Jahon | 14:40 / 21.07.2025
2606
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari ishida - pora bo‘yicha yana 2 ta epizod

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Pavel Popov firibgarlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘li bilan mablag‘larni o‘zlashtirishda ayblanmoqda. Ikkita yangi epizod katta miqyosdagi pora bilan bog‘liq.

Foto: Sergey Bulkin/ TASS

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Pavel Popovga nisbatan ikkita o‘ta yirik miqdorda pora olish bo‘yicha ikkita ish qo‘zg‘atdi, deb xabar bermoqda rus tilidagi ommaviy axborot vositalari, xususan, TASS agentligi va «Kommersant» gazetasi 20 iyul, yakshanba kuni manbalarga tayanib.

Huquq-tartibot idoralaridagi manbaning TASSga aytishicha, generalga sog‘lig‘i tufayli hozircha ayblov e’lon qilinmagan: Popov kasalxonada.

Nashrlarga ko‘ra, birinchi epizod Mudofaa vazirligi binosida ta’mirlash ishlarini olib borgan pudratchilardan biri vazirlik boshlig‘i o‘rinbosariga 2014 yildan 2024 yilgacha Moskva markazidan bepul yashash uchun kvartira bergani bilan bog‘liq. Ikkinchi holat, TASS manbasiga ko‘ra, xuddi shu tashkilot generalga Lexus LX 570 avtomobilini taqdim etgani sababli ochilgan. «Tergov natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulk va avtomobil ijarasi bo‘yicha ushbu xizmatlarning umumiy qiymati qariyb 34 million rublni tashkil etgan», — deya agentlik o‘z manbasidan iqtibos keltirmoqda.

Popovning advokati Denis Sagach TASS agentligiga bergan intervyusida mijoziga nisbatan yangi ishlar ochilganini tasdiqladi.

Mavzuga oid