Jahon | 22:16 / 09.07.2025
1586
2 daqiqa o‘qiladi

Linda Yakkarino X ijtimoiy tarmog‘i bosh direktorligidan ketdi

U Ilon Maskning taklifiga ko‘ra, 2023 yilda mazkur lavozimni egallagan edi.

Foto: Getty images

X ijtimoiy tarmog‘i bosh direktori Linda Yakkarino kompaniyadan ketishini e’lon qildi.

«Ajoyib o‘tgan ikki yildan keyin men X bosh direktorligi lavozimidan ketishga qaror qildim. Ilon Mask bilan uning X borasidagi qarashlarini ilk bor muhokama qilganimizda, bu kompaniyaning ulkan missiyasini amalga oshirish uchun noyob imkoniyat ekanini anglagan edim. U menga so‘z erkinligini himoya qilish, kompaniyani tubdan o‘zgartirish va Xʼni hamma narsa uchun mo‘ljallangan ilovaga aylantirish borasida ishonch bildirgani uchun cheksiz minnatdorman», — deb yozadi Yakkarino X’dagi postida.

Yakkarino o‘z iste’fosi sababini ochiqlamagan.

Ilon Mask unga javoban Xʼdagi faoliyati uchun Yakkarinoga qisqa minnatdorchilik bildirdi.

Linda Yakkarino 2023 yil iyunda ijtimoiy tarmoqqa egalik qiluvchi Ilon Maskning taklifiga ko‘ra, X bosh direktorligiga tayinlangan edi. Bunga qadar u NBCUniversal mediakorporatsiyasining reklama savdosi bo‘limini boshqargan. Mask X direktorlar kengashi raisi hisoblanadi va kompaniyada deyarli barcha qarorlarni o‘zi qabul qiladi. Ilon Mask Twitterʼni sotib olganidan keyin rebrending o‘tkazdi va qator yangiliklar kiritdi. Yakkarino oxirigacha Maskni reklama beruvchilar va foydalanuvchilardan himoya qilib keldi.

Mavzuga oid