Jamiyat | 21:22 / 11.07.2025
22245
3 daqiqa o‘qiladi

Kuydirgi bo‘yicha qo‘shni mamlakatda vaziyat jiddiy - Sanepidqo‘mita

Kuydirgi kasalligining O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida 55 ta chegara punktida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Asia-Plus

Kuydirgi kasalligi O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida chegara punktlaridan o‘tuvchilar chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Farhod Qurbonbekov ma’lum qildi.

Iyul boshlarida Tojikistonda o‘ta xavfli kuydirgi kasalligi bilan bog‘liq 41 ta holat aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Qozog‘istonda ham kuydirgi tarqalgan, ikki qishloq karantinga olingan.

Qurbonbekovga ko‘ra, O‘zbekistonda kuydirgi kasalligining oldini olish uchun gumon etilgan holatlar yuzaga kelganda tashxislash, davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, kasallik o‘choqlarida tuproqdan namunalar olib, laboratoriya sharoitida doimiy nazorat olib boriladi.

«Kasallikni mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida esa 55 ta chegara punktlarimizdan o‘tuvchilar chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ushbu punktlarda kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida o‘tkazilishi zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlar nazoratga olingan», - deydi mutaxassis.

Ma’lumot uchun, kuydirgi — Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan xavfli infeksion kasallik bo‘lib, asosan hayvonlardan yuqadi. Kuydirgi o‘ta havfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. Organizmning umumiy zaharlanish holati, bezgak tutishi hamda teri, o‘pka va ichaklar zararlanishi bilan ta’riflanadigan infeksion kasallikdir. Kuydirgi kasalligi bilan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi, yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi.

Odamlarga kasallik asosan kuydirgi kasalligi bilan kasallangan hayvonni parvarish qilgan paytda, veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan hayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda yuqishi mumkin. Kuydirgi kasalligidan o‘lgan hayvon terisi va junidan tayyorlangan har xil mo‘yna buyumlar orqali ham kasallik yuqadi. Hatto 100 darajada qaynatilgan go‘sht ham xavfli bo‘lishi mumkin, faqat to‘liq qizdirilgan, ichida pushti joy qolmagan go‘sht xavfsiz hisoblanadi.

Mavzuga oid