Iqtisodiyot | 19:00 / 17.07.2025
2783
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27 foizga ko‘paydi

Birinchi yarim yillikda xorijdan O‘zbekistondagi jismoniy shaxslarga jo‘natilgan pullar hajmi 8,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridan 27 foizga ko‘p. Britaniyadan o‘tkazmalar 2 barobarga, Irlandiyadan o‘tkazmalar 2,8 barobarga, Yevropa Ittifoqidan o‘tkazmalar esa 41 foizga oshdi.

Foto: Getty Images

Markaziy bank xorijdan O‘zbekistondagi jismoniy shaxslar nomiga pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yilning birinchi yarim yilligida chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 mlrd dollarga yoki 27 foizga ko‘payib, 8,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Mablag‘larning 6,4 mlrd dollari yoki 78 foizi Rossiyadan kelib tushgan bo‘lib, qolgan qismi Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva va boshqa mamlakatlar hissaciga to‘g‘ri keladi. Rossiyaning ulushi o‘tgan yilning mos davrida ham deyarli shuncha edi.

Markaziy bankka ko‘ra, 2025 yil yanvar-iyun oylarida pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bir qatorda, milliy valuta kurslarining mustahkamlanishi ham ta’sir qilgan.

“Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasida diversifikatsiya jarayonlari davom etib, bu rivojlangan mamlakatlardan O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishida namoyon bo‘ldi.

Xususan, transfertlar hajmi Buyuk Britaniyadan 2 barobar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga (Irlandiya 2,8 barobar, Litva 79 foiz, Niderlandiya 44 foiz, Polsha 20 foiz) hamda AQShdan 15 foizga oshdi”, – deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, kelib tushgan mablag‘larning 4,3 mlrd dollari (53 foizi) an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2024 yilning mos davriga nisbatan o‘sish 22 foiz), 3,6 mlrd dollari (44 foizi) xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri – P2P o‘tkazmalar orqali (o‘sish 40 foiz) hamda 251 mln dollari (3 foizi) bank o‘tkazmasi – SWIFT orqali (kamayish 22 foiz) amalga oshirilgan.

Olti oy davomida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yil darajasida saqlanib qolib, 1,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Mavzuga oid