Fors ko‘rfazida mingga yaqin kema ishtirokida tirbandlik yuzaga keldi
Kemalarda yuk tashuvchi kompaniyalar allaqachon ko‘rfaz orqali kunduz kuni tranzitlarni cheklagan. GPS ishidagi uzilishlar sabab kemalar bilan aloqa yo‘qolib qolmoqda.

Foto: AFP/Getty Images
Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qilganidan keyin Fors ko‘rfazida kemalar harakati inqirozli vaziyatga duch keldi: mingga yaqin kema ishtirokida tirbandlik paydo bo‘ldi, GPS ishida uzilishlar kuzatilmoqda — bu to‘qnashuv xavfini oshiradi, deb yozmoqda S&P Global.
Qayd etilishicha, kemalarda yuk tashuvchi kompaniyalar allaqachon ko‘rfaz orqali kunduz kuni tranzitlarni cheklagan — odatdagi 24 soatli harakatlar o‘rniga endi kun davomida 16-18 soat suzish mumkin. «Gap faqat hujum tahdidida emas — mintaqadan yuklarni olib chiqish logistikasining o‘zi allaqachon katta muammoga aylangan», — deydi tanker kompaniyalaridan birining vakili.
Bundan tashqari, bozor ishtirokchilarining ma’lum qilishicha, GPS ishidagi uzilishlar sabab kemalar bilan aloqa yo‘qolib qolmoqda. Yuk tashuvchi kompaniyalardan birining direktori hujum xavfi bo‘lmagan taqdirda ham to‘qnashuvlar ehtimolligi yuqori, chunki aloqa uzilishlari sharoitida boshqa kemalar joylashuvini aniqlash qiyin. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, sohilni qo‘riqlash xizmatlari qoidalarga ko‘ra, kun-u tun ekipaj bilan aloqada bo‘lishi kerak, ayni vaqtda esa ular buni amalga oshira olmayapti. Shuningdek, dengiz minalari ham tahdid uyg‘otmoqda.
Bularning barchasi marshrut iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishga ulgurdi: Plats ma’lumotlariga ko‘ra, 20 iyun kuni Fors ko‘rfazi—Xitoy yo‘nalishida suzadigan yirik tankerlarning yuk stavkalari w80 gacha ko‘tarilgan.
Beqarorlik Eron parlamenti AQSh tomonidan yadro obektlariga uyushtirilgan hujumlaridan keyin Hormuz bo‘g‘ozini yopishni ma’qullash borasidagi tahdidlari sabab yuzaga kelgan. Bu boradagi yakuniy qaror Eron Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilinadi. Eron oldin ham bir necha bor bo‘g‘ozni yopish bilan tahdid qilgan, ammo ish real harakatlargacha yetib bormagan edi.
Hormuz bo‘g‘ozi Fors va O‘mon ko‘rfazlari orasida joylashgan bo‘lib, shimolda Eron, janubda esa O‘mon bilan chegaradosh. Bu Fors ko‘rfazidan ochiq okeanga chiqish uchun yagona dengiz o‘tish yo‘li hisoblanadi. Dunyo neftining qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning katta qismi Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.
Mavzuga oid

22:55 / 23.06.2025
Eron AQShning Qatardagi bazalariga raketa zarbalarini berdi

21:19 / 23.06.2025
Eron mazlum maqomini saqlab qolishga harakat qiladi - Rabbimov

20:12 / 23.06.2025
Fors ko‘rfazi davlatlari «arab shengeni» joriy qiladi

17:48 / 23.06.2025