Jahon | 18:28 / 10.07.2025
2696
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol hibsga olindi

Sud maxsus prokuraturaning sobiq prezidentni hibsga olish borasidagi so‘rovini qanoatlantirdi. U o‘z qarorini Yun Sok Yol ishga oid dalillarni yo‘q qilishi mumkinligi bilan izohladi.

Foto: AFP

Seul sudi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolni ikkinchi marta hibsga olish bo‘yicha qaror chiqardi, deb yozadi Yonhap agentligi.

O‘tgan yili harbiy holat joriy etilishiga oid ishni tergov qilayotgan Janubiy Koreya maxsus prokuraturasi 6 iyul kuni Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order so‘ragandi. Maxsus prokuror beshta muhim ayblov bo‘yicha order berilishiga erishgan. Ular orasida sobiq prezident tomonidan harbiy holat joriy etilishidan oldin Vazirlar Mahkamasi a’zolarining huquqlarini buzish holati ham bor. Shuningdek, u hujjatlarni soxtalashtirish va harbiy holat bo‘yicha yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda ham ayblanmoqda. Himoya tomoni ayblovlarni rad etgan.

Sudya order so‘rovini qanoatlantirishga qaror qildi. U o‘z qarorini sobiq prezident ishga oid dalillarni yo‘q qilishi mumkinligi bilan izohladi. Yun Sok Yol Seuldagi qamoqxonaga joylashtirilgan bo‘lib, u sudning navbatdagi qarorini kutadi.

2024 yil dekabrida Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etdi, natijada unga nisbatan impichment e’lon qilindi. Sobiq prezident isyon tashkillashtirishda ayblandi va yanvar oyida hibsga yuborildi. Mart oyida Seul sudi Yun Sok Yolni hibsdan ozod etdi, ammo isyon ishi hali ham ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid