Jahon | 17:15 / 01.07.2025
6404
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Mask yana bahslashib qoldi

Milliarder agar kongress «ahmoqona» qonun loyihasini qabul qiladigan bo‘lsa, yangi partiya ochish bilan tahdid qildi, prezident u «subsidiyalarsiz do‘konni yopib, Janubiy Afrikaga qaytishiga to‘g‘ri kelishi»ni aytdi.

Win McNamee / Getty Images

AQSh Senati Donald Trampning «Katta va go‘zal qonun» deb nomlangan budjet qonun loyihasi bo‘yicha marafon ovoz berish jarayonini o‘tkazmoqda. Qizg‘in muzokaralardan so‘ng soliqlarni kamaytirish va budjet xarajatlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi ushbu qonun taqdiri qil ustida turibdi. Bu vaqtda esa prezident Tramp va tadbirkor Ilon Mask yana bir bor o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ushbu qonun yuzasidan tortishib qolishdi.

One Big Beautiful Bill Act («Katta va go‘zal qonun») qonun loyihasiga demokratlar qarshi, shu bilan birga, bu tashabbus borasida respublikachilar orasida ham yakdillik yo‘q: ular soliq imtiyozlarini kengaytirish uchun ijtimoiy ta’minot dasturlarini qisqartirish qanchalik qimmatga tushishi haqida bahslashmoqda.

Agar Senat loyihani ma’qullasa, Vakillar palatasida yana bir ovoz berish jarayonini o‘tkazishga to‘g‘ri keladi – bir oy oldin bu yerda qonun loyihasi atigi bir ovoz ustunligi bilan qabul qilingandi.

Hozirda senatorlar qariyb 1000 sahifalik qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritish yoki kiritmaslik borasida bahslashishmoqda. Bu jarayon vote-a-rama deb nomlanadi va debatlar 20 soatga cho‘zilishi mumkin.

Sessiya tun bo‘yi davom etishi kutilmoqda. Qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, ba’zi ijtimoiy ta’minot dasturlari qisqarib, davlat qarzi oshadi.

«Janubiy Afrikaga qaytish»

Bu vaqtda Trampning sobiq yordamchisi Ilon Mask respublikachilar 4 iyulga qadar qabul qilishga urinayotgan mazkur qonun loyihasini yana bir bor qattiq tanqid qildi. Mask yana bir bor yangi siyosiy partiya tuzish niyatini bildirgan.

Ilon Mask deyarli yarim yil davomida davlat xarajatlarini qisqartirish bilan mashg‘ul bo‘ldi, ammo qisqartirishga arzigulik hech narsa yo‘qligi oydinlashdi.

«Agar xarajatlar to‘g‘risidagi ushbu aqlga sig‘mas qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, keyingi kuniyoq „Amerika“ partiyasi tashkil etiladi», – deya yozgan Mask o‘ziga tegishli bo‘lgan X ijtimoiy tarmog‘ida.

U mamlakatdagi Respublikachilar va Demokratik partiyalari hukmronligini bir partiyaviy tizim deb atab, ularga muqobil kerakligini aytgan. Ushbu tadbirkor avval ham yangi siyosiy harakat tuzish rejasini ma’lum qilgandi. U ijtimoiy tarmoqda o‘tkazgan so‘rovnomada 5,6 million foydalanuvchining 80 foizdan ko‘p qismi ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat aholisining katta qismi siyosiy nuqtayi nazardan so‘l yoki o‘ng qanotga emas, markazga yaqinroqdir.

Tramp Maskka o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida javob qaytardi va Mask elektromobillarga berilgan subsidiyalar hisobiga katta yutuqlarga erishganini eslatdi.

«Elektromobillar yaxshi, ammo barchani uni olishga majburlamaslik kerak. Ilon tarixdagi boshqa istalgan odamga qaraganda ko‘proq subsidiya olgan bo‘lsa kerak va subsidiyalarsiz Ilon katta ehtimol bilan, do‘konini yopib, uyiga, Janubiy Afrikaga qaytib ketishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi», – deydi Amerika prezidenti Maskning kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan Tesla avtomobillarini nazarda tutgan holda.

