Sport | 14:37 / 10.07.2025
11440
3 daqiqa o‘qiladi

Karlo Anchelotti bir yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Mashhur murabbiy 2014 yilda Ispaniyada soliq qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topildi. Biroq, bunday hukm uchun uning qamoqda o‘tirishi shart emas.

Foto: AFP

Madridning Apellyatsiya sudi «Real» klubi sobiq bosh murabbiyi Karlo Anchelottini 2014-moliya yilida daromad solig‘ini to‘lashda firibgarlik sodir etganlikda aybdor deb topdi va bir yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Shu bilan birga, sud uni 2015 yilda xuddi shunday ayblov bo‘yicha oqladi. Bu haqda El Mundo xabar berdi.

Endi Anchelotti soliq idorasi oldidagi qarzini to‘lashdan tashqari, 386 ming yevro miqdorida jarima ham to‘lash kerak.

Hukm ikki yildan kam bo‘lgani uchun Braziliya milliy jamoasining amaldagi murabbiyi qamoqda o‘tirmaydi. Shu bilan birga, prokuratura yoki Anchelottining o‘zi ham hukm ustidan Oliy sudga shikoyat qilishi mumkin.

Sud Anchelotti futbolchilarga nisbatan boshqa soliq tekshiruvlariga xos bo‘lgan standart firibgarlik sxemasini qo‘llagani isbotlangan deb hisobladi: u o‘z imij huquqini xorijdagi, Britaniya Virjiniya orollaridagi kompaniyalarga topshirgan. Ushbu kompaniyalar aslida hech qanday faoliyat bilan shug‘ullanmagan, xodimlari ham bo‘lmagan va imij huquqlari uchun hech qachon soliq to‘lamagan. Murabbiy 2014 yilda ushbu faoliyatdan tushgan daromadni deklaratsiyaga kiritmagan, bundan tashqari, G‘aznachilikdan deyarli 40 ming yevro miqdoridagi soliqlarni qaytarib olishni so‘ragan va olgan.

Anchelotti ayblovni rad qilib, shunchaki «Real» klubi ko‘rsatmalariga amal qilganini aytdi. Shuningdek, u soxta kompaniyalar haqida hech narsa bilmasligini ta’kidladi. Sud unga ishonmadi, chunki Anchelotti ushbu kompaniyalarga imij huquqlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatlarni shaxsan imzolagan.

«Kompaniyalar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida tashkil qilingan», deyiladi Madrid Apellyatsiya sudi qarorida.

2015-moliya yili uchun firibgarlik ayblovi bo‘yicha sud Anchelottini oqladi, chunki uning Ispaniya soliq rezidenti ekani isbotlanmadi. Buning sababi shundaki, u o‘sha yili «Real»dagi faoliyatini yakunlab, Londonga ko‘chib o‘tgan edi.

Nashrning ta’kidlashicha, murabbiyning advokatlari hukmdan qoniqish hosil qilgan. Dastavval prokuror Anchelotti uchun 4 yilu 9 oy qamoq jazosini so‘ragan edi. Sud esa eng kam jazoni tayinladi.

Anchelotti Madridning «Real» klubida 2013-2015 va 2021-2025 yillarda ishladi. U jamoa bilan Chempionlar Ligasi (3 marta), klublar o‘rtasidagi jahon chempionati (2 marta), UYeFA Superkubogi (3 marta), La Liga (2 marta), Ispaniya qiroli Kubogi (2 marta) va Superkubogida (2 marta) g‘alaba qozongan.

Mavzuga oid