Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buloqboshida yana toshqin xavfi: aholi Janubiy Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘tarilganidan xavotirda
Andijonda ikki oy oldin katta toshqin bo‘lgan Sarbontepa mahallasi ahlining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Janubiy Farg‘ona kanali bo‘yida yana suv sathi ko‘tarilgan va qirg‘oqlardagi damba mustahkamligi shubha ostida qolmoqda. Viloyat FVB va tuman hokimligi xavf katta emasligini aytdi, lekin murojaatdan keyin damba mustahkamlandi. Murojaatchilar esa IIB binosiga olib borilib, ulardan tushuntirish xati olindi.

Foto: Kun.uz
Kun.uz'ga Andijon viloyati Buloqboshi tumani «Sarbontepa» MFYda yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Bir necha oy oldin bu qishloqning tepa qismida suv toshib ketib, mahalla ahli katta talafotlar ko‘rgan edi.
Mahalla faollarining aytishicha, joriy yil 8 iyulga kelib suvning zarar ko‘rib ochilib ketgan joyidan 1-1,5 kilometr pastroqda, Katta Farg‘ona kanalida suv yoniga qilingan damba pasayib ketgan. Umumiy pasaygan joy miqdori 120-150 metr atrofida. Aholining asosiy xavotiri – damba yuvilib ketsa, katta suv qishloqqa yana zarar yetkazishi mumkin.
«Xalq qo‘rqib, shu yerga o‘zining yonidan pul sarflab tuproqlarni olib kelib to‘kyapti. Shu qishloqni suv yuvib ketmasin deb. Yaqinda, ikki oy oldin qishlog‘imizning yarmini suv yuvib ketdi. O‘shanda bir soat deganda qishloqni tekislab qo‘ydi. Mana, 1–1,5 km pastda yana xuddi shunaqa holat takrorlanyapti.
Mahallaning kattalari chiqib, lenta tortyapti, mashina yurmasin bu yoqqa, deb. Davlatimizdan iltimos qilib qolamiz, viloyat hokimi, Buloqboshi tumani hokimi… Shu narsaning ertaroq oldini olinglar. Ertaga kelib buni suv yuvib ketadigan bo‘lsa, undan keyingi yordamning umuman keragi yo‘q. Chunki uyni boshqatdan qilish kerak, umuman hamma joy rasvo bo‘lib ketadi. Chunki biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik qishloqda qanaqa holat bo‘lganini. Shu xavfning oldini olaylik, sizlardan iltimos qilib qolamiz», deyiladi mahalla ahlining murojaatida.


Faollar olgan videoda beton kanalidan suv sathi ba’zi joylarda 70-90 smgacha ko‘tarilib ketganini ko‘rish mumkin. Murojaatchining aytishicha, suv yonidagi xavfli vaziyatni tushuntirish uchun profilaktika inspektorini ham chaqirishgan. Lekin u «o‘qishda» bo‘lgani uchun kelolmagan. Mahalla raisi ham yordamchilari bilan «o‘qishda» bo‘lgan.
«Shunga biz kimni chaqirishni bilmadik. Iloji boricha sizlarga tushunarli qilib ma’lumotini berdik, degan umiddamiz. Iltimos, kelib shu narsani o‘rganinglar. Ertaga kelib suv ochilib ketsa yoki boshqa bir yorilib ketadigan bo‘lsa, undan keyingi yordamning foydasi yo‘q», deydi faollar.
Agar ushbu damba ochilib ketadigan bo‘lsa, katta miqdordagi suv 300 metr pastroqda bo‘lgan aholi yashash joyiga borishi mumkin.
FVV «xavf katta emas» demoqda
Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan bog‘landi.
FVV Andijon viloyati boshqarmasi mas’uli Nodirbek Yo‘ldoshevning aytishicha, vaziyat aslida bunchalik vahimali emas. Shunga qaramay, aholining xavotirlarini aritish uchun shag‘al to‘kilib, damba ko‘tarilgan.
«Joyiga bordik. U yerda tuman hokimi boshchiligida barcha tashkilotlar vakillari ishlayapti. Mashina va shag‘allar kelyapti. Xavf yo‘q, lekin xalq talab qilgani uchun damba ko‘tarilyapti. 120 metr uzunlikdagi hududda ko‘tarilyapti.
Shu bilan birga, daryo oldida damba biroz cho‘kkani to‘g‘ri. Lekin bu daryoning suvi boshqariladigan bo‘lgani uchun suv kubometri oshib ketmaydi. Xavotirli emas», dedi Andijon viloyati FVB mas’uli.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Buloqboshi tumani hokimi o‘sha joyga yetib borib shtab tuzgan, bugun bu ishlar tugaydi.
FVV matbuot xizmati aslida kanal va u bilan bog‘liq masalalar «O‘zbekgidroenergo» AJ tasarrufida ekanini bildirdi. Kun.uz jamiyat matbuot xizmati bilan bog‘lanib, holat yuzasidan izoh so‘radi.
«O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmati xodimi Hulkar Jo‘rayeva holatni o‘rganib, izoh berilishini ma’lum qildi.
Murojaatchilar IIBga olib ketildi
Ma’lum bo‘lishicha, kanaldagi suvdan xavotirlanib, aholining videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgach, Buloqboshi tumani hokimi Furqatbek Bo‘taxonov hududga yetib borgan. Hokim dastlab videomurojaat yuborgan fuqarolarni to‘plab, bunday masalalarni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarmaslik kerakligini aytgan.
Shundan keyin o‘z mahallasini suv xavfidan saqlash haqida iltimos qilgan mahalla faollarini IIB binosiga olib ketishgan. Ulardan tushuntirish xati olinib, qo‘yib yuborilgan. Murojaatni videoga olib, tarmoqlarga joylagan fuqaro hamon IIB binosida qolmoqda.
Andijon viloyati IIB matbuot kotibi Sherzodbek Nuriddinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, fuqarolardan biri «Katta Farg‘ona kanali toshmoqda, aholi xavf ostida qoldi», degan vahimali sarlavha bilan videoni o‘zining sahifasiga joylagan. Keyin video o‘chirib yuborilgan. Shu sababli «vaziyatni o‘rganish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida fuqarolar o‘z roziligi bilan IIB binosiga olib kelingan». Keyinroq ular qo‘yib yuborilgan. Videomurojaatni joylagan fuqaroning harakatlari esa o‘rganilmoqda.
Buloqboshi tumani hokimligi esa dastlab 9 iyul kuni tumanning «Sarbontepa» MFY hududidan o‘tuvchi Farg‘ona kanalining suv sathini ishchi guruh o‘rgangani, natijada «kanaldagi suv sathi ma’lum miqdorda ko‘pligi, biroq belgilangan hajmdan past ekani»ni yozdi.
Lekin 10 iyul kuni ertalab Buloqboshi tumani hokimi Furqat Bo‘taxonov hududga keldi va dambaning sathi ko‘tarilgani ma’lum qilindi.

«Bugun ertalabda tuman hokimi F.Bo‘taxonov boshchiligida suv toshishi xafvi bo‘lgan 150 metr atrofidagi yo‘lning ustki qismiga texnikalar yordamida qattiq jismdagi tog‘ toshi, shag‘allar yotqizish ishlari boshlandi. Tuman hokimi va tegishli mas’ul rahbarlar ishtirokida murojaatchilar bilan muloqot o‘tkazilib, shaxsan o‘zi nazoratga olgani, suv toshish xavfini oldini olish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilishini tushuntirib o‘tdi», deyiladi tuman hokimligi xabarida.
Yuqorida qayd etganimiz, murojaatchilarni IIB binosiga olib ketish ham ayni hokim kelganidan so‘ng sodir bo‘lgan.

Umumiy vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida kun davomida Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Rustam Eshonov bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida ham Buloqboshi tumani «Sarbontepa» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarining biriga shikast yetgani natijasida katta miqdorda suv toshgan edi. Oqibatda o‘nlab xonadonlar va hovlilarni suv bosdi, yo‘llar va ekinlar vayron bo‘ldi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov voqeaga joyiga kelgan va aholiga zararlarni qoplab berish ishlari shu kunning o‘zida boshlangandi.
O‘sha fojiada ham Sarbontepa mahallasi fuqarolari Kun.uz bilan suhbatda kanal qirg‘og‘i o‘pirilishi asli 24 apreldan boshlanganini, shu sanadan boshlab qirg‘oqdan suv sizib chiqqanini aytgandi.
Mavzuga oid

12:15 / 10.07.2025
Andijonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi

20:51 / 07.07.2025
Andijonda 9 yoshli ikki bola fermer xo‘jaligi hovuziga cho‘kib ketdi

13:34 / 05.07.2025
Farg‘onadagi Malibu ishi: haydovchi viloyat IIB YHXB boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i ekani ma’lum bo‘ldi

13:53 / 02.07.2025