Jamiyat | 23:58 / 30.06.2025
4139
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida 3 nafar qizni fohishalik uchun Tailandga yuborishga uringan ayol ushlandi

Ayolning Tailanddagi tanishi qizlarni kutib olib, ularni ish bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olingan.

Foto: Videodan kadr

Toshkentda qizlarni fohishalik uchun Tailandga jo‘natib, o‘sha yerdagi tanishi orqali pullamoqchi bo‘lgan ayol daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yashovchi ayol jinoiy guruh tuzib, moddiy jihatdan qiynalgan qizlarni fohishalik va qo‘shmachilik qilish uchun Tailandga jo‘natishni reja qilgan.

IIV Tezkor-qidiruv departamenti Jinoyat-qidiruv xizmati, Samarqand viloyati IIB hamda DXX xodimlari hamkorligida 21 iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida 31, 23 va 18 yoshli uch nafar qizni Tailandga yuborishga uringan vaqtida 53 yoshli ayol qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ayolning Tailanddagi erkak tanishi qizlarni kutib olib, ish bilan ta’minlashi evaziga 5 ming dollar yuborishi kerak bo‘lgan. Qizlar esa uch oy davomida fohishalik qilib, pul ishlab berishi rejalashtirilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Mavzuga oid