Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yoshartiruvchi muolaja” - vaqtinchalik taskin: teri salomatligi aslida nimaga bog‘liq?
Porloq, silliq, tiniq teri insonda ichki ishonchni uyg‘otadi. Shu sabab ham so‘nggi paytlarda yosharish, ajin ketkazish, yuzni silliqlashtirish va “g‘adir-budirlarni yo‘qotish”ga qiziqish tobora ortmoqda. Kosmetologik, tashqi muolajalar ma’lum muddatgacha tanamizning ustki qoplamasini yaxshi saqlab turishi mumkin, ammo uning doimiy porloq va tiniq bo‘lishi uchun birinchi navbatda organizm ichki holatidagi balansni ushlash kerak. Ushbu maqolada terini to‘g‘ri parvarishlashda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida so‘z boradi.

Teri inson tanasidagi eng yirik a’zo hisoblanadi. U organizmni himoya qiluvchi to‘siq, shu bilan birga, haroratni saqlovchi, sezgi uzatuvchi va metabolizmda ishtirok etuvchi murakkab tuzilmadir.
Mazkur organning ustki qatlami (epidermis) har 27–30 kunda to‘liq yangilanadi. Bu tabiiy jarayon sekinlashib yoki buzilib qolmasligi uchun unga to‘g‘ri parvarish zarur. Agar teri yetarlicha tozalanmasa, o‘lik hujayralar yuzada to‘planib, yangilangan hujayralarning chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada teri xira, g‘adir-budir va nosog‘lom tusga kiradi.
Bundan tashqari, epidermis yangilanishi uchun organizm ichki tomondan ham kerakli oziq moddalar bilan ta’minlanishi kerak: A,C, E vitaminlari, omega-3 yog‘ kislotalari va suv miqdori yetarlicha bo‘lishi zarur. Ichki muvozanat normada bo‘lmasa, eng qimmat krem ham terini go‘zallashtirishga yordam bera olmaydi.
Quyida terining sog‘lom, yosh va tiniq bo‘lishi uchun ahamiyat qaratilishi joiz bo‘lgan jihatlarga to‘xtalamiz:
To‘g‘ri ovqatlanish
Ovqatlanish odatlari terining holatiga bevosita ta’sir qiladi. Fast-fud, shakarli mahsulotlar va zararli yog‘lar terida yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi, akne, teshiklar kengayishi va sarg‘ayish kabi muammolarga olib keladi.
A,C, E vitaminlariga boy sabzavot va mevalar, omega-3 yog‘ kislotalari hamda sifatli oqsillar teri hujayralarining yangilanish jarayonini tezlashtiradi. Sabzi, ismaloq, apelsin, tuxum, bodom kabi mahsulotlar esa teriga zarur bo‘lgan antioksidantlar, vitaminlar va minerallarni yetkazib beradi. Ayniqsa:
- A vitamini (sabzi, tuxum sarig‘i, qovoq) terining yangilanishini faollashtiradi;
- C vitamini (apelsin, kivi, bulg‘or qalampiri) kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi;
- E vitamini (bodom, kungaboqar yog‘i) erkin radikallar (tanadagi sog‘lom hujayralarga hujum qiluvchi moddalar)ning zararli ta’siriga qarshi kurashadi;
- Omega-3 yog‘ kislotalari (losos, zig‘ir urug‘i, yong‘oq) terining yumshoq, silliq va elastik bo‘lishiga ko‘maklashadi.
Namlik
Teri hamisha namlikka muhtoj. Ko‘pchilik uni namlantirish deganda turli krem va losyonlarni surtishni tushunadi. Aslida terining to‘liq namlanishi tanadagi suv muvozanatiga bog‘liq.
Organizmda suv yetishmovchiligi birinchi navbatda kapillyarlarning faoliyatini susaytiradi. Buning oqibatida teri hujayralari to‘liq oziqlanmaydi. Ushbu holat epidermis qurishi, zaiflashishi va ajinlarning erta paydo bo‘lishiga olib keladi: teri quruqlashadi, qizaradi va elastikligini yo‘qotadi.
Shu sabab har kuni kamida 6–8 stakan, ya’ni 1,5–2 litr suv ichish terining sog‘lom bo‘lishi uchun muhim sanaladi. Biroq mazkur miqdorga choy, qahva yoki gazli ichimliklar iste’moli kirmaydi. Bunday ichimliklar tanadagi suyuqlikni kamaytirishi ham mumkin. Havo harorati yuqori bo‘lgan kunlar yoki sport bilan shug‘ullanganda kunlik suv iste’moli miqdorini oshirish tavsiya etiladi.
Quyosh nuridan himoya
Quyosh nuri D vitamini manbai bo‘lsa-da, uning ultrabinafsha nurlari teri qarish jarayonini 80 foizga tezlashtiradi. Kuchli quyosh nurlari “fotosariqlik”, pigment dog‘lari, ajinlar va hatto teri saratonini ham yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois,
- Har kuni (hatto bulutli havoda ham) SPF 30+ dan foydalanish;
- Quyosh nurlari kuchli bo‘ladigan vaqt – 11:00–16:00 oralig‘ida soyada yurish;
- Qalin ko‘zoynak, shlyapa yoki soyabon kabi teri himoyachilaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Uyqu
Tibbiy tadqiqotlarga ko‘ra, inson tanasining eng faol tiklanish jarayoni soat 23:00 dan 03:00 gacha sodir bo‘ladi. Bu vaqt "regeneratsiya oynasi" deb nomlanadi. Aynan shu oraliqda melatonin gormoni ko‘p ajraladi: u teri hujayralarining yangilanishiga yordam beradi, erkin radikallar ta’sirini kamaytiradi va qarish jarayonini sekinlashtiradi. Agar siz bu oraliqda uxlamasangiz yoki uyqu sifati yomon bo‘lsa, terining tabiiy yangilanish mexanizmi izdan chiqadi.
Tungi uyquning yetishmasligi birinchi navbatda yuzda namoyon bo‘ladi: ko‘z ostida qora halqalar, xira rangdagi teri, sarg‘ayish va erta ajinlar paydo bo‘la boshlaydi. Organizm to‘liq tiklanishga ulgurmagani sababli qon aylanishi sekinlashadi, natijada teri hujayralari yetarli kislorod va oziqa moddalarini ololmaydi. Bu esa terining jonsiz, rangsiz ko‘rinishiga sabab bo‘ladi.
Kundalik hayotimizda shunchaki 20–30 daqiqa toza havoda sayr qilish ham salomatlik va go‘zallik uchun katta foyda beradi. Qonning yaxshi aylanishi teri hujayralarini kislorod bilan ta’minlaydi, bu esa ularning sog‘lom va yorqin bo‘lishiga xizmat qiladi. Agar mazkur oddiy odatni sifatli uyqu bilan birlashtirsangiz, kosmetik vositalarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada kamayadi.
Stressni boshqarish
Stressli holatlarda organizm kortizol deb nomlanuvchi gormonni haddan tashqari ko‘p ishlab chiqaradi. Bu gormon aslida xavfga javoban tana resurslarini safarbar etish uchun kerak. Uning miqdori doimiy ravishda yuqori bo‘lsa, teri muammolarini keltirib chiqaradi.
Kortizol yog‘ bezlarini faollashtiradi, ushbu jarayon terining haddan ziyod ko‘p yog‘lanishi va akne (yuzdagi toshmalar) ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, mazkur modda terining elastikligi uchun zarur bo‘lgan kollagen ishlab chiqarilishini ham sekinlashtiradi. Natijada, teriga erta ajin tushadi, rang xiralashadi, yallig‘lanishlar kuchayadi.
Ruhiy bosim ham ko‘pincha yuzda aks etadi. Doimiy siqilish, xavotir va ruhiy charchoq mimik mushaklarning taranglashuviga olib keladi. Mazkur holat peshona, qosh oralig‘i, og‘iz atrofida erta ajinlarni paydo qiladi.
Stressni kamaytirish orqali teriga ham, ichki holatga ham sog‘lom muvozanatni qaytarish mumkin. Nafas olish mashqlari, yoga, meditatsiya, yurish, musiqa tinglash yoki kuniga bir necha daqiqa o‘zingiz bilan yolg‘iz qolish kortizol darajasini tushiradi. Shuningdek, psixogigiyena qoidalariga amal qilish, ya’ni ekran oldidagi vaqtni cheklash, ijtimoiy tarmoqlardan tanaffus olish va sifatli uyqu ham ruh, ham teri uchun kuchli davodir.
To‘g‘ri parvarish
Terining o‘z tabiati, ehtiyoji va muvozanati bor. Parvarishning birinchi va eng asosiy bosqichi — teri turini aniqlash: u quruqmi, yog‘limi yoki aralashmi? Shu savolga javob topmasdan turib, yuzingizga har xil mahsulotlarni surtish salbiy ta’sirlarni kuchaytirishi mumkin.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, teriga mos bo‘lmagan vositalarni doimiy ishlatish uning tabiiy muvozanatini buzadi: peshona yog‘li, yonoqlar quruq, burun esa toshmalar toshgan holatga tushib qolishi mumkin, Shuning uchun yuzlab vosita ishlatish emas, terining ehtiyojlariga mos protseduralarni tanlab, muntazam parvarishlash kerak. Universal mahsulotlar hamisha ham foyda keltirmaydi – har bir vosita teri turiga mos bo‘lishi shart.
Sog‘lom va chiroyli teri faqat krem, niqob yoki kosmetologik muolajalarga bog‘liq emas, u sizning har kungi odatlaringiz: yeyayotgan ovqatingiz, uxlayotgan vaqtingiz, ichayotgan suvingiz, yengayotgan stressingiz va o‘zingizga bo‘lgan mehringiz aksi hisoblanadi. Shunday ekan, go‘zallik yo‘lida ko‘p emas - mos, qimmat emas - kerakli vositalarni tanlang. Zero, teri parvarishida minimalizmdan foydalanish mustahkam natijaga eltuvchi, eng boy strategiyadir.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi
Mavzuga oid

21:57 / 17.07.2025
Odamlar eng tez va sekin qariydigan mamlakatlar aniqlandi

17:08 / 10.07.2025
Soch to‘kilishi, ko‘z osti qorayishi, lab yorilishi: tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?

15:12 / 08.07.2025
Xorijdan qaytgan fuqarolar OIV infeksiyasiga majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi

19:02 / 01.07.2025