"Jasorat maktablari"ga qanday o‘qishga kirish mumkin?
Mudofaa vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining "Jasorat maktablari"ga o‘quvchilarni qabul qilish va o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qo‘shma qarori qabul qilindi.

"Jasorat maktablari" bolalarni yoshlik chog‘idanoq vatanga cheksiz sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni jismonan sog‘lom va ma’naviy jihatdan yetuk shaxslar sifatida voyaga yetkazish maqsadida respublikaning har bir tuman (shahar)ida bittadan umumta’lim o‘rta maktabi bazasida tashkil etiladi.
Jasorat sinflariga o‘quvchilarni qabul qilish (bitta sinfga 26 nafar o‘quvchi) 5-sinfdan boshlab imtihon natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Sinovlar orasida matematika va ona tili bo‘yicha testlar, shuningdek jismoniy tayyorgarlikni tekshirish ham bor.
Jasorat sinflariga O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.
Jasorat sinflarida umumiy o‘rta ta’lim fanlari soatlarini maqbullashtirish hisobiga matematika, fizika, tarix, chet tili va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘tiladi.
Jasorat sinflarida ta’lim 5-11-sinflarda amalga oshiriladi. Ta’lim o‘zbek, qoraqalpoq yoki rus tillarida olib boriladi.