U endi raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar uchirilmasa va elektromobillar ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, mamlakat juda katta mablag‘ tejab qolishini qayd etdi. Shuningdek, DOGE’dan bu holatni yaxshilab tekshirib ko‘rishni so‘rashiga ham shama qildi.

«Balki biz DOGE’ni bu masalaga jiddiyroq qarashga majburlashimiz kerakdir? BU TeJALIShI LOZIM BO‘LGAN KATTA PULLARDIR!!!» deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

DOGE – Hukumat samaradorligi departamenti bo‘lib, unga ma’lum vaqt aynan Maskning o‘zi rahbarlik qilgandi. Ushbu lavozimdan ketganidan ko‘p o‘tmay, tadbirkor «Katta va go‘zal qonun»ni qattiq tanqid qila boshladi va uni «jirkanch ifloslik» deb atadi (unda katta budjet xarajatlari ko‘zda tutilgani sababli).

Iyun oyi boshida Tramp va Mask ijtimoiy tarmoqlarda tortishib, bir-birining shaxsiyatiga o‘tishgandi. Keyinroq tadbirkor AQSh prezidenti haqidagi ba’zi postlaridan afsusda ekani, ayrim hollarda «haddidan oshib ketgani»ni aytib chiqdi. 

Senatdagi marafon

AQSh moliya vazirligiga ko‘ra, hozirda mamlakat davlat qarzi 36 trln dollarni tashkil etadi. Agar Mask ayovsiz tanqid qilayotgan qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, yangi baholashlarga ko‘ra, bu ushbu qarzni yana 3,3 trln dollarga oshiradi.

Dushanba kuni Kapitoliydagi majlislar zalida senatorlar navbatma-navbat tuzatishlar bo‘yicha ovoz berishga chiqishdi, keyin esa o‘zlarining yopiq kabinetlariga qaytib, kelishmovchiliklarni muxlislar ko‘zidan panada muhokama qilishgan.

Floridadan saylangan senator Rik Skott taklif qilgan tuzatishlardan biri – Medicaid dasturini qisqartirish – 20 mln atrofidagi amerikalik tibbiy sug‘urtadan mahrum bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

«Skottning tuzatishi 2031 yilga qadar kuchga kirmaydi. Shuning uchun u ertagayoq odamlarni tibbiy sug‘urtadan mahrum qiladi deb bo‘lmaydi», – degan Senatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun.

Millionlab qashshoq amerikaliklar uchun tibbiy sug‘urta qisqartirilgani sababli qonun loyihasini qoralab kelayotgan demokratlar debatlar uchun ajratilgan 10 soatdan to‘liq foydalanishi kutilmoqda.

Demokrat senator Adam Shiff qonun loyihasini «dahshatli» deb atadi. U Senatdagi respublikachilar Tramp belgilab bergan 4 iyulgacha ulgurishiga ishonchi komil emasligini aytib o‘tgan.

Shu bilan birga, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Tramp qonun loyihasi Kongress tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga «ishonchi komil» ekanini va u juma kunigacha imzolanishini kutayotganini bildirgan.

Yakshanba kuni demokratlar qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonini sekinlashtirish uchun siyosiy manyovrga qo‘l urishdi va Senatdagi klerklarni qonun loyihasining barcha 940 sahifasini ovoz chiqarib o‘qishga chaqirishdi, bu esa 16 soat vaqt oldi.

Bu bir necha hafta davom etgan ommaviy muhokamalardan so‘ng yuz berdi va Senat katta ustunlikka ega bo‘lmagan holda qonun loyihasini ko‘rib chiqishga kirishdi. Respublikachi senatorlardan ikki nafari debat boshlanishiga qarshi ovoz berib, demokratlarni qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid