Jahon | 20:32 / 10.07.2025
1160
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa komissiyasi Ukrainani qayta tiklash jamg‘armasi tashkil etilishini e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning eng kuchli hamkori, nafaqat asosiy donori, balki kelajagidagi asosiy investor sifatidagi rolini tasdiqlashi ta’kidlandi.

Foto: Reuters

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Ukrainada eng yirik xususiy kapital jamg‘armasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Jamg‘armaning boshlang‘ich kapitali 220 million yevroni tashkil qiladi va 2026 yilga borib, yevropalik ittifoqchilar yana 500 million yevro jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Fon der Lyayyen, shuningdek, xalqaro va davlat moliya institutlari bilan Ukrainani qayta tiklash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2,3 milliard yevrolik shartnomalarning yangi paketini taqdim etdi. Ushbu yangi paket investitsiya dasturi doirasidagi 1,8 milliard yevrolik kredit kafolatlarini, qolgan mablag‘lar – 580 million yevro grantlarni o‘z ichiga oladi. Dastur 10 milliard yevrogacha investitsiyalarni jalb qilishi kutilmoqda.

«Yevropa Ittifoqi Ukrainaning eng kuchli hamkori, nafaqat asosiy donori, balki kelajagidagi asosiy investor sifatidagi rolini tasdiqlaydi. Biz korxonalarni tiklash, shifoxonalar ochish va energiya xavfsizligini ta’minlash uchun 10 milliard yevrogacha mablag‘ jalb etishni maqsad qilganmiz. Yevropa Ukraina tomonida - bugun va ertaga», dedi fon der Lyayyen Rimdagi Ukrainani qayta qurish bo‘yicha konferensiyada.

Yevropa Komissiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Ukrainani qayta tiklash jamg‘armasi Yevropa investitsiya banki, Fransiya, Germaniya, Italiya va Polsha bilan hamkorlikda tuzilgan. Bu Ukrainada xususiy kapital ekotizimini rivojlantirishga, yangi kapitalni jalb qilishga va bozor ishtirokchilarini birlashtirishga yordam beradi, dedi fon der Lyayyen.

Yevrokomissiya, shuningdek, Ukrainaga makromoliyaviy yordam paketining oltinchi transhi doirasida 1 milliard yevro ajratilishini e’lon qildi, uning umumiy miqdori 18,1 milliard yevroni tashkil etadi. Shu bilan birga, Yevropa ittifoqchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 3,05 milliard yevro o‘tkazishni ma’qulladi.

Yevropa Ittifoqi so‘nggi uch yil ichida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun allaqachon 165 milliard yevro ajratgan va 2025 yil holatiga ko‘ra, Bryusseldan moliyalash Kiyev budjeti xarajatlarining 84 foizini qoplaydi, dedi fon der Lyayyen.

Mavzuga oid