O‘zbekiston | 17:00 / 05.07.2025
15480
16 daqiqa o‘qiladi

“Golden cash” ishi: “ko‘rinmas odam” o‘zbekistonliklarni qanday chuv tushirgandi?

2021 yil 11 yanvar kuni O‘zbekistonga “Kiyev–Istanbul–Toshkent” yo‘nalishidagi samolyotda Ukraina fuqarosi bo‘lgan Maksim Muntyan ismli shaxs uchib kelgan. Aeroportdan chiqib, Toshkent ko‘chalariga qadam qo‘ygan Muntyan yirik xalqaro firibgarlik ipining bir uchini O‘zbekistonga tortib kelganini o‘sha vaqtda hech kim bilmagandi: firibgarlar guruhi juda qisqa vaqtda minglab o‘zbekistonliklarni millionlab dollarga chuv tushirdi. Bu “Ahmadboy ishi”dan so‘ng sodir etilgan eng yirik moliyaviy piramidalardan biri bo‘ldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Niqob

2021 yil boshida O‘zbekistonda avvaliga Farg‘onada, keyin Toshkent shahrida “Golden cash” brendi ostida zargarlik buyumlari do‘koni ochiladi. Ushbu brend reklamaning kuchi bilan juda qisqa vaqt ichida ommaga tanilib, shov-shuvga aylangan. “Golden cash”ni taniqli shaxslar reklama qilishi odamlarda unga bo‘lgan ishonchni yanada oshirgandi.

Biroq bu katta moliyaviy piramidaning boshlanishi edi: odamlarning cho‘ntagidagi millionlab dollarlarga ko‘z tikkanlarga yonlaridan pul sarflab, 2-3 ta zargarlik buyumlari do‘konini sahnalashtirish cho‘t emasdi. Va ular bu ishni osongina uddalashgan.

2021 yil 15 yanvar kuni “Golden cash store” MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Uning faoliyat turi ixtisoslashgan do‘konlarda soatlar va zargarlik buyumlari chakana savdosi edi. MChJ ta’sischisi va rahbari Maksim Muntyan bo‘lgan.

“Golden cash store” MChJning ustav fondi 11 mlrd so‘m qilib belgilangan. Biroq bu ustav fondi shakllantirilmagan. Bu ko‘zlanayotgan yirik firibgarlikka qonuniy tus berish yo‘lidagi harakatlar edi xolos.

Shundan so‘ng 2021 yil 25 may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi davlat asillik darajasi nazorat inspeksiyasi tomonidan “Golden cash store” MChJga tasdiqnoma taqdim etilgan. Bu tasdiqnoma odamlarga “Mana litsenziya, bizning ishimiz qonuniy” deyish uchun muhim qadam edi.

Firibgarlar hatto “Golden cash store” MChJga halollik sertifikati ham tayyorlagan.

Shu tariqa firibgarlar qisqa vaqt ichida “Golden cash”ni o‘zbekistonliklarga zargarlik buyumlari do‘konlari tarmog‘i sifatida ko‘rsata olgan.

Jamoa

Garchi “Golden cash store” MChJ Maksim Muntyanning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, aslida bu ishda u katta jamoaning bir vakili edi xolos. Jamoada Vitaliy Kostyuk, Boris Sinyavskiy, Oleksandr Savelev ismli Ukraina fuqarolari, Alisher Sobirov, Suxrob Turdiyev, Xushbaxt Shoyev va boshqa Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.

Uyushgan guruhga Oleksandr Savelev rahbarlik qilgan. U guruhni masofadan turib boshqargan va nazorat qilgan, vazifalarni taqsimlab bergan. Boris Sinyavskiy va Maksim Muntyan tashkilotchi, Vitaliy Kostyuk esa yordamchi bo‘lgan. Bular Oleksandr Savelev ko‘rsatmalari asosida ish olib borgan.

Jamoa “Golden cash” brendini O‘zbekistonda tanitgach, keyingi qadam sifatida viloyatlarda filiallar tashkil qila boshlaydi. Qisqa vaqtda Navoiy, Andijon, Samarqand, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro, Jizzax va boshqa joylarda 10 ga yaqin hududiy ofislar ochiladi.

10 oyda 5,7 mln dollar

Ofislar ochilib, “Golden cash” O‘zbekistonda keng tarmoq yoygach, asosiy maqsad – odamlarni chuv tushirish orqali puliga ega chiqishga o‘tilgan. Buning uchun maxsus ilova ishlab chiqilib, mijozlarga brendga pul tikish orqali katta foizlarda daromad ko‘rish taklif etilgan. Hududlarda ko‘p mijoz taklif qilganlarga “lider” maqomi berilib, “shoxidan sopi” chiqarilgan.

Firibgarlar viloyatlarda “liderlar” orqali fuqarolarga pul mablag‘larini haftalik yoki 1, 3, 6, 12 oy muddatga topshirgan taqdirda, 3,5 foizdan 260 foizgacha daromad bilan qaytarib berishni va’da qilishgan. “Liderlar”ga esa har bir jalb qilgan mijozlarining kiritgan sarmoyasidan 1 foizdan 20 foizgacha moddiy rag‘batlantirish aytilgan. Bu yolg‘onga laqqa tushgan “liderlar” imkon qadar ko‘proq mijoz topishga kirishib ketgan.

Birgina Navoiy shahrida “Golden cash”ning 3 ta ofisi faoliyat yuritgan va viloyatda yashovchi 283 kishi bu qarmoqqa ilingan.

“Golden cash” odamlar orasida shunchalik ommalashib ketadiki, bu haqda eshitganlar shaxsiy jamg‘armasini ko‘tarib borib, firibgarlar qo‘liga tutqazib kela boshlaydi. Shu tariqa, moliyaviy piramidachilar juda qisqa vaqt ichida – 2021 yilning 15 yanvaridan 16 noyabr kuniga qadar jami 2065 nafar fuqaroning o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha 5 776 365 AQSh dollari mablag‘larini qo‘lga kiritishadi.

Sud va jazo

2021 yilning 16 noyabr kuni Ukraina fuqarolari – Maksim Muntyan va Vitaliy Kostyuk, Tojikiston fuqarolari – Alisher Sobirov, Suxrob Turdiyev, Xushbaxt Shoyev qo‘lga olingan. Ularning bari jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2022 yil 14 oktyabrdagi hukmi bilan juda ko‘p miqdorda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Maksim Muntyan va Vitaliy Kostyuk 9,5 yil, Alisher Sobirov 9 yil, Suxrob Turdiyev hamda Xushbaxt Shoyev 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sudlanuvchilardan 2062 nafar jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 fevraldagi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Mening aybim yo‘q”

Maksim Muntyan sudda qo‘yilgan aybni tan olmagan. U bu ishlarning barchasi Oleksandr Savelev va Boris Sinyavskiy ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilganini aytgan.

2021 yil 7 yanvar kuni menga oldindan tanish bo‘lgan Vitaliy Kostyuk Telegram orqali yozdi. U O‘zbekistonda ish taklif qildi va Toshkent shahrida zargarlik do‘koni ochilishini, u yerda direktor bo‘lib ishlashim kerakligini aytdi. Menga oyiga 1 500 AQSh dollari miqdorida maosh, kompaniya tomonidan yo‘lkira, turar joy va ovqat uchun to‘lov va’da qilindi. Men bu taklifga rozi bo‘ldim. Vitaliy Kostyuk “Golden Cash” kompaniyasi rahbari Boris Sinyavskiydan ko‘rsatmalar olishimni ma’lum qildi.

2021 yil 11 yanvar kuni “Kiyev–Istanbul–Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekistonga uchib keldim. Meni Maksim Sidorenko va Alisher Sobirov kutib oldi. Oradan bir-ikki kun o‘tgach Aleksandr Davidov Telegram orqali qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuv taklif qildi. Uchrashdik. U taksi chaqirib, Nukus ko‘chasiga olib bordi. U yerda bizni ikki ayol kutib oldi. Bu yuristlar “Golden Cash store” MChJni ochishda yordam berishdi. Men ushbu kompaniyada ta’sischi va bir vaqtning o‘zida direktori sifatida qayd etildim. Shu bilan birga, Toshkent markazida do‘kon topish, ta’mirlash ishlarini tashkil qilish bilan ham shug‘ullandim. Bu vazifalarni menga Boris Sinyavskiyning ko‘rsatmasiga binoan Vitaliy Kostyuk berdi”, degan Maksim Muntyan.

So‘ngra ochilgan zargarlik do‘koniga Turkiyadan kurer orqali tilla mahsulotlari olib kelingan. Muntyan kkinchi marta 2021 yil yozida 16 000 dollarlik tovarni Toshkent aeroportida qabul qilib olganini bildirgan.

