Zelenskiy va Tramp telefon orqali muloqot qildi
Ukraina va AQSh yetakchilar Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berish masalasini muhokama qildi.

Donald Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotidan bir kun o‘tib Volodimir Zelenskiy bilan ham qo‘ng‘iroqlashdi. Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Tramp bilan Kiyevga yordam hajmini oshirish, jumladan, havo hujumidan mudofaani kuchaytirish masalasini muhokama qilgan. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari AQShning Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni qisman to‘xtatish qarorini muhokama qilishda davom etmoqda, bu Amerikaning o‘z zaxiralari tugashi bilan izohlanadi.
Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi suhbat juma kuni tushdan keyin bo‘lib o‘tdi.
Bundan bir necha soat oldin Rossiya qo‘shinlari Kiyevga yana raketa va dronlar bilan yirik zarba bergandi – bu urush davridagi eng yirik zarbalardan biri bo‘ldi. Bir kishi halok bo‘ldi, yana 26 kishi jarohatlandi. Ukraina rasmiylari shahar o‘qqa tutilishi oqibatida Kiyevning temiryo‘l infratuzilmasiga ham zarar yetganini ma’lum qilgan.
Ukraina prezidenti o‘z ijtimoiy tarmoqlarida Tramp bilan suhbat «juda muhim va foydali» bo‘lgani haqida yozib qoldirdi.
«Biz bugun vaziyat haqida gaplashdik: Rossiya havo zarbalari va kengroq - frontdagi vaziyat haqida. Havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini muhokama qildik va osmon himoyasini kuchaytirish ustida ishlashga kelishib oldik», – degan Zelenskiy.
So‘nggi oylarda Ukraina Rossiyaning tobora kuchayib borayotgan zarbalaridan himoyalanish uchun AQSh va boshqa G‘arb ittifoqchilaridan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalarini taqdim etishni so‘ramoqda. Shu jumladan, Kiyevga Amerikaning qo‘shimcha Patriot qurilmalari (ular ballistik raketalarni tutib olishga qodir), shuningdek, ular uchun mo‘ljallangan raketalar kerak.
Axios nashri jurnalisti Barak Ravid o‘z manbalariga tayanib, Trampning Zelenskiy bilan suhbati taxminan 40 daqiqa davom etganini ma’lum qildi. Suhbatdosh bu «yaxshi suhbat» bo‘lganini aytdi, deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Ravid.
Suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, «Tramp Kiyevga havo hujumidan mudofaa sohasida yordam berishni xohlashini va agar to‘xtatilgan bo‘lsa, aynan nima to‘xtatilganini surishtirib ko‘rishini aytgan».
Ukrainaga yordam yetkazib berishdagi tanaffus
Shu hafta AQSh Ukrainaga ba’zi turdagi qurollarni yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi.
Amerikadagi ayrim ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Patriot tizimlari uchun tutib oluvchi raketalar, shuningdek, Ukraina armiyasida xizmat qilayotgan F-16 qiruvchi samolyotlari uchun snaryadlar va raketalar yetkazib berish to‘xtatiladi.
Amerika rasmiylari muayyan turdagi qurollarni yetkazib berish to‘xtatilgani haqidagi ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan, biroq qurollarning bir qismini yetkazib berish to‘xtatilganini tan olgan – bunga Amerika armiyasining o‘z zaxiralari tugagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Payshanba kuni Vashingtondagi «Endryus» aviabazasida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Tramp yetkazib berish to‘xtatilishi haqidagi savolga mujmal javob qaytardi.
Jurnalistlardan biri undan shunday so‘ragan: «Nima uchun Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatdingiz?»
