Jahon | 13:50 / 04.07.2025
2821
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga 550 ta dron va raketa uchirdi

Kiyev yana Rossiyaning katta hujumiga uchradi. Poytaxtda 20 dan ortiq kishi, jumladan, 10 yoshli qiz jarohatlangan.

Foto: AP

4 iyul, jumaga o‘tar kechasi Rossiya yana bir bor Ukrainaga yirik zarba berdi va unga 539 ta dron va 11 ta raketa bilan hujum qildi. Ular orasida 330 dan ortiq Shahed dronlari, X-47M2 "Kinjal" aeroballistik raketasi, oltita «Iskander-M/KN-23» ballistik raketalari va to‘rtta «Iskander-K» qanotli raketalari bor. 478 ta havo nishoni yo‘q qilindi yoki «REU yordamida bostirildi», deya xabar beradi Ukraina Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko ma’lum qilganidek, Kiyev yana kuchli zarbaga uchradi, 20 dan ortiq kishi, jumladan, 10 yoshli qiz yaralangan. Turar joy binolari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, transport infratuzilmasi shikastlangan. Urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlarning bo‘laklari Kiyevning Darnitskiy va Goloseyevskiy tumanlariga tushdi, Solomyanskiy va Svyatoshinskiy tumanlarida turar joy binolari, Shevchenko tumanida sakkiz qavatli bino zarar ko‘rgan. Hammasi bo‘lib 13 ta joyda zarar qayd etilgan.

Kiyevda temiryo‘l infratuzilmasi ham shikastlangan. Yo‘lovchi poyezdlari harakati qisman cheklangan, ayrim poyezdlar ikki soatgacha kechikishlar bilan harakatlanmoqda.

Rossiya, shuningdek, Patriot havo mudofaa tizimlari joylashtirilgan Julyani aeroporti yaqiniga havodan hujum qilishga urindi. Buni ushbu hududdagi yong‘inlar tasvirlari ko‘rsatadi. U yerda aniq nima yonayotgani noma’lum.

Politico 1 iyul kuni manbalariga tayanib yozishicha, Pentagon AQShning o‘zida qurollar yetarlicha emasligidan xavotir tufayli Kiyevga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi uchun raketalar, Hellfire raketalari va boshqa yuqori aniqlikdagi artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berishni muzlatib qo‘ydi. Bu qurollarni yetkazib berish bo‘yicha Kiyev bilan AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati kelishib olgandi.

Mavzuga oid