O‘zbekiston | 20:25 / 19.06.2025
2968
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Shahrisabzdagi «Miraki» xalqaro turizm markaziga tashrif buyurdi

Davlat rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yonbag‘ridagi Miraki sayyohlik hududi salohiyati bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – «Miraki» xalqaro turizm markaziga aylangan. Davlat rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik «eko yo‘lak» tashkil etilgan. Bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari mahalla ko‘rkini oshirgan.

«Miraki spa and resort» dam olish hududi turizm markazining zamonaviy qismi. Bu yerda ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar majmua barpo qilingan. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi mehmonxonalar, 300 o‘rinli oilaviy xostel ochilgan. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatilishini anglatadi.

Davlat rahbari yangi mehmonxona va savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Sayyohlik bo‘yicha istiqboldagi muhim loyihalar haqida ma’lumot berildi.

- Shahrisabzning ustun tarafi - yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Mirakiga eltuvchi va mahalla ichidagi yo‘llar mukammal ta’mirlangan. Elektr ta’minoti yaxshilangan. Sayyohlarni qiziqtirish uchun Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda restoran ham barpo etilgan.

Mavzuga oid