«Biz to‘xtatganimiz yo‘q, biz ularga qurol beryapmiz, lekin biz juda ko‘p qurol berdik. Ammo biz qurol beryapmiz. Va biz ular bilan ishlaymiz va ularga yordam berishga harakat qilamiz. Ammo Bayden ularga qurol berayotganda butun mamlakatni vayron qildi. Va biz shunday qilishimiz kerakki, o‘zimizga ham yetsin», – deb javob berdi AQSh prezidenti.
Shu bilan birga, NBC News telekompaniyasi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh rasmiylarining Pentagonning qurol zaxiralari tugashi tahdidi haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Nashr mualliflari iqtibos keltirgan uch nafar anonim mulozimning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa vaziri Pit Hegset tashabbusi bilan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida «yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilarning ba’zi zaxiralari past darajada ekani, biroq hozircha kritik minimal ko‘rsatkichlargacha kamaymagani» aniqlangan.
AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi Demokratik partiya fraksiyasi rahbarlaridan biri Adam Smit (u mudofaa qo‘mitasi a’zosi) NBC telekanaliga bergan intervyusida «hozirda kamida uch yarim yillik mojaro uchun yetarli zaxira borligi»ni aytgan.
NBC News xabarida ba’zi turdagi qurollarni yetkazib berishni to‘xtatish qarori AQSh Davlat departamenti, Kongress a’zolari, Kiyevdagi rasmiylar va Yevropa ittifoqchilari uchun kutilmagan hol bo‘lgani ham aytilgan.
NBC suhbatdoshlari ta’minot to‘xtatilishi Hegset tomonidan bir tomonlama qadam bo‘lganini qayd etgan. Manbalar aniqlik kiritishicha, Pentagon rahbari uchinchi marta mustaqil ravishda Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatmoqda. Avvalgi ikki holatda, fevral va may oylarida uning qarorlari bir necha kundan keyin bekor qilingan.
Mudofaa vazirining siyosat bo‘yicha o‘rinbosari Elbrij Kolbi bu qadamlarni qo‘llab-quvvatladi, deb xabar berdi NBC manbalari. Kolbi uzoq vaqtdan beri AQShning Ukrainaga yordam berishdagi ishtirokini kamaytirish va Xitoyga qarshi turish uchun resurslarni Tinch okeani mintaqasiga ko‘chirish tarafdori hisoblanadi.
Trampning Putin bilan oxirgi muloqoti
Payshanba kuni kechqurun Tramp Putin bilan qo‘ng‘iroqlashdi, bu ularning AQSh prezidenti inauguratsiyasidan beri ma’lum bo‘lgan oltinchi suhbati edi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, bir soatga yaqin davom etgan qo‘ng‘iroq chog‘ida Putin Trampga Rossiya Ukrainada erishmoqchi bo‘lgan maqsadlaridan voz kechmoqchi emasligi, «ya’ni hozirgi vaziyatga, hozirgi keskin qarama-qarshilikka olib kelgan barchaga ma’lum sabablar bartaraf etilishi»ni aytgan. «Rossiya bu maqsadlaridan qaytmaydi», – degan Ushakov.
O‘z navbatida, Tramp ushbu suhbat chog‘ida Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha hech qanday muvaffaqiyatga erishmaganini tan oldi.
Oq uy rahbari «Endryus» aviabazasida jurnalistlarga Putin bilan Ukrainadagi urush hamda Erondagi vaziyatni muhokama qilganini aytdi. «Yo‘q, men u bilan hech qanday o‘sishga erishmadim», deb javob berdi Tramp o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga qanchalik yaqinlashgani haqidagi savolga.
«Men bugun prezident Putin bilan bo‘lgan suhbatdan juda hafsalam pir bo‘ldi, chunki, menimcha, u bunga tayyor emas. Men u tayyor deb o‘ylamayman. Va bu juda ranjitadi. Men shunchaki, u to‘xtaydi, deb o‘ylamayman, deb aytyapman va bu achinarli», – degan Tramp.
Mavzuga oid

18:50 / 04.07.2025
AQSh savdo bitimini tuzmagan davlatlarga ogohlantiruvchi xat yuborishni boshladi

12:26 / 04.07.2025
Putin Trampning urushni tezroq tugatish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi

22:00 / 03.07.2025
«Rossiya o‘z maqsadlariga erishadi». Putin Tramp bilan navbatdagi muloqotida nima haqda gaplashdi?

19:18 / 03.07.2025