Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholi tashabbuslari uchun maydon, ekologik inspektorlarning kaltaklanishi, YPX xodimining qahramonligi, Toshkentdagi UzFace tizimi – mahalliy dayjest
Prezident farmoni bilan islohotlar bo‘yicha istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholi uchun ochiq muloqot maydoni yaratiladi. Soliq nizolari bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi, u soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi. Buxoro viloyati Ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari xorazmlik notanish shaxslar tomonidan kaltaklandi, xizmat avtomobili pachaq qilindi. Qarshi magistral kanali oldida xizmat qilayotgan YPX xodimi suvga cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslar rag‘batlantiriladi
«Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, samarali va xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik va jamiyatning turli qatlamlari vakillarining ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.
Istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng aholi qatlami uchun ochiq muloqot maydoni yaratiladi. 2025 yildan «Kelajak uchun» istiqbolli tashabbuslar forumi o‘tkaziladi.
Soliq idorasi qaroridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatini ko‘rib chiquvchi ekspert kengash tashkil etiladi
Prezidentning «Soliq nizolarini sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy jihatdan tartibga solish sohasidagi mutaxassislardan iborat Soliq nizolari bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi.
Ekspert kengashi soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi. Qabul qilingan xulosani tadbirkorlarni xabardor qilgan holda soliq, bojxona va boshqa davlat organlariga majburiy tartibda yuboradi. Ekspert kengashi har oyda kamida ikki marta yig‘ilish o‘tkazadi, bu esa yuzaga keladigan masalalarga tezkor javob berish imkoniyatini yaratadi.
Xorazmda saksovulfurushlarni ta’qib qilgan inspektorlar kaltaklandi
Buxoro viloyati Ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari xorazmlik notanish shaxslar tomonidan kaltaklandi, xizmat avtomobili pachaq qilindi.
Qayd qilinishicha, Ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari xizmat avtomobilida saksovul ortilgan «ZIL» rusumli yuk mashinasini 110 km masofagacha ta’qib qilgan.
So‘ngra ularning yo‘lini «ISUZU» rusumli yuk mashinasi to‘sgan. Undan notanish shaxslar qo‘lida har xil turdagi sovuq qurollar (bita, armatura, temir truba) bilan tushib, xizmat avtomobilini pachaq qilgan hamda xodimlarga turli xil og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Holat yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tuman prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.
YPX xodimi suvda cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib qoldi
16 iyul kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani hududidan o‘tuvchi Qarshi magistral kanali oldida xizmat qilayotgan YPX xodimi Nodir Mirzayev haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi.
U kanalda cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib qoldi. Fuqaroga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi va shifoxonaga yetkazildi. Hozir uning holati yaxshi ekani ta’kidlanmoqda.
Toshkentda UzFace fuqarolarni aniqlash tizimi sinov tariqasida joriy etilishi mumkin
Vazirlar Mahkamasining «2025-2026 yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida shu haqdagi band bor.
Hujjat bilan 2025-2026 yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Jumladan, Toshkent temiryo‘l vokzallariga kirish joylarida UzFace fuqarolarni aniqlash tizimini sinov tariqasida joriy etish va hokazo.
Raqobat qo‘mitasi 43 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini bekor qildi
Qo‘mita davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlarni aniqlab, buyurtmachilar tomonidan bekor qilinishini ta’minladi.
Qonunbuzarlar orasida Andijon viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi, Jizzax viloyati futbol akademiyasi, Qashqadaryo viloyati Qamashi tuman obodonlashtirish boshqarmasi, Samarqand viloyatida 8 ta davlat buyurtmachisi, Xorazmda Bog‘ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan sport maktab-internati, Urganch tumani hokimligi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Toshkent shahrida «Texnik me’yorlash instituti», Uzbekistan Airways AJ, «Xalq banki» ATB, «Biznesni rivojlantirish banki» ATB, «FK Bunyodkor» MChJ, «Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi AT markazi» kabi tashkilotlar bor.
Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan mazkur buyurtmachilarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, buyurtmachilar tomonidan savdolar bekor qilinishiga erishilgan.
Mavzuga oid

23:06 / 16.07.2025
Ko‘kdaladagi portlash, Qoraqalpog‘istonda anomal harorat va Mirobodda ushlangan podpolkovnik – mahalliy dayjest

00:06 / 16.07.2025
O‘zbekiston hududiga juda issiq havo oqimi kirib keladi, Etihad Airways O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi - mahalliy dayjest

23:28 / 14.07.2025
Prezident administratsiyasidagi o‘zgarishlar va Termizda harbiy mashg‘ulotlar - mahalliy dayjest

23:54 / 11.07.2025