O‘zbekiston | 14:24
1590
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga kelishib oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston vakili Abdul G‘ani Birodar uchrashuvida siyosiy va iqtisodiy aloqalar, temir yo‘l kommunikatsiyalarini rivojlantirish, savdo, tranzit va elektr ta’minoti masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Ozarboyjonning Xonkandi shahrida bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Birodar bilan uchrashdi.

Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari devonining xabar berishicha, uchrashuvda siyosiy va iqtisodiy aloqalar, temir yo‘l kommunikatsiyalarini rivojlantirish, savdo, tranzit va elektr ta’minoti masalalari muhokama qilingan.

«Hozir Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi, bu avvalgi ko‘rsatkichlardan 60 foizga ko‘p. Umid qilamizki, yaqin kelajakda bu hajm 2 milliard dollarga yetadi», dedi Birodar.

U O‘zbekiston tomonini afg‘on tovarlarini Markaziy Osiyo va Rossiyaga eksport qilishga ko‘maklashishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «ikki qo‘shni davlat ham tog‘-kon sanoati, transport, tranzit, xizmat ko‘rsatish va asosiy rivojlanish sohalarida loyihalarni boshlash va boshqarish orqali iqtisodiy barqarorlik, infratuzilmani rivojlantirish va farovonlikni ta’minlash uchun hamkorlik qilishi kerak».

Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston turli sohalarda erishilgan yutuqlarni qayd etib, O‘zbekiston «xalqaro platformalarda, xususan, BMTda Afg‘onistondagi vaziyat haqida real faktlarni yetkazishini» ta’kidladi.

Davlat rahbari mamlakat Afg‘onistonga, jumladan, Mozori Sharif – Hirot – Qandahor temir yo‘li loyihasi, to‘qimachilik korxonalari, sement ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash zavodlari, tuz qazib olish va qayta ishlash zavodlari qurish, elektron hukumatga sarmoya kiritishga tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonga 500 kV elektr uzatish liniyalari qurilishi yakunlangach, elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishga tayyor.

Mirziyoyev, shuningdek, «afg‘on tovarlari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyo va Rossiyaga eksport qilishni osonlashtirish bo‘yicha alohida topshiriqlar berishini» ma’lum qildi hamda mamlakatlar o‘rtasidagi bank hisob-kitoblarini yaxshilash, viza tartibini soddalashtirish, Termiz shahridagi Xalqaro savdo markazini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Birodar va O‘zbekiston bosh vaziri boshchiligida har uch oyda bir marta yig‘ilib, kelishuvlar ijrosini nazorat qilish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.

Mavzuga oid