AQSh Oliy sudi migrantlarni uchinchi davlatlarga deportatsiya qilishga ruxsat berdi
Oliy sud migrantlarni o‘z vatanidan boshqa mamlakatlarga deportatsiya qilish g‘ayriqonuniy emas, degan qarorga kelib, bunday amaliyotlarning qayta tiklanishiga «yashil chiroq yoqdi».

Foto: AP
Donald Tramp ma’muriyati noqonuniy migrantlarga qarshi murosasiz kurashda navbatdagi muhim g‘alabaga erishdi, deb yozdi «Kommersant». AQSh Oliy sudi ularni uchinchi mamlakatlarga deportatsiyasini qayta tiklashga ruxsat berdi va shu bilan quyi sudning ushbu amaliyotni noqonuniy va g‘ayriinsoniy deb topgan qarorini bekor qildi.
AQSh Oliy sudining 23 iyun kungi qarori bir ovozdan qabul qilinmadi: 9 nafar sudyadan 6 nafari migrantlarni o‘z vatanidan boshqa mamlakatlarga deportatsiya qilish g‘ayriqonuniy emas, degan qarorga kelib, bunday amaliyotlarning qayta tiklanishiga «yashil chiroq yoqdi».
Joriy sud mahkamasiga Myanma, Kuba, Meksika, Laos, Vetnam va Janubiy Sudandan kelgan sakkiz nafar migrantning ishi sabab bo‘ldi - Tramp ma’muriyatiga ko‘ra, ular Qo‘shma Shtatlarda «dahshatli jinoyatlar», jumladan, qotillik, o‘t qo‘yish va qurolli talonchilikni sodir qilgan. May oyida sakkiz kishining barchasi Janubiy Sudanga, AQSh Davlat departamenti rasman «jinoyat, odam o‘g‘irlash va qurolli mojaro tufayli» xavfli deb tasniflangan mamlakatga deportatsiya qilinishi haqida buyruq berildi.
Ammo advokatlar va AQSh Boston okrugi sudyasi Brayan Merfi (Jo Bayden tomonidan tayinlangan) aralashuvi tufayli migrantlar sud jarayonida Jibutidagi AQSh harbiy bazasida qolib ketdi. Keyinchalik AQSh Bosh prokuraturasi shikoyat qilganidek, immigratsiya rasmiylari hatto harbiy bazadagi konferensiya zalida «xavfli jinoyatchilar uchun vaqtinchalik hibsxona tashkil qilishga» to‘g‘ri keldi.
Oliy sud qarori respublikachi prezidentning ommaviy deportatsiyalar bo‘yicha rejalarini amalga oshirishdagi navbatdagi g‘alabasi bo‘ldi va AQSh Ichki xavfsizlik departamentiga ko‘ra, bu ham «Amerika xalqi xavfsizligi uchun g‘alaba» edi. «Deportatsiya samolyotlarini uchiring», deb qichqirdi Milliy xavfsizlik kotibi yordamchisi Trisiya Maklaflin sudyalar hukmidan keyin.
Avvalroq, The Washington Post nashrining yozishicha, joriy yilda Qo‘shma Shtatlardan 1 milliongacha migrantni deportatsiya etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Donald Tramp navbatdagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan edi. 20 may kuni Oliy sud Tramp ma’muriyatiga AQSh hududida vaqtinchalik boshpana berish dasturi doirasida yashovchi 350 mingga yaqin venesuelalik migrantni deportatsiya qilishga ruxsat berdi. Bir necha kundan so‘ng, yana bir qarorda sudyalar Jo Baydenning Kuba, Haiti, Nikaragua va Venesueladan kelgan yarim millionga yaqin migrantlarga AQSh hududida ikki yil qolib, soddalashtirilgan tartibda ishlash uchun ruxsatnoma olish imkonini beruvchi gumanitar dasturini to‘xtatishga ruxsat berdi.
Bir qator davlatlar Qo‘shma Shtatlardan chiqarib yuborilgan fuqarolarini qaytarib olishni istamasligi fonida Oq uy muammoni noqonuniy migrantlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan, ammo bu orqali pul ishlashga intilayotgan uchinchi davlatlarni jarayonga jalb etish orqali hal qila boshladi. Salvador, Panama va Kosta-Rika deportatsiya etilganlarni qabul qilishga kelishib oldi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Ruanda va Liviya hukumatlari bilan ham shunday kelishuvlar mavjud.
Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati noqonuniy migrantlarni Kubadagi Guantanamo harbiy bazasiga yuborish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Mavzuga oid

23:12 / 24.06.2025
AQSh O‘zbekiston fuqarolarining viza arizalarini qariyb 65 foizini rad etdi

21:21 / 24.06.2025
«Ular nima qilayotganini bilmaydi» - Tramp Erondan ham, Isroildan ham mamnun emas

20:50 / 24.06.2025
Tramp Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatni sharhlab, haqoratli so‘zlarni ishlatdi

19:30 / 24.06.2025