Otangiz va ozarboyjonliklarning azaliy orzusini ro‘yobga chiqardingiz – Mirziyoyev Aliyevga
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon yetakchisi Ilhom Aliyevning mamlakat hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi say’-harakatlarini yuqori baholadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 2 iyul kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Davlat rahbari so‘zining avvalida Ilhom Aliyevga yuzlanib, Ozarboyjonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar va mamlakat erishayotgan yuksak natijalardan chin dildan xursand ekanini ta’kidladi.
– Siz otangiz va har bir ozarboyjonlikning azaliy orzusini ro‘yobga chiqardingiz - mamlakat hududiy yaxlitligini tikladingiz. Qaytarib olingan hududlarning iqtisodiyoti va infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib boryapsiz, – dedi Mirziyoyev. (Ilhom Aliyevning otasi Haydar Aliyev 1993-2003 yillarda Ozarboyjon prezidenti bo‘lgan – Kun.uz izohi)
Ozarboyjon O‘zbekistonning ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi ekani ta’kidlandi. Bizning maqsadlarimiz, qarashlarimiz va intilishlarimiz o‘xshash. Xalqlarimizni azaldan qardoshligimiz va o‘zaro ishonchimiz asosini tashkil etayotgan tarix, qadriyatlar, til va madaniyat bog‘lab turibdi.
Davlat rahbari bugun bo‘lib o‘tgan Oliy davlatlararo kengash ikkinchi yig‘ilishining samarali natijalarini, uning yakunida muhim qaror va kelishuvlar qabul qilinganini yuksak baholadi.
Bu galgi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlandi. Birinchi Parlamentlararo forum, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, siyosiy maslahatlashuvlar, qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani keng ko‘lamda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro maydonda yaqin aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlandi. Ko‘plab dolzarb global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha pozitsiyalar mos kelishi qayd etildi. Shu ma’noda, Mirziyoyev O‘zbekiston barcha o‘tkir muammo va ziddiyatlarni faqat tinch yo‘l bilan, diplomatik sa’y-harakatlar orqali hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma amaliy choralar ko‘rishga kelishib olindi. Savdo va kooperatsiyani rag‘batlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi.
Mirziyoyev ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida hamkorlikning amaldagi formatlari kengaytiriladi va yangi formatlari yo‘lga qo‘yiladi. Gap Tadbirkorlar kengashini tuzish hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumini o‘tkazish haqida bormoqda.
Yetakchilar transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratdilar. Bugungi kunda mamlakatlarimizni bog‘laydigan va boshqa strategik yo‘nalishlarga chiqish imkonini beradigan O‘rta yo‘lak faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, bahordan boshlab ushbu yo‘lakda elektron ruxsatnomalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yuklarini tashish hajmi 25 foizga oshdi. Ularning yillik hajmi bir million tonnadan ortdi.
Yevropaga «yashil» energiya eksporti bo‘yicha qo‘shma loyihani ilgari surishda erishilgan yutuqlar qayd etildi.
Bundan tashqari, bugun Boku shahrida «O‘zbekiston» bog‘i qurilishiga start beriladi va mamlakatimizning Ozarboyjondagi elchixonasining yangi binosi ochiladi.
Shular bilan bir vaqtda O‘zbekistonda bo‘lajak «Ozarboyjon» bog‘i va noyob «Sea Breeze» sayyohlik majmuasi loyihalari faol tayyorlanayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilda ikki qardosh mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanishi munosabati bilan ushbu muhim sanaga bag‘ishlangan yirik tadbirlar, konsertlar va yoshlar forumlarini birgalikda o‘tkazishga kelishib olindi.
So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun ozarboyjonlik hamkasbiga minnatdorlik bildirdi. Ozarboyjonga bu galgi davlat tashrifi natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, qardosh mamlakatlar va xalqlarning barqaror taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Mavzuga oid

23:12 / 02.07.2025
Ozarboyjon–Rossiya ziddiyatlari nimadan darak?

22:14 / 02.07.2025
Ozarboyjonda O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochildi

21:44 / 02.07.2025
Ozarboyjon-Rossiya mojarosi: Bokuda ushlangan rossiyaliklar haqida nimalar ma’lum?

21:30 / 02.07.2025