Moliyaviy ishlar bilan birinchi oyda Maksim Sidorenko shug‘ullandi. U mendan avvalroq Toshkentga kelgan. Maksim Ukrainaga ketishidan oldin menga 30 000 AQSh dollari berdi. Keyinroq bu mablag‘larni Oleksandr Savelevning ko‘rsatmasiga asosan Turkiyaga jo‘natdim.

2021 yil fevralda Turkiyadan O‘zbekistonga Kamil ismli tarjimon keldi. U asosan Farg‘onada bo‘ldi. Kamilga pullarni Suxrob Turdiyev va Xushbaxt Shoyev yetkazishardi. Kamil olingan pullarni Oleksandr Savelev ko‘rsatmasi asosida bitkoinga aylantirardi. U pullarni teleminora yaqinida notanish erkakka berardi. Bu jarayon 2-3 marta takrorlangan”, degan Muntyan.

Kamil ketgach, ushbu vazifalarni Muntyan o‘z zimmasiga olgan. U Turkiyaga pullarni yuborishda o‘z pasportlaridan foydalanishga rozi bo‘lgan fuqarolardan foydalangan.

Ko‘rinmas” odam

Ish bo‘yicha Vitaliy Kostyukning ko‘rsatmalari ham qiziq. U sudda “Golden cash” ishining eng tepasida “ko‘rinmas odam” turganini aytgan.

Golden Cash store” kompaniyasiga marketolog sifatida ishga taklif qilinganman. Bu taklif menga ushbu kompaniyaning haqiqiy egasi Boris Sinyavskiy hamda Oleksandr Savelev tomonidan berilgan. Ulardan yuqorida esa investor bor edi. Barcha xarajatlar — bino ijarasi, ta’mirlash, zeb-ziynat buyumlarini, texnika va boshqalarni xarid qilish investor tomonidan qoplangan. Men bu odamni hech qachon ko‘rmaganman va hatto ismini ham bilmayman.

Mening vazifam internet orqali zeb-ziynat buyumlarini sotish uchun kompaniyaning reklama konsepsiyasini ishlab chiqish, sayt dizaynini, taqdimotlar, slaydlar, foto va video kabi ish materiallarini tayyorlash edi. Oylik maoshim 5 000 AQSh dollarini tashkil etgan. Men hech qachon odamlarga maosh to‘lamaganman, hech qanday hujjatga imzo qo‘ymaganman va omonatchilardan pul olmaganman. “Golden Cash” marketingi bilan Turkiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda shug‘ullandim”, degan Vitaliy Kostyuk o‘z ko‘rsatmasida.

Shuningdek, Vitaliy Kostyuk va Maksim Muntyan O‘zbekistondagi “Golden Cash store” kompaniyasida mijozlar soni taxminan 10 000 kishini tashkil qilgani, ulardan taxminan 10 mln AQSh dollari mablag‘ yig‘ilgani, pullarning aksariyat qismi mijozlarga keshbek sifatida to‘lab berilgani haqida bir xil ko‘rsatma bergan.

Pullar qayerda?

Maksim Muntyanga ko‘ra, pullar Kapitalbankda uning nomiga ochilgan plastik kartaga yig‘ilgan. Ushbu karta orqali taxminan 2 mlrd so‘m yechilgan. Shundan so‘ng karta bloklangan hamda Murodil Murodov nomiga ochilgan ikkinchi karta ishlatilgan. Qolgan bank kartalari ham Murodov tomonidan topilgan odamlar nomiga ochilgan. U har bir odam nomiga bank kartasi ochish uchun 100 dollar to‘lagan.

Barcha bank kartalari Murodil Murodovda saqlangan. U kartadagi pullarni Farg‘onadagi tanishi orqali naqdlashtirgan. Murodov har kuni Telegram orqali Muntyanga o‘zida qancha pul borligini yozgan. U esa bu mablag‘larni Farg‘ona, Toshkent va boshqa ofislardan jamlab, hisobotni Savelevga taqdim qilgan.

