Jahon | 11:47 / 08.07.2025
1225
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Tramp nomzodini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surdi

Isroil bosh vaziri Oq uyda kechki ziyofat chog‘ida AQSh prezidenti «davlatlarda, mintaqalarda tinchlikni mustahkamlamoqda» dedi. Donald Tramp G‘azo sektorida tezda o‘t ochishni to‘xtatishni istashini ochiq aytdi.

Foto: Kevin Lamarque/REUTERS

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda Netanyahuning o‘zi mahalliy vaqt bilan 7 iyul, dushanba kuni kechqurun (Yevropa vaqti bilan 8 iyulga o‘tar kechasi) Vashingtondagi Oq uyda kechki ovqat paytida ma’lum qildi.

Isroil bosh vaziri Amerika prezidenti haqida shunday dedi: "U biz gapirayotganda mamlakatlarda, mintaqalarda tinchlikni mustahkamlamoqda". Netanyahu Trampga Nobel qo‘mitasiga yuborgan maktub nusxasini topshirdi.

Kechki ovqat avvalida jurnalistlar AQSh prezidentidan Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida 22 oydan beri adovat davom etayotgan G‘azo sektorida sulhga erishish borasidagi ishlar qanday ketayotgani haqida so‘radi. «Qandaydir kechikish bor deb o‘ylamayman. Menimcha, hammasi juda yaxshi ketmoqda», — dedi Tramp. Uning fikricha, tomonlar «uchrashishni istaydi va o‘t ochishni to‘xtatishni xohlaydi».

Netanyahu, o‘z navbatida, Isroil G‘azo sektori ustidan nazoratni «doimo» saqlab qolishini va bu nazoratni to‘liq Falastin ma’muriyatiga o‘tkazmasligini aytdi. «Odamlar bu to‘laqonli (Falastin) davlat emas, bu davlat emas, deydi. Bizga baribir», — dedi Isroil bosh vaziri.

6 iyul kuni Tramp, uning fikricha, yaqin kunlarda Isroil va HAMAS o‘rtasida kelishuvga erishish uchun «yaxshi imkoniyat» borligini aytdi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt: «AQSh prezidenti uchun hozir Yaqin Sharqdagi eng muhim ustuvor vazifa G‘azo sektoridagi urushni tugatish va barcha (isroillik) garovga olinganlarni qaytarishdir», dedi.

Mavzuga oid