Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pul qayerga ketdi? Kundalik xarajatlarni qayd etib borish uchun 3 ta bepul ilova
Oylik maosh olingan kuni o‘zingizni boy his qilasiz, lekin oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, qayerga qanday xarajat bo‘lgani xotirangizdan chiqib ketadimi? Agar bu holat siz uchun tanish bo‘lsa, demak, kundalik xarajatlarni nazorat qilish vaqti keldi. Yaxshi yangilik – buni qilish uchun endi daftarchalar, kalkulyator yoki murakkab Excel fayllari shart emas.

Foto: Shutterstock
Ushbu maqolada uchta bepul, oddiy va qulay mobil ilova haqida so‘z yuritamiz. Har biri sizga xarajatlaringizni yozib borish va moliyaviy nazoratni qo‘lga olishda yordam beradi.
Uchala ilova ham Android va iOS platformalarda ishlaydi. Bazaviy funksiyalari bepul; xohlovchilar uchun pulli asosidagi qulayliklari ham bor.
Moneyfy
Nega aynan Moneyfy? Bu ilova interfeysi juda oddiy va rangli ikonkalari bilan ajralib turadi. Har bir xarajatni yozishda turkumni tanlab (ovqat, transport, kiyim, bolalar, kafelar va hokazo), birgina summani yozish kifoya.
Faraz qilaylik, bugun nonushta uchun kofega 25 ming so‘m sarfladingiz. Moneyfy'ni ochasiz, “food” (ovqat) ikonkasini bosasiz, summa yozasiz – bo‘ldi. Ilova avtomatik tarzda kunlik grafikda bu chiqimni ko‘rsatadi. Haftalik yoki oylik statistikada pulingiz qayerga ketayotganini aniq ko‘rib turasiz.
Wallet by BudgetBakers
Wallet foydalanuvchiga pul oqimini rejalashtirish, budjet qo‘yish va hatto maqsadlar belgilash imkonini beradi. Yana bir qulay jihati – bank hisobingiz bilan sinxronizatsiya qilish imkoniyati (ba’zi mamlakatlarda) bor. Bu funksiya O‘zbekistonda ishlamaydi, lekin qo‘lda xarajat kiritish juda oson.
Aytaylik, siz har oy “transport” uchun 200 ming so‘m ajratasiz. Wallet ilovasida bu kategoriya uchun budjet belgilab qo‘yasiz. Har safar yo‘lkira, benzin yoki taksi uchun xarajat qilganingizda, ilovaga kiritib borasiz. Limitga yaqinlashganingizda, ilova ogohlantiradi.
Spending Tracker
Spending Tracker – eng sodda ilovalardan biri. Hech qanday ortiqcha sozlamalar yoki murakkab grafiklar yo‘q. Faqatgina tushum va chiqim yozasiz. Kategoriyalarni o‘zingiz nomlab olishingiz ham mumkin.
Misol uchun, siz har hafta juma kuni bozor qilasiz. Har doimgidek sabzavotlar, go‘sht, taglikka jami 500 ming so‘m sarflaysiz. Spending Tracker ilovasida “bozorlik” degan kategoriya ochasiz, summani yozasiz va sana qo‘shasiz. Shunday qilib, har juma chiqimlaringiz aniq yozib boriladi, ilova esa oy yakunida umumiy summani ko‘rsatadi.
Kundalik xarajatlarni yozib borish ko‘pchilik uchun zerikarli tuyuladi. Ammo to‘g‘ri tanlangan ilova bu ishni odatga aylantirishi mumkin. Yuqoridagi uchala ilova – Moneyfy, Wallwt va Spending Tracker – turli ehtiyojlarga mos keladi: kimdir grafik ko‘rishni yoqtiradi, boshqasi esa faqat raqamlar bilan ishlashni afzal ko‘radi.
Pulni qayerga sarflayotganingizni ko‘rish, kelajakda tejash, orzularingiz uchun jamg‘arish yoki shunchaki “pullarim qayerga ketyapti?” degan savolga aniq javob olish uchun – bugunning o‘zida xarajatlarni kuzatishni boshlang. Telefon doimo yoningizda – demak, bu odatni yo‘lga qo‘yish qiyin emas.
Mavzuga oid

23:09 / 11.04.2025
Tramp davrida federal budjet xarajatlari 154 mlrd dollarga oshdi

23:50 / 30.09.2024
Putin va uning administratsiyasi xarajatlari 25 foizga oshadi

23:07 / 30.01.2023
Shaharlararo avtobuslarga chipta sotib olish imkonini beruvchi mobil ilova ishga tushirildi

09:34 / 16.12.2022