Jahon | 21:55 / 18.07.2025
1292
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik sobiq diplomat xotinini qiynoqqa solgani uchun 6 yilga qamaldi

Saken Mamash asossiz rashk tufayli xotini Karinaga nisbatan muntazam jismoniy zo‘ravonlik ishlatgani, uning boshqalar bilan muloqotini cheklagani, har bir harakatini nazorat qilgani sudda isbotlandi.

Qozog‘istonning Ostona shahri sudi xotinini qiynoqqa solishda ayblangan sobiq diplomat Saken Mamashga hukm chiqardi, deb xabar berdi Tengrinews.

Erkak 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi, u jazoni o‘rta xavfsizlikdagi muassasada o‘taydi. Sud, shuningdek, Mamashni birinchi darajali maslahatchi diplomatik unvonidan mahrum etishga qaror qildi.

Mamash hukm qilingan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 110-moddasi («Qiynoqqa solish») ikkinchi qismida 4 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan edi.

Hukmdan ma’lum bo‘lishicha, mahkum 2019-2024 yillar oralig‘ida asossiz rashk tufayli muntazam ravishda Ostonada, keyinchalik esa Abu-Dabida xotini Karinaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatgan, tanasining turli qismlari va boshiga musht tushirgan. Shuningdek, xotinining qarindoshlari va dugonalari bilan muloqotini cheklab, uning harakatlarini, qo‘ng‘iroqlarini va yozishmalarini nazorat qilgan. Mamashning aybi jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspert xulosalari, videoyozuvlar, skrinshot va ishning boshqa materiallari bilan isbotlangan.

«Mayli, his qilsin, balki tushunib yetar. U bungacha faqat kulardi. Adolat qaror topdi. Meni qo‘llab-quvvatlagan barcha qizlarga, menga murojaat qilgan har bir insonga, barcha ommaviy axborot vositalariga minnatdorchilik bildiraman. Hammasini ko‘ryapman, hammasini o‘qiyapman. Men o‘z sahifamga kam narsa joylaganman. Yana bir bor katta rahmat aytmoqchiman. Qizlar bilishini istayman - sevgan joyda urmaydilar. Mamlakatda bunday inqiroz markazlari va chin dildan ishlaydigan odamlar bo‘lsa, hech qanday ilojsiz vaziyatlar yo‘q. Adolat har doim g‘alaba qozonadi», deb hukmni izohladi Sakenning endi sobiq turmush o‘rtog‘i Karina Mamash.

U eri tomonidan muntazam zo‘ravonlikka uchrashi haqida o‘tgan yilning bahorida ma’lum bo‘lgan edi. Shu vaqtda Saken Mamash Qozog‘istonning BAAdagi elchixonasi maslahatchisi lavozimida ishlayotgan edi. Xotinining videomurojaatidan so‘ng, diplomat avval vataniga chaqirib olindi, keyinchalik ustidan jinoiy ish ochildi.

Qozog‘istonda oilaviy zo‘ravonlik mavzusi o‘tgan yili qabul qilingan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun fonida keng muhokama qilinmoqda. Bu qonun oilaviy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirgan. Bundan tashqari, respublikada sobiq vazir Quvondiq Bishimboyevning o‘z fuqarolik turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirgani va buning uchun 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgani ham keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.

Mavzuga oid