Jamiyat | 12:10 / 03.07.2025
2035
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘ni o‘zlashtirgan mansabdorlar aniqlandi

Mansabdor shaxslar eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qilishicha, agentlik Samarqand viloyatidagi tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ (sobiq Eksportni rag‘batlantirish agentligi) tomonidan ajratilgan moliyaviy yordam mablag‘larining maqsadli ishlatilishi holatini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha,  AJ tomonidan 5 ta, jumladan, “A.F” xususiy korxonasi, “Q.J”, “O.G”, “A.Sh” fermer xo‘jaliklari va “S.M.M” MChJga konsalting xizmati uchun 9 ta sertifikat olishga 709 mln so‘m subsidiya ajratilgan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda sertifikat olishga konsalting xizmati ko‘rsatuvchi “W.M”, “D.Q.S” MChJ, shuningdek, “O.M.S” XK yuqorida qayd etilgan fermer xo‘jaliklari va MChJga aslida ko‘rsatilmagan konsalting xizmatlari uchun soxta hujjatlar tayyorlab, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi”ga taqdim etgan va jami 600 mln so‘m budjet mablag‘larini o‘z hisob raqamlariga o‘tkazishga erishgani aniqlandi.  

Qayd etilgan holatlar bo‘yicha ushbu konsalting xizmati ko‘rsatuvchilar, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid