Jahon | 20:08 / 12.07.2025
7812
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Eronga uranni boyitishni to‘liq to‘xtatishni taklif qildi – OAV

Rossiya rahbari shu haqdagi bandni yadroviy kelishuvga kiritish haqida tavsiya berdi.

Foto: Kremlin Press Office via Getty

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Tramp va Eron rasmiylariga Eron uranni boyitishni butunlay to‘xtatadigan yadroviy kelishuv g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi, deb yozdi Axios muzokaralardan xabardor bo‘lgan manbaga tayanib.

Rossiya uzoq vaqtdan beri Eronning yadroviy dasturini qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lib kelgan va Tehronning uranni boyitish huquqini ochiqchasiga himoya qilgan.

Biroq, Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan so‘ng, Putin shaxsan Eronni uranni boyitishdan voz kechishga chaqirib, keskinroq pozitsiyani egalladi, deb yozdi nashr.

Moskva ham Isroil hukumatini hozirgi pozitsiyasi haqida xabardor qilgan. «Biz bilamizki, Putin buni eronliklarga aytgan», dedi Isroilning yuqori martabali amaldori.

13 iyun kuni Isroil yadroviy inshootlar, yuqori martabali amaldorlar va yadro olimlarini nishonga olib, Eronga zarba bera boshladi. Eron bunga javoban Isroil hududini o‘qqa tutdi. 22 iyun kuni Qo‘shma Shtatlar Eron yadroviy inshootlariga bir martalik zarba berdi va ikki kundan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hujumlarida 935 nafar eronlik halok bo‘lgan bo‘lsa, Eronning Isroilga bergan javob zarbalarida 28 kishi halok bo‘lgan.

Zarbalardan so‘ng, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy dasturi yo‘q qilinganini aytdi. Ammo AQSh ommaviy axborot vositalari bu dastur faqat bir necha oy orqaga surilgani haqida yozdi. Tramp bu nashrlarni ochiqchasiga tanqid qilib, soxta yangiliklar tarqatishda aybladi.

Mavzuga oid