Jahon | 08:50
3114
2 daqiqa o‘qiladi

Kallas G‘arbni Rossiyaga qarshi birlashishga chaqirdi

«Rossiyaning NATO va YeIga qarshi imkoniyati yo‘q. Lekin biz birga bo‘lishimiz kerak», dedi Kaya Kallas Yevroparlamentdagi chiqishida. Alyansdagi birlik mudofaa xarajatlarini oshirish kabi ustuvor ahamiyatga ega, deya qo‘shimcha qildi u.

Foto: Frederick Florin/AFP/Getty Images

Ukrainadagi urush yuzasidan AQSh va NATOning aksariyat boshqa davlatlari o‘rtasida davom etayotgan kelishmovchiliklar fonida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas G‘arb ittifoqchilarini birdam bo‘lishga chaqirdi. 18 iyun, chorshanba kuni Strasburgda Yevroparlamentda qilgan chiqishida u: «Rossiyaning NATO va YeIga qarshi hech qanday imkoniyati yo‘q», dedi va shunday ta’kidladi: «Ammo biz birga bo‘lishimiz kerak!».

24—25 iyun kunlari Haagada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti oldidan Yevropa diplomatiyasi rahbari «alyansda birlikni saqlash mudofaa xarajatlarini oshirish kabi ustuvor vazifa bo‘lishini» aytdi. «Men NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan birgalikda harakat qilish orqali yengib bo‘lmaydigan tahdid borligiga ishonmayman», — deya qo‘shimcha qildi Kallas.

The Times'ning Ukraina prezidenti ma’muriyatidagi manbasiga tayanib yozishicha, Haagadagi sammitga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham taklif qilingan, biroq bu boradagi qaror «sammit arafasida» qabul qilinadi. NATO sammiti matnida baribir Rossiya «to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid» sifatida qayd etiladi, biroq Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lish uchun «qaytib bo‘lmas» yo‘li borligi haqidagi avvalgi bayonotlar bu safar takrorlanmaydi, deb yozadi The Times. Avvalroq Ukraina sammitga taklif qilinganini alyans bosh kotibi Mark Ryutte tasdiqlagan edi.

Mavzuga oid