Jahon | 21:28 / 02.07.2025
6748
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva markazida ichida FSB veteranlari bo‘lgan mashina portlab ketdi

Transport vositasida Federal xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi hamda uning 80 yoshli otasi - SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi faxriysi bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Moskva markazidagi Staropimenovskiy tor ko‘chasida ichida Rossiya maxsus xizmatlarining veteranlari — SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasining 80 yoshli faxriysi hamda uning qizi — Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) sobiq xodimi bo‘lgan avtomobil portlab ketdi, deb xabar beradi Mash.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayol favqulodda xizmat xodimlari yetib kelgunga qadar olov egallab olgan mashina ichida otasini chiqarib olishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinroq u o‘tgan oy transport vositasini texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tkazganini, jumladan, konditsionerini to‘g‘rilab, yangi signalizatsiya o‘rnatganini ma’lum qilgan.

Guvohlar bir nechta portlash ovozini eshitganini ta’kidlagan. Yuzaga kelgan yong‘in oqibatida ikkita mashinaga shikast yetgan. Yong‘in zudlik bilan bartaraf etilgan. Hozircha jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

Moskvada iyun boshlarida bir kun ichida uchta avtomobil «minalashtirilgan» edi — uchala holat ham shaharning g‘arbiy hududida, bir-biriga yaqin joyda sodir bo‘lgan. Ammo voqea joyiga yetib borgan mutaxassislar portlovchi moslamalar bo‘lganini tasdiqlamagan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oxirlarida Moskva yaqinidagi Balashixa shahrida ko‘p qavatli turar joy binosi hovlisida avtomobil portlab ketgandi. O‘shanda avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi oqibatida RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalik halok bo‘lgan edi.

Mavzuga oid