Maksim Muntyanning ko‘rsatmasida qiziq bir nuqta bor: u pullarni qanday qilib Turkiyaga chiqarib yuborganini quyidagicha tushuntirgan:

Oleksandr Savelev yoki boshqa nazorat qiluvchi kishi Telegram orqali pul oluvchi shaxsning raqamini yoki Telegram loginini yuborardi. U odam menga qo‘ng‘iroq qilar yoki yozardi. Uchrashuv joyi kelishilgach, taksida yetib borardim. Oluvchi mashinaning oynalari orqali parolni ko‘rsatardi. Agar parol to‘g‘ri bo‘lsa, Telegram orqali Savelevga xabar berardim va pulni topshirardim. Oluvchi pulni sanab, keyin ketardi. Men esa taksida ortga qaytardim.

Bu jarayon odatda tunda, soat 21:00 dan keyin amalga oshirilardi. Bir martada 10 000 dollardan 140 000 dollargacha topshirganman. Har haftada bunday operatsiya bo‘lgan. Umumiy hisobda 1 mln dollar atrofidagi mablag‘ni naqd ko‘rinishida yetkazib berganman. Mijozlardan yig‘ilgan bu pullar Turkiyaga chiqib ketgan. Oleksandr Savelev bu pullarni nima qilgani menga noma’lum”.

Zararni “liderlar” to‘layapti

Sud hukmida keltirilishicha, “Golden cash” ishida firibgarlar 2065 nafar fuqaroning jami 5 776 365 AQSh dollari mablag‘larini qo‘lga kiritgan. Hukmda sudlanuvchilardan 2062 nafar jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Biroq “Golden cash” ishida hududlarda “liderlik” maqomiga erishgan shaxslarga, ya’ni 10-15 kishini pul tikishga jalb qilganlarga ham “delo” qo‘zg‘atilgan. Endilikda fuqarolarga yetkazilgan zarar o‘zbekistonlik bo‘lgan ana shu “liderlar” zimmasiga yuklanmoqda. Demak, mijozlardan yig‘ib olingan 5,7 mln dollar pulning katta qismi O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan.

Jumladan, yaqinda JIB Navbahor tuman sudida “Golden cash” ishi doirasida fuqaro Kumush Hamdamovaga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Sudning 2025 yil 28 apreldagi hukmida Kumush Hamdamova Boris Sinyavskiy, Maksim Muntyan, Vitaliy Kostyuk va boshqalar bilan jinoiy til biriktirgani aytiladi. Unga ko‘ra, Hamdamova “Golden Cash store” MChJning Navoiy viloyati bo‘yicha norasmiy lideri sifatida ishlab kelgan.

Ammo Kumush Hamdamova sudda aybiga iqrorlik bildirmagan va uning o‘zi jabrlanuvchi ekanini aytgan.

Jinoyat ishida 6 kishi jabrlanuvchi sifatida o‘tgan. Ya’ni bu shaxslar Hamdamova tomonidan “Golden cash”ga pul tikishga jalb etilgani keltirilgan. Shu sababli, hukmda ushbu 6 kishiga yetkazilgan zarar Kumush Hamdamova tomonidan Navoiy viloyati IIB depozit hisobraqamiga qo‘yilgan 325 mln so‘mdan qoplanishi belgilangan. Ayni ana shu 6 jabrlanuvchining ismi Maksim Muntyan va boshqalarga oid jinoyat ishida ham bor.

Nega aldanaveramiz?

“Golden cash”dan keyin ham O‘zbekistonda o‘nlab moliyaviy piramidalar “palak yozdi”, odamlarning millionlab dollar pullari chet davlatlarga olib chiqib ketildi. Bu jarayon hozirgi kunda ham davom etmoqda: odamlar biri yo‘qolib, biri paydo bo‘layotgan turli sxemadagi “pul ko‘paytirish” loyihalariga hamon aldanishmoqda.

Aslida xalqaro jinoiy guruh O‘zbekistonga tadbirkorlik niqobi ostida kelib, 10 oyda minglab fuqaroni millionlab dollarga chuv tushirishi tadbirkorlik va firibgarlik o‘rtasida odamlar yaqqol ajrata oladigan qizil chiziq yo‘qligini anglatadi. “Golden cash” ishida ham MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, unga shakllantirilmagan 11 mlrd so‘m ustav kapitali yozib qo‘yilgan, faoliyat yuritishi uchun tasdiqnoma taqdim etilgan. Ushbu hujjatlar odamlarni faoliyatim qonuniy deya chuv tushirishga yetarli. O‘zimizning “domchi” va “avtolizingchi” shovvozlarning firibi yetmaganday, chet elliklar ham kelib talab ketaverishi bu yo‘nalishda aniq chora-tadbirlar belgilash vaqti kelganini ko‘rsatmoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid