Fan-texnika | 19:34 / 11.07.2025
1140
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik olimning mushugi ikkinchi marta yangi virusni topishga yordam berdi

Mushuk ovlagan sichqonda ortoreoviruslarning yangi shtammi aniqlandi.

Foto: John Lednicky

AQSh Florida universiteti virusologi Jon Lednikiga tegishli Pepper laqabli mushuk yana o‘zini ko‘rsatdi. U ovdan so‘ng, uyga yerqazir sichqonni olib keldi, uning ichida olimlar ilgari noma’lum bo‘lgan virusni topdi.

Bir yil oldin Pepper olib kelgan sichqonda jyeylongviruslar oilasiga mansub virus topilgan edi. Bu safar o‘lja kaltadum yerqazir sichqon bo‘ldi. Ledniki uni laboratoriyaga olib bordi va tahlillar shuni ko‘rsatdiki, hayvon ortoreoviruslarning yangi shtammi - qushlar, sutemizuvchilar va hatto odamlarga yuqishi mumkin bo‘lgan virus bilan kasallangan.

Ortoreoviruslar birinchi marta 1950-yillarda aniqlangan. Uzoq vaqt davomida ular zararsiz deb hisoblangan, ammo keyinchalik kamdan-kam hollarda bolalarda ensefalit, meningit va gastroenterit keltirib chiqarishi aniqlangan. Virus najas yoki havo tomchilari orqali yuqadi va odatda nafas olish tizimi yoki ichaklarga ta’sir qiladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, yangi shtammlar haqida iloji boricha ko‘proq bilish zarur, shunda ularning tarqalishiga qarshi kurashish oson bo‘ladi. Keyingi qadam bu virusning organizm bilan o‘zaro ta’siri qandayligini tekshirish va uning xususiyatlarini o‘rganishdir.

Qayd qilinishicha, Pepper o‘zini yaxshi his qilmoqda va ilmiy faoliyatini yakunlamoqchi emas.

 

Mavzuga oid