Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ukrainaga Tomahawk raketalarini bermoqchi bo‘lgan
Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk qanotli raketalari bilan ta’minlash imkoniyati o‘tgan haftada ko‘rib chiqildi, deb ma’lum qildi WP. Hozircha bunday raketalar Ukrainaga berilmaydi, biroq Tramp Rossiyaga bosimni kuchaytirishga qaror qilsa, fikrini o‘zgartirishi mumkin.

Foto: Scott Howe/ U.S. Defense Department via AP
AQSh prezidenti Donald Tramp uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk qanotli raketalarini Ukrainaga topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqdi, deb xabar berdi The Washington Post (WP) manbaga tayanib. Nashr ma’lum qilishicha, 11 iyul, juma kuni AQSh Eronga zarba berishda foydalanilgan Tomahawk'ni yetkazib berish masalasi muhokama qilingan, biroq bu raketalar Ukraina uchun qurollarning yakuniy ro‘yxatiga kiritilmagan. Ammo, agar Tramp Rossiyaga bosimni kuchaytirishga qaror qilsa, "Tomagavk"lar keyinchalik Ukrainaga o‘tkazilishi mumkin.
Pentagondagi manba, shuningdek, WP nashriga AQSh Ukrainada mavjud bo‘lgan ATACMS raketalari bo‘yicha masofaviy cheklovlarni olib tashlashi mumkinligini aytdi. Bu qadam ukrainalik harbiylarga o‘zlarida mavjud bo‘lgan 18 ta ATACMS raketalaridan to‘liq masofada – 300 kmgacha foydalanish imkonini beradi. Bu Moskva yoki Sankt-Peterburgdagi nishonlarni urish uchun yetarli emas, lekin Rossiya harbiy bazalari va aerodromlariga zarba berish uchun kifoya qiladi. Ukraina harbiylari Tomahawk raketalari bilan Moskva va Sankt-Peterburgga zarba berishi mumkin edi.
WP'ning ta’kidlashicha, Donald Tramp o‘tgan hafta suhbat chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan nega Moskvaga zarba bermasligini so‘ragan. «Agar bizga qurol bersangiz, buni qila olamiz», deb javob berdi Zelenskiy. Shundan so‘ng Oq uy rahbari Ukraina nafaqat Moskva, balki Sankt-Peterburgga ham zarba berib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirishi kerakligini ta’kidladi.
14 iyul kuni Tramp AQSh va Yevropa Ittifoqi Kiyevga qurol yetkazib berishga kelishib olgani, uning xarajatlari Yevropa tomonidan qoplanishini ma’lum qildi. Taxminlarga ko‘ra, Ukraina nafaqat qo‘shimcha Patriot havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalarni, balki hujumkor qurollarni ham oladi. Axios manbalarining ma’lum qilishicha, Kiyevga yangi harbiy yordam paketi Rossiyadagi nishonlarga yetib borishga qodir uzoq masofali raketalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Mavzuga oid

19:39
Ukrainada yangi hukumat tarkibi tasdiqlandi

13:40
Germaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga Patriot yuborilganini tasdiqlay olmadi

12:02
YeI komissiyasi Ukrainaga 100 mlrd yevro ajratishni taklif qilmoqda

18:35 / 16.07.2025