Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Damashqqa zarba bergan Isroil, urushni davom ettirmoqchi bo‘lgan Putin va Ukrainaga kelishni boshlagan raketalar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Isroil Suriyaga zarbalar berdi
Isroil chorshanba kuni Damashqda kuchli havo hujumlarini amalga oshirdi. Bu zarbalar Suriya mudofaa vazirligi binosining bir qismini portlatdi, prezident saroyi yaqinida ham portlashlar kuzatildi. Isroil janubiy Suriyada druzlarga hujum qilayotgan hukumat kuchlarini yo‘q qilishga va’da berar ekan, ularning orqaga chekinishini talab qildi.
Suriya sog‘liqni saqlash vazirligi Damashqda amalga oshirilgan zarbalar natijasida uch kishi halok bo‘lganini, yana 34 nafari jarohatlanganini ma’lum qildi.
Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a payshanbaga o‘tar kechasi telemurojaat bilan chiqdi. U Suriya markaziy hukumati druz ozchiligining huquqlarini himoya qilishini hamda bu ozchilikdan «tashqi kuchlar» o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga bo‘lgan urinishlarni rad etishini ta’kidladi.
«Biz urushdan qo‘rqadiganlardan emasmiz. Biz butun hayotimizni tahdidlarga javob qaytarish va xalqimizni himoya qilish bilan o‘tkazdik. Ammo biz suriyaliklar manfaatini tartibsizlik va vayronalikdan ustun qo‘yamiz», — deya Suriya yetakchisining so‘zlarini keltiradi Reuters agentligi.
Shuningdek, Suriya hukumatining bayonotida druzlar va beduinlar o‘rtasidagi janglar mutlaqo qabul qilinmasligi aytildi va ushbu to‘qnashuvlar bilan bog‘liq barcha holatlar tergov qilinishiga, aybdorlar jazosiz qolmasligiga qat’iy va’da berildi.
Damashqdagi zarbalardan bir necha soat o‘tib, Isroil Mudofaa kuchlari bayonot e’lon qildi. Unda aytilishicha, Isroil armiyasi Suvaydo viloyatiga yo‘l olgan tanklar, raketa qurilmalari va yirik kalibrli pulemyotlar o‘rnatilgan pikap mashinalariga zarbalar berishda davom etmoqda.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats chorshanba kuni Suriya uchun katta yo‘qotishlar haqida ogohlantirdi. «Damashqqa berilgan ogohlantirishlar tugadi — endi og‘riqli zarbalar vaqti keldi», — dedi u. Isroilning o‘ta o‘ng qanotga mansub milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’ani yo‘q qilish kerakligini aytgan.
AQSh jangovar harakatlar tez orada tugashini bildirdi. «Biz Suriyadagi to‘qnashuvlarda ishtirok etayotgan barcha tomonlar bilan aloqaga chiqdik. Vaziyatga kechga borib yakun yasaydigan aniq choralar bo‘yicha kelishib oldik», — dedi AQSh Davlat kotibi Marko Rubio. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa ushbu hujumlarini Suriyada «tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini sabotaj qilishga urinish» deb atadi.
Putin urushni davom ettirmoqchi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi tahdidlariga qaramay, G‘arb o‘z shartlariga rozi bo‘lmagunicha jang qilishda davom etmoqchi. Bu haqda Reuters Kremlga yaqin bo‘lgan uch manbaga asoslanib xabar qilgan.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Putin Rossiya iqtisodiyoti va armiyasi G‘arb tomonidan qo‘llanuvchi har qanday qo‘shimcha sanksiyalar, jumladan, Rossiya neftini xarid qiluvchi mamlakatlarning mahsulotlariga boj qo‘yilishiga ham dosh bera oladi, deb hisoblaydi.
«Putinning fikricha, hech kim, jumladan, amerikaliklar ham u bilan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish tafsilotlarini jiddiy muhokama qilmagan. Shu bois, u o‘zi xohlagan narsaga erishmaguncha davom etishga bel bog‘lagan», – deydi Reuters suhbatdoshlaridan biri.
Putin NATOning sharqqa kengaymasligi, Ukrainaning betarafligi, rusiyzabon aholi huquqlarini himoya qilish va Ukrainaning anneksiya qilingan beshta hududi Rossiya tarkibiga kirishini tan olish bo‘yicha yuridik majburiyatlarni talab qilmoqda. Shu bilan birga, u Ukraina xavfsizligi kafolatlarini muhokama qilishga tayyor.
Manbalar, shuningdek, Putin Rossiya jang maydonida ustunlikka ega ekanligini tushunishini va shuning uchun yangi hududlarni egallashga intilishi mumkinligini ta’kidladi. «Ishtaha ovqat mahali keladi», – dedi Reuters suhbatdoshlaridan biri. Yana bir manbaning aytishicha, Moskvaning keyingi harakatlari Ukrainaning kuchiga bog‘liq bo‘ladi – agar Rossiya armiyasi qattiq qarshilikka duch kelsa, hujum to‘xtashi mumkin. Ammo jiddiy qarshilik ko‘rsatilmasa, unda «Dnipro, Sumi va Xarkivga yanada kengroq hujum bo‘lishi mumkin».
Isroil G‘azoda har kuni «bir sinf bolalarni» o‘ldirmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi G‘azodagi direktori Sem Rouz Isroil 2023 yilning 7 oktyabridan beri G‘azoda har kuni bittadan «bolalar sinfini» o‘ldirayotganini aytdi.
