jinsini genetik test orqali aniqlash imkoniga ega. Bunday usullar hozircha qimmat va ommalashmagan, lekin bu vaqtinchalik. Agar yangi nomutanosiblik yuzaga kelsa, bu nima oqibatlarga olib kelishini o‘ylab ko‘rish kerak: kelajakda ayollar soni erkaklarnikidan anchagina ko‘p bo‘lgan avlod paydo bo‘lishi ham mumkin.

Mavzuga oid