Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jigar kasalliklarini operatsiyasiz davolash usuli topildi
Hujayralarni “yopishqoq” qobiq bilan qoplash orqali jigarning zararlangan qismini tiklash protsedurasi ishlab chiqildi. Bu usul kelajakda transplantatsiyaning o‘rnini bosishi mumkin.

Foto: Shutterstock
Jigar – tanamizdagi eng muhim organlardan biri. U qonni tozalaydi, zaharli moddalarni zararsizlantiradi, organizm uchun zarur bo‘lgan oqsillarni ishlab chiqaradi. Biroq mazkur organ ham boshqa tana a’zolari kabi kasallanadi.
Jigar shikastlanishining og‘ir holatlarida yagona yechim transplantatsiya, ya’ni boshqa odamning jigarini ko‘chirib o‘tkazishdir. Donor organlar yetishmovchiligi, shuningdek, transplantatsiyaning qimmat va murakkab operatsiya ekani ko‘pchilik uchun og‘ir jigar kasalliklarini davolashni imkonsiz qilib qo‘yayotgan edi.
Shu bois, olimlar yildan yilga hujayra terapiyasi (kasal organni sog‘lom hujayralar yordamida tiklash yo‘li)ni izlab kelishmoqda. Hozirgacha hujayrali terapiyada qo‘llanadigan gepatik projyenitor hujayralar (jigarni tiklashga qodir hujayralar) organizmga yaxshi singmas, jigar to‘qimalariga zaif birikardi.
Olimlar bu muammoni hal qilish yo‘lini topdi: hujayralarni gigaluron kislotasi yoki alginat kabi polisaxaridlar bilan qoplash, ya’ni yopishqoq molekulalardan iborat maxsus birikma bilan o‘rash usulini ishlab chiqdi. Bu amaliyot molekulyar yelim vazifasini bajarib, hujayralarning kerakli joyda mustahkamlanishiga yordam beradi.
Mazkur protsedurada biologik birikmalar jigar to‘qimalari va qon tomirlari ichki qismini qoplaydigan endotelial hujayralarga ancha yaxshi birikishi aniqlangan.
Qoplama hujayralarning tashqi muhitga bog‘lanishini ta’minlovchi integrin oqsillarini faol ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Eng muhim jihati, u vaqtinchalik bo‘lib, hujayralar yangi joyiga moslashgach, o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Kichik hajmli jigar modellarida o‘tkazilgan tajribalar bu usulning samarali ishlashini ko‘rsatgan.
Tadqiqot Birmingem universiteti olimlari tomonidan olib borilib, Communications biology (ComBio) jurnalida e’lon qilindi.
“Bugungi kunda og‘ir jigar kasalligiga chalingan bemorlar uchun yagona yo‘l bu – transplantatsiya. Afsuski, donor organlari juda kam. Bizning texnologiyamiz esa arzonroq, kam shikast yetkazadigan va ko‘proq odamlarga yetib boradigan usul bo‘lishi mumkin”, - deydi tadqiqot muallifi, doktor Mariya Kyara Arno.
Tadqiqot guruhi endilikda bu qoplamaning inson immun tizimiga qanday ta’sir qilishini o‘rganmoqchi. Shuningdek, mazkur usulni boshqa turdagi hujayralarda ham qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Yangi texnologiya kelajakda faqat jigar uchun emas, balki boshqa organlar uchun ham muhim hujayraviy terapiya vositasiga aylanishi mumkin.
Mavzuga oid

19:27 / 21.04.2025
Farg‘onadagi xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun borgan departament xodimi vafot etdi

17:46 / 15.04.2025
Jonni xatarga qo‘yib... “Oshqozon”siz ozish orzusi haqida

19:22 / 04.04.2025
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?

15:43 / 12.09.2024