Jahon | 18:56 / 26.06.2025
2748
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Isroil foydasiga josuslik qilishda gumonlanib, qariyb 700 kishi hibsga olindi

Maxsus xizmatlar tomonidan o‘tkazilgan operatsiyalar davomida portlovchi moddalar, masofadan boshqarish tizimlari va josuslik qurilmalari musodara qilingan.

Foto: Scanpix

Eron maxsus xizmatlari Isroil manfaatlariga josuslik va qo‘poruvchilik faoliyatida gumonlangan qariyb 700 kishini hibsga oldi. Bu haqda kuch tuzilmalaridagi manbalariga tayanib BBC xabar berdi.

«Tezkor ma’lumotlar va aholi tomonidan berilgan xabarlar asosida razvedka-qo‘poruvchilik tarmoqlari tarkibida faoliyat yuritgan yollanma shaxslar qo‘lga olindi», - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, operatsiyalar davomida portlovchi moddalar, masofadan boshqarish tizimlari va josuslik qurilmalari musodara qilingan. Bundan tashqari, Eron tomoni dronlarni yig‘ish bilan shug‘ullangan Isroil razvedkasiga bog‘liq noqonuniy ustaxonalar ham topilganini ma’lum qildi.

Xavfsizlik xizmati Kirmanshoh, Isfahon, Xuziston, Fors, Luriston viloyatlarida o‘tkazilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda ham alohida hibsga olish ishlari amalga oshirilgan, ammo Tehron rasmiy statistikani e’lon qilmagan.

Avvalroq Eronda Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblangan uch kishi qatl etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ular mamlakatga alkogol ichimliklar partiyasi niqobi ostida terakt uyushtirish uchun uskunalarni olib kirishga uringan.

Mavzuga oid