Jahon | 22:12 / 19.07.2025
2761
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon AZAL samolyoti halokati bo‘yicha Rossiyaga qarshi xalqaro da’vo tayyorlamoqda

Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyevning aytishicha, Ozarboyjon 7 oy davomida Rossiya tomonidan halokat sabablari bo‘yicha birorta ham aniq javob olmagan.

Foto: Getty images

Ozarboyjon Azerbaijan Airlines samolyoti halokati bo‘yicha Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga murojaat qilish uchun hujjatlarni tayyorlamoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev ma’lum qildi, deb yozdi Minval.

«Prezident AZAL samolyoti atrofidagi voqea bilan bog‘liq vaziyat kundek ravshan ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon 7 oy davomida Rossiya tomonidan birorta ham aniq javob olmagan. Ozarboyjon bosh prokurori Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbariga so‘rovlar yo‘llamoqda, biroq unga faqat «tergov davom etmoqda» degan javob kelmoqda», deyiladi xabarda.

Aliyevning ta’kidlashicha, Rossiyaning pozitsiyasi samarasiz. Uning eslatishicha, 2014 yilda Donbassdagi Malayziya samolyoti halokati bo‘yicha tergov 10 yildan ortiq davom etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon ham qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha kutishga tayyor.

AZAL aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan Embraer E190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahrida halokatga uchradi. Samolyot Ukraina dronlarining Kavkaz hududlariga hujumi paytida Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonga parvoz qilganidan keyin qulab tushdi. Halokat oqibatida 38 kishi qurbon bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.

Ozarboyjon hukumati norasmiy ravishda samolyot Rossiyaning havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirilganini ta’kidlab kelmoqda. Rossiya tomoni tergov yakuniga yetmagani bois, xulosaga shoshilmaslik kerakligini aytmoqda. Tergov natijalari 2025 yil oxirigacha e’lon qilinishi qayd etilgan.

Azerbaijan Airlines samolyotining qulashi va Rossiyaning sodir bo‘lgan voqea uchun aybini tan olmasligi Moskva va Boku o‘rtasida diplomatik janjal va sovuqlikka olib kelgan.

Mavzuga oid