Jahon | 22:00 / 08.07.2025
2268
7 daqiqa o‘qiladi

Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni

So‘lim oqshomlarning birida xuddi shunday so‘lim ekzekyutor Ivan Dmitrich Chervyakov teatr ikkinchi qatorida o‘tirib, durbin bilan «Kornevilskiye kolokola» degan spektaklni tamosha qilardi. U sahnaga qarab o‘zini eng rohatda o‘tirgan tomoshabindek his qildi. Lekin birdaniga...

Bu rus yozuvchisi Anton Chexov qalamiga mansub «Chinovnikning o‘limi» hikoyasining kirish qismi edi. Sezganingizdek bugun Rossiyadagi chinovnikning o‘limi va biroz adabiyot haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiyalik vazir o‘zini otdi

7 iyul ertalab Rossiya prezidenti Putin mamlakat transport vaziri Roman Staravoytni iste’foga chiqardi. Kechga borib vazir o‘z joniga qasd qildi. Vazir yaqinda sotib olgan Tesla avtomobili ichida to‘pponchadan o‘q uzib o‘zini o‘ldirgan. Starovoyt 2023 yil Ichki ishlar vazirligi rahbariyati sovg‘a qilgan to‘pponcha bilan o‘zini otgan.

Rossiyada bir vazir o‘zini o‘ldirganining bizga nima qizig‘i bor, deyishga shoshmang. Birinchidan, Rossiya hamon mintaqadagi eng ta’sir doirasi katta davlat bo‘lib, unda bo‘layotgan siyosiy voqealar tabiiyki diqqat bilan kuzatilishi kerak. Masalan, O‘zbekistonning iqtisodiy hayotini Rossiyasiz tasavvur qilish imkonsiz.

Rossiya to‘rt yildan buyon sobiq ittifoq tarkibidagi boshqa bir davlat Ukraina yerlarini egallab olish uchun urush ochgan. Bunday vaqtda Rossiya siyosiy hayotidagi voqealar ikki hissa muhimlashadi. Kecha o‘z joniga qasd qilgan vazir Rossiya frontidagi eng qaynoq hudud Kursk oblastining sobiq gubernatori edi. Shu bois bu voqeani kuzatib borish kerak.

Ukraina g‘arbdagi hamkorlaridan yetarlicha qurol ololmagach, jang maydonida qiynalib qoldi. Rossiya tinimsiz frontga odam yollagani, Ukrainada ommaviy safarbarlik e’lon qilinmagani, kap-katta erkaklar hamon restoranlarda chilim chekib o‘tirgani frontdagi vaziyatni Kiyev uchun kritik holatga olib keldi. Bunday vaqtda qandaydir noodatiy qarorgina vaziyatni o‘zgartirishi mumkin edi. Ana shu noodatiy qaror Ukraina Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirgani bo‘ldi. Ukrainlar qisqa vaqtda Kurskdagi 1000 km. kvadrat maydonni egallab olib, yaqingacha uni nazoratda ushlab turishdi. Rossiya majburan Kurskka katta kuch tashladi, Shimoliy Koreyadan «hasharchi» chaqirdi, Donbassdagi ba’zi guruhlarni Kurskka tashlashga majbur bo‘ldi. Xullas, Ukraina ko‘zlagan maqsadiga erishdi.

Kiyev hech narsa bo‘lmaganday bemalol Kurskka bostirib kirganida rossiyalik urush tarafdorlarida savol paydo bo‘ldi: chegara qo‘rg‘onlari qani? Davlat ajratgan pullar qayerga ketdi? Bosqin sodir bo‘lishidan ikki oy avval Roman Starovoyt Kursk gubernatori lavozimidan ketgan va transport vaziri bo‘lgandi. Uning o‘rnini Smirnov degan yordamchisi egalladi va bir yil o‘tmay aynan mudofaaga ajratilgan pullarni «tuya qilgani uchun» qamaldi.

OAVda yozishlaricha, o‘z joniga qasd qilgan Starovoyt ustidan ham xuddi o‘sha ish bo‘yicha ayblov qo‘zg‘atilgan bo‘lishi mumkin. Chunki uning o‘rniga kelgan Smirnov yaqinda qamalgan, mudofaa uchun pul berilgan vaqtda Smirnov gubernator Starovoytning yordamchisi edi. Balki tergov davomida Smirnov sobiq boshlig‘ini sotgandir, bunisini bilmaymiz, lekin vazir o‘z joniga qasd qilgani, Putin o‘sha kuni ertalab uni ishdan bo‘shatganiga qaraganda, daraxtning uchi bejiz qimirlamagan ko‘rinadi.

Urushning kursidagi qurboni

Endi bu voqea nimasi bilan ahamiyatli ekani haqida. Biz 2022 yil fevraldan buyon bir gapni ko‘p takrorlaymiz: urushni hech qachon boshlamaslik kerak. Men Roman Starovoytning urushni faol qo‘llagan gubernator bo‘lgani, harbiy kiyimda yurib «Vagner» bilan qalin bo‘lgani, urush sabab yaxshigina siyosiy karera qilib olgani haqida gapirmoqchi emasman. Bu inson – urushning qurboni. Okopdagi, jang maydonidagi emas, front ortidagi, kursidagi qurboni. Ajoyib yozuvchimiz O‘tkir Hoshimov «Urushning so‘nggi qurboni» degan hikoyasi yozgan. Unda qahatchilikdan sillasi qurigan kampir nogiron bolasiga qulupnay olaman deb tok urib o‘ladi. Yozuvchi urush keltirgan qashshoqlik sabab o‘lgan o‘sha ayolni urush qurboni deb ataydi.

Ha, azizlar, urush shunaqa shafqatsiz narsaki, unda faqat okopdagi, kazarmadagi askarlar emas, yegulik qidirgani chiqqan oddiy kampirlar, bomba tushgan magazinda buxanka sotib olgani borganlar, onasi bilan bog‘chaga ketayotgan kolyaskadagi bolalar ham o‘ladi. Va barchamiz guvoh bo‘ldikki, urushda kuchli tomonning mulozimi, butun boshli vazir, qo‘riqchilar bilan yuradigan chinovniklar ham o‘lib ketaverarkan. Hech qanday raketa zarbisiz, Tesla mashinasi ichida, davlati sovg‘a qilgan pistoletdan o‘q uzib...

So‘zimiz avvalida Anton Chexov qalamiga mansub «Chinovnikning o‘limi» hikoyasi kirish qismini keltirgandik, so‘ngso‘zda hikoya yakunini keltirsak.

Chervyakovning qornida nimadir uzilib ketdi. U hech nimaga qaramay, hech nimani eshitmay, eshikkacha tisarilib bordi, ko‘chaga chiqib, jo‘nab qoldi... Uyiga qanday borganini ham bilmay, vitsmundirini ham yechmay, divanga yotdi-yu... o‘lib qoldi.

Xuddi O‘rtoq Boykenjayev filmining yakuniga o‘xshaydi, to‘g‘rimi? Azizlar, vaqtingiz bo‘lganda, biz bugun eslagan ikki hikoyani albatta o‘qing. Ikkisi ham juda kichik, lekin katta ma’noga ega hikoyalar. Omon bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid