Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilhom Aliyev Ukrainani hech qanaqasiga «okkupatsiyaga rozi bo‘lmaslik»ka chaqirdi

Foto: president.az
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Shushadagi mediaforumda qilgan chiqishi chog‘ida Ukraina va ukrain xalqini «hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmaslik»ka chaqirdi.
Jurnalistlardan biri Ilhom Aliyevdan o‘ttiz yillik kurashdan so‘ng hududiy yaxlitligini tiklay olgan davlat rahbari sifatida ukrainlarga qanday maslahat berishi mumkinligini so‘ragan.
«Bir necha yil oldin o‘tkazilgan tadbirlardan birida Ukraina vakilining shunga o‘xshash savoliga javob berish imkoniyatiga ega bo‘lganman. O‘shanda ham hozir aytadigan gapimni aytgandim. Va mening javobim Ukraina va ukrain xalqining intilishlariga mos keladi, deb hisoblayman. Hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmang. Bu asosiy maslahat. Biz aynan shunday yo‘l tutdik», – dedi Aliyev.
Aliyev Ukraina va Qorabog‘ mojarolarini taqqoslab, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini amalga oshirishda oldinga siljish bo‘lmaganiga qaramay, Ozarboyjon mintaqa ustidan nazoratni mustaqil ravishda tiklaganini ta’kidladi.
U avvaliga mamlakat o‘ta og‘ir iqtisodiy vaziyatda qolgani, qochqinlar ko‘p bo‘lgani va xalqaro yordam berilmaganini eslagan.
«Sekin-asta o‘rnimizdan turib, jonlanib, faqat bir narsani o‘ylay boshladik. Ishonchim komilki, fuqarolarimizning aksariyat ko‘pchiligi men aytgan fikrlarga qo‘shiladi. Ular ham bosib olingan hududlarimizni qaytarib olishni o‘ylashardi. Qiyin bo‘lishini bilardik», – dedi u.
Shundan keyin mamlakat o‘z hududlarini qaytarishga kirishgan. Ammo uning aytishicha, masalaga diplomatik yechim topish uchun tuzilgan YeXHT Minsk guruhi amalda Armanistonni qo‘llab-quvvatlagan va status-kvoni saqlash uchun barcha choralarni ko‘rgan. Ozarboyjon esa «vaqtni cho‘zishga urinishlar»ga toqat qilmay, 2020 yil mustaqil qaror qabul qilgan.
«Bizning xalqaro huquq, BMT Xavfsizlik Kengashi Armaniston kuchlarini olib chiqib ketishni talab qiladigan to‘rtta rezolyutsiya qabul qilgani haqidagi barcha dalillarimiz – bularning barchasi haqiqatga ko‘nikish haqidagi takabbur pand-nasihat devoriga urilib ketdi. Biz yangi haqiqatlar yaratamiz va siz bunga ko‘nikishga majbur bo‘lasiz, deb qaror qildik. Shunday ham bo‘ldi, biz 2020 yilda yangi realliklarni yaratishni boshladik. Ular bunga ko‘nishga majbur bo‘ldi, keyin esa 2023 yil sentabrda amaliyot o‘tkazib, masalani bir kunda hal qildik», – degan u.
U o‘z javobi yakunida «hech qachon taslim bo‘lmaslik va hududiy yaxlitlikning buzilishini qabul qilmaslik» kerakligini yana bir bor ta’kidlagan.
«Jamiyatning birdamligi menga prezident va bosh qo‘mondon sifatida kuch berdi. Men xalqning qo‘lloviga ishondim. Katta ehtimol bilan, bu – hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shunday qilib, yana takrorlayman: hech qachon taslim bo‘lmang», – degan Ozarboyjon rahbari.
AZAL samolyoti halokati bo‘yicha
Aliyev shu tadbirda Ozarboyjonning Rossiyaga qarshi xalqaro da’vosi tafsilotlarini ham oshkor qildi.
«Bizga hammasi ma’lum: nimalar ro‘y berganini bilamiz va isbot qila olamiz. Rossiya rasmiylari ham buni biladi. Savol tug‘iladi: nega ular o‘sha paytda qo‘shni sifatida qilinadigan ishni qilmadi? Bunday munosabat sermahsul aloqalarga zid deb hisoblayman. Biz buni shundayligicha qoldirmaymiz. Rossiya tomonini xalqaro sudlarga murojaat qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganimiz haqida xabardor qilganmiz», – dedi u.
U ozarboyjonlik tergovchilar halokat joyiga borib, samolyot korpusidagi shikastlanishlarni o‘rganishganini aytib o‘tgan.
«Fyuzelyaj ilma-teshik bo‘lib ketgan, salonda ikki kishi shrapneldan jarohat olgan. Shu bois, go‘yo ukrain droni samolyotga to‘qnash kelgan, degan taxmin mutlaqo kulgili. Samolyotga ikki marta hujum qilingan. Tasavvur qiling: ukrain droni kelib, Ozarboyjon samolyotini topib uradi, tushadi, keyin yana hujum qiladi! Bu bolalarga aytiladigan ertak», – deya ta’kidladi Aliyev.
U Checheniston osmonidagi parvozlar faqat shu mash’um hodisadan keyin to‘xtatilganini aytib o‘tgan.
Aliyev xalqaro sud ishni ko‘rib chiqishiga vaqt kerak bo‘lishini tan oldi, lekin mamlakat «adolat tiklanishi uchun qancha kerak bo‘lsa, shuncha kutadi».
«Afsuski, bu vaziyat Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yordam bermayapti», – dedi prezident.
Mavzuga oid

20:47 / 20.07.2025
Ukraina Rossiyaga muzokaralarning yangi raundini o‘tkazishni taklif qildi

19:17 / 20.07.2025
Germaniya kansleri: «Biz tinchligimizga jiddiy tahdidni ko‘rmoqdamiz - va bu Rossiya»

16:34 / 20.07.2025
Ukrain dronlari hujumi sabab Moskva osmoni to‘liq yopildi

23:10 / 19.07.2025