Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Chelsi» finalda dahshatli «PSJ»ni yirik hisobda yengdi
Oqshom qahramoni Dembele emas, Palmer bo‘ldi.

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images
«Chelsi» – «PSJ» 3:0
Gollar: Palmer (22, 30), Joau Pedru (43)
«Chelsi»: Sanches, Kukurelya, Kolvill, Chaloba, Gyusto, Kaysedo, Jyeyms (Dyuzberi-Holl 77), Pedru Netu (Nkunku 77), Enso Fernandes (Santos 60), Palmer, Joau Pedru (Delap 67)
«PSJ»: Donnarumma, Nunu Mendesh, Beraldo, Markinos, Hakimi (Ramush 73), Vitinya, Ruis (Zair Emeri 73), Joau Nevesh, Kvaratsxeliya (Barkolya 58), Dembele, Due (Ramush 73)
Ogohlantirishlar: Pedru Netu (35), Kaysedo (36), Gyusto (40), Koluill (82) – Dembele (87), Nunu Mendesh, 90
Chetlatish: Nevesh (86)
«PSJ» bu mavsumda yo‘lidan uchragan har qanday raqibni tor-mor etib kelayotgandi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finali oldidan ko‘pchilik uchun «Chelsi» – yaqqol autsayder sifatida ko‘rilayotgandi. Maydonda esa barchasi kutilmagan ssenariyda kechdi.
Luis Enrike sinalgan tarkibni tushirdi, oldinda Dembele-Due-Xvicha uchligi harakatlandi, Pachoning diskvalifikatsiyasi tufayli Beraldo himoya markazidan joy egalladi. Mareska esa syurpriz tayyorlagandi - o‘ng qanot himoyachisi Ris Jyeyms tayanch zonasiga tashlandi, qanotda uning o‘rnini Gyusto egalladi.
O‘yinni tribunada o‘tirib tomosha qilish uchun shaxsan AQSh prezidenti Donald Tramp va rafiqasi Melaniya Tramp stadionga tashrif buyurishdi.
O‘yin startida kutilmaganda «Chelsi» ancha oldinga chiqib pressing uyushtirdi va to‘p asosan maydonning parijliklar darvozasi joylashgan qismida qolishini ta’minladi.
O‘yindagi ilk xavfli vaziyat ham londonliklarda bo‘ldi, 9-daqiqada chiroyli kombinatsiyani Palmer gol bilan yakunlashi mumkin edi, ammo to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.
Shundan keyin londonliklar toliqishdi va orqaroqqa qaytishdi, parijliklar safida esa Due qulay imkoniyatdan foydalana olmadi, 16-daqiqada Ruis qanotdan jarima maydoniga kirib kelgan hujumchini to‘p bilan ta’minladi, u yaqin masofadan zarba berishi mumkin edi, ammo u markazda bo‘sh turgan Xvichaga to‘p uzatishga qaror qildi – Kukurelya esa uning niyatini o‘qidi.
Ikki daqiqa o‘tib Dueda yana bir vaziyat yuzaga keldi, bu safar uning himoyachilar ortidan yerlatib yo‘llagan murakkab zarbasini Sanches bartaraf etdi.
Shundan keyin Koul Palmer katta sahnaga chiqdi, u avvaliga sakkiz daqiqa ichida egizak gollarini nishonladi, keyin esa Joau Pedruga golli uzatma berdi.
22-daqiqada Gyusto Mendeshning xatosidan foydalanib, jarima maydoniga yorib kirdi va zarba berdi, to‘p yo‘lini Beraldo to‘sdi, londonliklar qanot himoyachisi esa o‘ziga qaytib kelgan to‘pni markazda ochilgan Palmerga uzatdi. Koul Donnarumma qo‘riqlayotgan darvozaning o‘ng burchagini aniq nishonga oldi.
30-daqiqada Palmerning o‘zi asosiy ishni bajarib, Vitinyani dog‘da qoldirdi va yana yerlatib, o‘ng burchakka yetib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Bo‘limning oxirgi qismida «PSJ» katta kuch bilan oldinga tashlandi, londonliklar raqibni to‘xtatishga ulgurmay qola boshladi va qisqa vaqt ichida jamoaning uch futbolchisi – Netu, Kaysedo va Gyusto sariq kartochka olishdi.
43-daqiqada esa Palmer maydonning yarmini to‘p bilan yurib o‘tdi va himoyachilar orasidan o‘tkazib oldinga pas berdi, Joau Pedro to‘pga yetib borib, uni darvozabon ustidan oshirib tashladi - 3:0.
Enrikening tanaffusdagi ko‘rsatmalaridan keyin parijliklar ikkinchi bo‘limni kuchli bosim uyushtirish bilan boshladi, ammo tezkor javob goli urilmadi.
Sanches ikkinchi bo‘limda ham qahramonlik ko‘rsatishda davom etdi, Due, Dembele va Xvichaning xavfli zarbalari uni hayron qoldira olmadi.
Birinchi bo‘limda darvoza sohasi tomon to‘g‘ri kelgan uchta zarbadan uchta gol o‘tkazib yuborgan Donnarumma esa ilk seyvini ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib ijro etdi. Maydonga tushganiga bir daqiqa ham bo‘lmagan Delap to‘p bilan oldinga bordi va jarima maydoniga kirmasdan zarba yo‘lladi, italiyalik darvozabon olis burchakka yo‘nalgan to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
Enrikening ikkinchi bo‘lim davomidagi o‘zgartirishlari naf bermadi, «Chelsi» hisobga qarab o‘ynadi.
Parijliklarning asablari dosh bermadi - 85-daqiqada Nevesh Kukurelyaning sochidan tortib qolib, qizil kartochka oldi. Shundan keyin amalda o‘yinda intriga qolmadi.
«Chelsi» g‘alabali hisobni saqlab qoldi va yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining ilk g‘olibiga aylandi.
Parijliklar mag‘lubiyat alamiga chiday olishmadi va o‘yin yakunlanishi bilan maydonda tortishuv yuzaga keldi.
Mavzuga oid

12:14
Enrike o‘yindan keyingi janjalga aralashdi va raqib futbolchisini urib yiqitdi

17:41 / 13.07.2025
Yozning asosiy o‘yini: «PSJ» va «Chelsi» klublar mundiali finalida to‘qnashadi

08:07 / 10.07.2025
«PSJ» «Real»ga ham hech qanday imkon qoldirmadi

11:05 / 09.07.2025