Jahon | 10:25
2559
2 daqiqa o‘qiladi

FT: NATO Odessa qo‘lga kiritilishi va kuzgacha frontda o‘zgarish sodir bo‘lishidan xavotirda

Kiyev qurol-yarog‘ga juda muhtoj va o‘t ochishni to‘xtatishga rozi, Moskva esa o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi va Odessani egallash niyatida. Shu bilan birga, har ikki davlat armiyasi kuchsizlanishga yaqin, deb yozadi FT sharhlovchisi Gideon Raxman.

Foto: Stringer/REUTERS

Ukrainaning Haagadagi NATO sammitida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga qaramay, Ukraina Qurolli kuchlarining frontdagi ahvoli yomonlashmoqda va kuzga borib keskinlashishi mumkin, deb yozadi Financial Times (FT) xalqaro aloqalar bo‘limi bosh sharhlovchisi Gideon Raxman. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina armiyalari charchashga yaqin. «Ammo Rossiya, ehtimol, yana bir yil davomida amaliyotlar jadalligini saqlab qolishi mumkin bo‘lsa-da, Ukraina jiddiy harbiy yordam olmasa, olti oy ichida o‘zining tanazzul nuqtasiga yetishi mumkin», deb ta’kidlaydi FT sharhlovchisi.

Kiyev Amerikaning Patriot havo mudofaa tizimlariga, shuningdek, HIMARS yalpi o‘t ochish tizimlari raketalariga juda muhtoj. Qurol-yarog‘ yo‘qligi Ukraina harbiylarining ruhiyatiga ham ta’sir qilmoqda, deya ta’kidlaydi Raxman, biroq Volodimir Zelenskiy Haagada Donald Tramp bilan uchrashuvda Oq uy rahbaridan yangi ta’minot bo‘yicha aniq va’dalarni ololmadi.

FT sharhlovchisiga ko‘ra, Ukraina rasmiylari G‘arb ittifoqchilari bilan yopiq uchrashuvlarda tobora ko‘proq o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda: «Bir-ikki yil oldin bunday chaqiriqlar mag‘lubiyat sifatida baholangan bo‘lardi».

Ammo Tramp ma’muriyatidan farqli o‘laroq, Yevropada Moskva sulhga rozi bo‘lishiga ishonadiganlar kam, deb yozadi Raxman yuqori martabali amaldorlarga tayanib. Shunday qilib, uning suhbatdoshlaridan biri Rossiyaning hozirgi asosiy maqsadi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tarixiy jihatdan rus shahri deb hisoblagan Odessani qo‘lga kiritish ekanligiga ishonch hosil qilgan.

Mavzuga oid