Rouz chop etilgan yozma bayonotida Isroil hujumlari natijasida bolalarning o‘lim ko‘lamiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil armiyasi G‘azo sektoriga hujum qilganidan beri «har kuni kamida bir sinf bolalar halok bo‘lmoqda».
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi bolalar Isroil bombardimonidan qutulib qolgan taqdirda ham, ko‘chirilish, oila a’zolarini yo‘qotish, ocharchilik va boshqa fojiali sharoitlarda yashash uchun kurashishga majbur bo‘ladi.
G‘azodagi hukumatning matbuot ofisi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 21 oy ichida Isroil hujumlari oqibatida 58 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan, ularning 18 mingdan ortig‘i bolalar edi.
Bundan tashqari, Isroilning G‘azodagi hujumlari natijasida 4700 kishida amputatsiya amalga oshirilgan, ularning 18 foizi bolalardir. Shuningdek, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 42 ming bola onasi, otasi yoki ota-onasidan ayrilgan, 70 ming bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Istanbul sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li ozodlikdan mahrum etildi
Turkiyaning Istanbul shahri sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li o‘z vazifasini bajarish chog‘ida mansabdor shaxsni omma oldida haqorat va tahdid qilganlikda aybdor deb topilib, 1 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Jinoiy ishga Imomo‘g‘lining 2025 yil yanvarida Istanbul bosh prokurori Oqin Gurlek sha’niga aytgan bayonotlari sabab bo‘lgan. Aynan qanday bayonotlar haqida gap ketayotgani ma’lum emas.
Sud jarayoni Istanbuldagi Og‘ir jinoiy ishlar bo‘yicha sud zalida o‘tishi kerak edi, ammo zalning «yetarli darajada katta bo‘lmagani» sababli Silivri shahridagi Marmara jazoni ijro etish yopiq muassasasida bo‘lib o‘tdi.
Prokuratura Imomo‘g‘li uchun 2 yil 8 oydan 7 yil-u 4 oygacha qamoq jazosini so‘ragan edi. Ayblov tomoni shuningdek, muayyan huquqlardan mahrum qilishni nazarda tutuvchi 53-moddani qo‘llashni so‘radi (ya’ni, «siyosiy taqiq»). CNN Turk nashrining yozishicha, hukmda sobiq merning siyosiy faoliyatiga hech qanday cheklov qo‘yilmadi. Qayd qilinishicha, sudda Imomo‘g‘li ayblovlarni rad etib, jinoiy ish siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini aytgan.
2025 yil mart oyida muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi vakili, Istanbul shahri meri Akrom Imomo‘g‘li korrupsiya va terrorchi tashkilotlarga aloqadorlik bo‘yicha tergov doirasida Istanbulda hibsga olingan edi. Turkiyada Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
Bu partiya qurultoyi arafasida yuz berdi, unda Imomo‘g‘li navbatdagi prezidentlik saylovida nomzod sifatida ko‘rsatilishi kerak edi. Turkiyalik siyosatshunoslar Istanbul merini amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi deb hisoblaydi.
Ukrainaga Patriot'lar kelishni boshladi
AQSh Prezidenti Donald Tramp Germaniya tomonidan Kiyevga Patriot zenit-raketa komplekslari yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.
«Raketalar allaqachon yetib kela boshladi. Ular Germaniyadan yuborilmoqda, ularning o‘rnini yangilari egallaydi. Har qanday holatda ham AQSh to‘liq to‘lovni oladi», — dedi Oq uy rahbari Pensilvaniyada o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
Trampning aniqlik kiritishicha, yetkazib berishlar NATO ko‘magida imzolangan bitim doirasida amalga oshirilmoqda. Uning aytishicha, to‘lovlar NATO tuzilmalari orqali yoki Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan bevosita amalga oshiriladi.
AQSh prezidenti 14 iyul kuni Rossiya 50 kun ichida Ukraina bilan kelishuvga erishmasa, boj stavkalari 100 foizga oshirilishini e’lon qilgandi. Shuningdek, Tramp NATO yetakchisi bilan uchrashuvda Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy texnika taqdim etilishini ma’lum qilgan: Vashington «eng yuqori sifatli qurollarni ishlab chiqarish» va ularni NATOga yuborishni rejalashtirmoqda, keyin esa alyans ularni «kerakli joy»ga yuboradi.
Mavzuga oid

12:54 / 16.07.2025
Rossiyani qo‘llashga tayyor Xitoy, Isroilga chora ko‘rmoqchi bo‘layotgan Yevroittifoq va FETOʻchilar ta’qibini davom ettirayotgan Turkiya – kun dayjesti

15:00 / 15.07.2025
Putindan jahli chiqqan Tramp, ikkiyuzlamachilik davri tugashi kerakligini aytgan BMT vakili va yana Suriyaga zarba bergan Isroil – kun dayjesti

14:41 / 14.07.2025
Turkiyaning ambitsiyalaridan qo‘rqayotgan Isroil, Ukrainaga berilayotgan Patriot va Rossiyani qo‘llashga tayyor KXDR – kun dayjesti

13:30 / 12.07.2025