Jahon | 11:05
7026
3 daqiqa o‘qiladi

Putin sanksiyalarga qaramay urushni davom ettirmoqchi

U o‘zi bilan hech kim tinchlik bo‘yicha jiddiy gaplashmayapti deb hisoblamoqda. Reuters agentligining Kremlga yaqin manbalarga asoslanib tayyorlagan materialidan asosiy gaplar.

Aleksey Konovalov / TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi tahdidlariga qaramay, G‘arb o‘z shartlariga rozi bo‘lmagunicha jang qilishda davom etmoqchi. Bu haqda Reuters Kremlga yaqin bo‘lgan uch manbaga asoslanib xabar qilgan.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Putin Rossiya iqtisodiyoti va armiyasi G‘arb tomonidan qo‘llanuvchi har qanday qo‘shimcha sanksiyalar, jumladan, Rossiya neftini xarid qiluvchi mamlakatlarning mahsulotlariga boj qo‘yilishiga ham dosh bera oladi, deb hisoblaydi.

«Putinning fikricha, hech kim, jumladan, amerikaliklar ham u bilan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish tafsilotlarini jiddiy muhokama qilmagan. Shu bois, u o‘zi xohlagan narsaga erishmaguncha davom etishga bel bog‘lagan», – deydi Reuters suhbatdoshlaridan biri. Uning qo‘shimcha qilishicha, Tramp bilan telefon muloqotlari va uning maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiyaga tashriflariga qaramay, Rossiya prezidenti shu paytgacha hech kim u bilan tinchlik shartlarini muhokama qilmagan deb hisoblaydi.

Putin NATOning sharqqa kengaymasligi, Ukrainaning betarafligi, rusiyzabon aholi huquqlarini himoya qilish va Ukrainaning anneksiya qilingan beshta hududi Rossiya tarkibiga kirishini tan olish bo‘yicha yuridik majburiyatlarni talab qilmoqda. Shu bilan birga, u Ukraina xavfsizligi kafolatlarini muhokama qilishga tayyor, deyiladi Reuters materialida.

Agentlik manbalari, shuningdek, Putin Rossiya jang maydonida ustunlikka ega ekanligini tushunishini va shuning uchun yangi hududlarni egallashga intilishi mumkinligini ta’kidladi. «Ishtaha ovqat mahali keladi», – dedi Reuters suhbatdoshlaridan biri. Yana bir manbaning aytishicha, Moskvaning keyingi harakatlari Ukrainaning kuchiga bog‘liq bo‘ladi – agar Rossiya armiyasi qattiq qarshilikka duch kelsa, hujum to‘xtashi mumkin. Ammo jiddiy qarshilik ko‘rsatilmasa, unda «Dnipro, Sumi va Xarkivga yanada kengroq hujum bo‘lishi mumkin».

Manbalardan biri Trampda Rossiya prezidentiga ta’sir o‘tkazish vositalari ko‘p emasligini ta’kidlagan. «Putin Tramp – yoqimsiz xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan, harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan odamligini tushunadi. Va uning qahrini keltirmaslik uchun manyovr qiladi», – deya qo‘shimcha qildi agentlik suhbatdoshi.

Mavzuga oid